O‘zingda bor narsalarning, ayniqsa, oilaning qadriga yetmaslik yakunda tuzatib bo‘lmas xatolarni keltirib chiqaradi. “Hayotiy hikoyalar”ning bu galgi qahramoni ham vaqtida turmush o‘rtog‘ining, oilasining qadriga yetmaganlardan. Noshukurlik ortidan o‘z baxtini o‘zi barbod qilib, boshi devorga tekkanda ko‘zi ochilgan ayol. Quyida uning hikoyasini tinglaymiz.
“O‘sha vaqtlarda o‘zimni ancha baxtsiz his etardim. Lekin endi o‘ylab qarasam, mendan baxtli odam bo‘lmagan ekan. Tog‘dek suyanchig‘im – erim, bag‘rimni to‘ldirgan uch o‘g‘lim bor edi”, deya entikib qo‘ydi ayol.
“To‘qqiz farzandning kattasiga kelin bo‘lganman. Qaynonam meni yaxshi ko‘rib kelin qilgan. Ularning yaxshi muomalasi, soddaligi onamga ham yoqib qolgan. Men esa usta yigitga turmushga chiqishni istamasdim. Ha, kuyov bo‘lmish usta edi.
O‘zimning chiroyimga oshiq bo‘lib, faqatgina shahzodalarga munosibman, deb o‘ylardim. Qarshiligimga qaramay to‘y bo‘ldi. Lekin erimni hech sevolmadim. Yaxshi gaplari ham, erkalatmoqchi bo‘lishi ham yoqmasdi. Jyerkib tashlardim. Erim esa buni nozga yo‘yib, ko‘nglimni olishga ko‘proq harakat qilardi.
Birinchi kelin bo‘lganim uchun qaynota-qaynonam meni avaylashardi. Ovqatlarim o‘xshamasa ham qaynotam “Dasturxonga keltirilgan ovqat zirillab turadi, meni hech kim yomonlamasmikan, deb. Hechqisi yo‘q, bir kun unday, bir kun bunday”, deb yeyaverardi.
Ulardan qo‘rqibmi, hech kim ovqatdan yuzini burmasdi. Qaynsingillarim ortimdan qolmas, uy supursam pollarini artar, hovli supursam suv sepib berishardi. Lekin men o‘shanda bularni tabiiy qabul qilardim. Qiladi-da, shu uyda yashaganidan keyin, deb o‘ylardim.
Shukur, yaxshi odamlarga kelin bo‘libman, degan o‘y xayolimga ham kelmasdi. Birinchi o‘g‘limni dunyoga keltirganimdan so‘ng erimni umuman yomon ko‘rib qoldim. Uni o‘zimga yaqinlashtirish u yoqda tursin, yuziga qaragim kelmasdi.
Erimga e’tibor bermay qo‘yganim sari menga ko‘proq e’tibor berar, o‘zingni tiklab ol, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, derdi.
Ishdan kelganidan so‘ng kitob o‘qiydigan odati bor edi. Hatto shu ham asabimga tegardi. O‘zing-ku bir usta bo‘lsang, kitob o‘qiganingga o‘laymi, derdim ichimda.
Vaqt o‘tgani sari erim mehr, e’tibor ko‘rsatishdan charchadi. Ichib keladigan odat chiqardi. Birinchi marta ichib kelgan kuni mening aybim nima, mendan nima istaysan, deb janjal qildi. Javobimni bering, ketaman dedim. Bor katta ko‘cha, ketsang ketaver, degan javobni oldim.
Qaynonam hayhaylab o‘rtaga tushdi. Lekin meni olib qololmadi. Onamnikida bir hafta o‘tirdim. Rostini aytsam qiynalib ketdim. Bir tomondan onamning shunday odamlarni bilmasang ko‘zing ko‘r bo‘ladi, deya nasihat qilaverishi, yana bir tomondan bolamning injiq bo‘lib qolgani ezib yubordi.
Qaynonam keldi. Yana bir kun kelishmaganda onam o‘zlari olib borib qo‘yardi. Erimnikida bolam qaynsingillarimdan ortmaydi. Qiladigan ishim ovqat qilib yotish edi. O‘zim ham qiynalib ketganim uchun ortga qaytdim.
Erim menga nima bo‘layotganini, istasam doktorga ko‘rsatishini aytdi. Balki, yotib davolanarsan, asablaring charchagandir bola bilan, dedi. Bechora, men sizga jinnimasman, degan javobni oldi. Halol ishlasam, katta-katta pul topsam, senga nimam yoqmaydi, dedi erim.
Ko‘ziga qarab jiddiy gaplashib olmoqchiligini bildim. Lekin hozir onamnikiga ham qaytolmasdim. O‘zim qiynalishimni sezib turardim. Indamadim. Shu tarzda kunlar o‘tdi. Farzandlarimiz uch nafar bo‘lganida bizni alohida uy-joy qilib chiqarishdi.
Endi o‘zimga xon, o‘zimga bek edim. Farzandlarimning barchasi o‘g‘il bo‘lsa ham idishlarni o‘zlari yuvib, o‘zlari joylar, ovqat solar, sigir sog‘ar, hatto xamir ham qilardi. Nega shunday bolalarimning qadriga yetmagan ekanman-a? Hozir o‘ylab vijdonim qiynaladi.
Erim ham asta-sekin mendan soviy boshladi. Ichib kelishlari ko‘paydi, so‘kinadigan bo‘ldi. Birinchi marta qo‘l ko‘targanda uyimga ketdim. Bolalarim ham ko‘zimga ko‘rinmadi. Ortiq yashamayman, dedim. Bu safar qaynonam ham yarashtirolmadi. Unga ham ancha-muncha achchiq gapirib qo‘ydim.
O‘g‘lingizni boshqaga uylantiring, kelib to‘ylarida xizmat qilaman, dedim. Javobimni olgach nimamnidir yo‘qotgandek bo‘shashib ketdim. Lekin men endi erkinman, dedim o‘zimga o‘zim. Qafasdan ozod qilingan qush qayoqqa uchishni bilmay qolgandek ahvolga tushdim deb o‘yladim.
Onamnikiga ham ko‘p sig‘madim. Ukam uylangan, farzandlari ham esini tanib qolgandi. Tanish-bilish qilib shifoxonaga farrosh bo‘lib ishga o‘tdim. Ishga borib kelar, qolgan vaqt bozorga qatiqli osh qilib sotib kela boshladim. Shuncha mehnat qilsam ham erim qo‘limga beradigan mablag‘chalik bo‘lmasdi.
Uyga narsalarimni olib kelish bahonasida bordim. Erim meni ko‘rib yarashishga harakat qiladi, deb o‘ylagandim. Lekin adashgan ekanman. Yuzimga ham qaramadi. Bolalarim bag‘rimga otildi. Kichkinam olib keting deb turib oldi. Kattalari boshini egib jimgina qoldi.
Biroz vaqt men bilan bozorga chiqqan bolam kasal bo‘lib qoldi. Qiynalib ketdi. Keyin uyga tashlab kelishga majbur bo‘ldim. Vaqt o‘tdi, erimni uylantirishganini eshitganimda ko‘zimga dunyo qorong‘i bo‘lib ketdi. Endi chindan ham barcha narsamdan ayrilgandim. Borib janjal qilib eshik derazalarni sindirib, u ayolni urib keldim.
Baribir alamimdan chiqmadim. Sen yaxshi ayol bo‘lsang, uchta bolali erkakka erga tegasanmi, deb haqorat qilmagan so‘zim qolmadi. “Siz tashlab ketibsiz-ku shunday bolalarni ko‘zingiz qiyib. Men o‘n olti yil tirnoqqa zor bo‘lganman. Ko‘zimga surib qarayman ularga”, dedi-yu yig‘lab yubordi.
Ajrim uchun sudda 6 oy muhlat berishgandi. Shu vaqt mobaynida erimni yana bir necha marotaba arizamga ko‘ra sudga chaqirishdi. Ajrashmay uylanib olgani uchun qonun men tomonda edi. Ko‘p ovoragarchiliklar bo‘ldi. Baribir ajrashdik.
Sudning qaroriga ko‘ra menga erimning hovlisidan bir xona ajratib berishadigan bo‘lishdi. Bir muddat qasdma-qasdiga kundoshim bilan o‘sha hovlida yashadim. Bolalarimning ust-boshini yaraqlatib qo‘yar, maktabida ota-onalar majlisiga borardi. Shu vaqtgacha biror marta ota-onalar majlisiga bormagandim.
Erimning osh-ovqati, usti-boshi joyida, ichib kelmaydigan bo‘lgan. Har kuni ish kiyimlari yuvilib, ertalab ishda kiyishga toza ust-bosh beradi. Erim usta bo‘lgani uchun ishga alohida kiyim olib ketardi. Haftada bir ham yuvmasdim ijirg‘anib. Bu ayolning harakatlarini ko‘rganim sari o‘zimning ayblarim ko‘zimga ko‘rinar, o‘zimdanmi undanmi bilmayman, jahlim chiqaverardi.
Shirinliklarni qulflab qo‘yardim. Bolalarim yaxshi ko‘rgani uchun topib olib yashirincha yerdi. Keyin mendan qarg‘ish eshitib, kaltak yeb, yegani ham zahar bo‘lardi. Bu ayol esa mening aksim edi.
Borgan sari bolalarim unga bog‘lanib borayotganini ko‘rish azob edi. Erim toza kiyimlar kiyib, kundan kunga ochilib borayotgandek ko‘rinardi ko‘zimga. Nega shu vaqtgacha erimni, bolalarimni qo‘g‘irchoqdek qilib qo‘ymagan ekanman? Nega ularga yaxshi qaramadim? Ortiq bu azoblarga chidolmasdim.
Ketishga qaror qildim. Bolalarimga men bilan ketishlarini aytdim. Hech qaysisi miq etmadi. Kattalarim ketsangiz o‘zingiz ketavering, bizning uyimiz shu yer, deyishdi. Kichigim ko‘zlari miltillab bir menga, bir kundoshimga qaradi-da, kelib meni quchoqladi. Keyin bag‘rimdan chiqib borib kundoshimning etagidan tutdi.
Shu kunni ko‘rgandan o‘lganim yaxshi edi. Men shuncha yil erimdan, taqdirimdan nafratlanib yashadim. Nafratim sabab bolalarimga ham mehr bermabman. Alam ustida kundoshimga yopishib ketganimni bilmay qoldim. Sen issiq-sovuq qilgansan bolalarimni, deb duch kelgan joyiga ura boshladim. Katta o‘g‘lim kelib meni mahkam ushladi-da, oyi, hurmatingiz bilan keting, iltimos, dedi.
Bo‘larim bo‘ldi, o‘shandagi holatimni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Qanday ko‘chaga otilib chiqqanimni, kelayotgan mashina tagiga o‘zimni otganimni bilmayman. Ko‘zimni ochganimda shifoxonada yotardim. Turishga harakat qildim, lekin oyoqlarim menga bo‘ysunmasdi.
Shifoxonadan chiqqanimda ahvolim yaxshi emasdi. Bolalarim va kundoshim meni uyga olib ketishdi. Bir oy kundoshim meni parvarish qildi. Qarib qolgan onam olib ketolmasdi. Ukam esa rafiqasi oldidan o‘tolmay meni olib ketmadi.
O‘zimga kelib asta-sekin qo‘ltiqtayoqda yura boshladim. Nega menga yaxshilik qilyapsan, deb so‘radim kundoshimdan. “Uyimizga uch bolali erkakdan sovchi borganda bolalar uchun tegishga rozilik berdim. Shunda otam oldilariga o‘tirg‘izib, qizim, agar bolalarga zug‘um qiladigan bo‘lsang, bu qaroringdan qayt. Bunday qilsang men ham gunohkor bo‘laman, dedilar. O‘zim shuncha yil tirnoqqa zor bo‘lib, ularga ozor yetkazishim mumkinmi, hech qachon unday qilmayman, deb so‘z berganman.
Siz shu bolalarni dunyoga keltirgansiz, men ular bilan onalik baxtini his qilyapman, shuning uchun qarayapman sizga”, dedi. Mening erim, mening bolalarim bilan o‘zga ayol ayollik, onalik baxtini his qilsa-yu, nega men shularni his qilmadim? Nega baxtimni qo‘shqo‘llab birovga topshirib qo‘ydim? Jismonan tuzalib borayotgan bo‘lsam-da, kundan kun ruhan sinib, ich-etimni yeb borardim.
Ketdim. O‘z oilamda boshqa bir ayolning baxtli yurishini ortiq tomosha qilolmasdim. Hozir kvartirada yashayapman. O‘z kunimni o‘zim ko‘ryapman. Har hafta bolalarim oziq-ovqat berib ko‘rib ketishadi”.
Charos Mannonova suhbatlashdi.