Benefitsiarlari ofshorda ro‘yxatdan o‘tgan norezidentlar ham O‘zbekistonda bank ochishi mumkin bo‘ladi

Iqtisodiyot 15:51 / 15.04.2023 31393

Amaldagi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, (ofshor zonalar) davlat yoki hududda ro‘yxatdan o‘tgan norezidentlar, ishtirokchilar (aksiyadorlar) va yakuniy benefitsiar egalari bank ta’sischilari va aksiyadorlari bo‘lishi mumkin emas. 

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bu cheklov ofshordagi ayrim toifalar uchun bekor qilinishi mumkin.

“Buning uchun o‘sha ofshor norezidentlar xorijiy davlatlar va xalqaro institutlar tomonidan tan olingan bank egalari bo‘lsa kifoya. Qanaqadir boshqa mezonlar ochilmagan.

Qiziq tarafi, avvalboshda taklif etilgan qonunga o‘zgartirishlar loyihasida faqat ustav kapitali eng kam miqdori oshirilishi bilan bog‘liq masala o‘rin olgandi.

Quyi palatada qishda loyiha birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandayam bank ochishda va aksiyador bo‘lishda ofshorlarga ruxsat berish xaqida so‘z ochilmagan.

Ofshorlarga qonuniy tirqish ochish masalasi tashabbuskori kim bo‘lgani va bu qachon ro‘y bergani aniq emas. Harqalay, Markaziy bank taklif etgan loyihada bu yo‘q edi”, deydi Otabek Bakirov.

Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning Twitter'da yozishicha, ofshorlarga doir band qonun loyihasi birinchi o‘qishdan o‘tkazilayotganida ham bo‘lgan.

“Bu norma hukumatdan kirgan variantda ham, ya’ni 1-o‘qishda ham bor edi. Ofshorda ro‘yxatdan o‘tgan norezidentlarga faqatgina bank aksiyalari xalqaro bozorlarda listed qilingandagina sotib olishga ruxsat beriladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishga emas.

Tushunishimcha, ushbu norma OTP tomonidan Ipotekabankni sotib olinishiga qonundagi zidlikni olib tashlash uchun kiritildi. OTP – “listed” bank va uning aksiyadorlari orasida ofshor rezidentlar ham bor. Amaldagi qonun bo‘yicha ofshor norezidentlarning bilvosita egaligi ham taqiqlangandi”, – dedi deputat.

OTP – Vengriya banki bo‘lib, u O‘zbekistondagi beshinchi yirik bank bo‘lmish Ipotekabankni xususiylashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili may oyida Adliya vazirligi tomonidan “Oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestri to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani xabar qilingandi. Loyihaning keyingi taqdiri borasida ma’lumot yo‘q.

Ofshor o‘zi nima?

Ofshor – kompaniyalarni boshqa davlatlarda tashkil etish orqali mulk egaligini yashirish. Masalan, kimningdir Britaniyada mulki bor, biroq tashkiliy jihatdan unga boshqa davlatda egalik qilishi ofshor hisoblanadi. Odatda bu usul bilan mulkning egasini aniqlash murakkablashadi, soliq to‘lashdan qochiladi. O‘z navbatida, ofshor hududlar investitsiya oqimini ko‘paytirishga erishadi.

Buyuk Britaniya va uning dengizorti hududlari, Kipr va Singapurda ofshor kompaniyalar ko‘p uchraydi. Bu – ushbu davlatlar qonunchiligida kompaniyalarga o‘z egasi shaxsini ochiqlashga oid talablar qat’iy emasligi va korporativ soliqlar past yoki umuman yo‘qligi kabi omillar bilan izohlanadi.

Yashirin ofshor kompaniyaga ega bo‘lish noqonuniy bo‘lmasa ham, maxfiy kompaniyalarning murakkab tarmog‘idan foydalanib pul yuvish (jinoiy daromadlarni legallashtirish)ning yo‘llaridan biri sifatida ko‘riladi.

Ko‘proq yangiliklar: