Janubiy Koreya muxolifati 26 dekabr kuni prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Xan Dok Suga qarshi impichment e’lon qilish haqida parlamentga taklif kiritganini ma’lum qildi. Bunga Konstitutsiyaviy sud tarkibiga oid kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan. Aynan ushbu sud lavozimidan vaqtincha chetlatilgan prezident Yun Sok Yol taqdirini hal qilishi kerak. Bu haqda BBC yozdi.
Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz 3 dekabr kuni Yun Sok Yol tomonidan mamlakatda harbiy holat e’lon qilinganidan keyin boshlandi. Parlament ikkinchi urinishda unga impichment e’lon qilish uchun ovoz berdi, ammo jarayonni yakunlash uchun Konstitutsiyaviy sudning tegishli qarori zarur.
Ishni ko‘rib chiqish 6 oygacha davom etishi mumkin. Agar Konstitutsiyaviy sud prezidentning lavozimidan chetlatilishini tasdiqlasa, mamlakatda muddatidan oldin saylov o‘tkaziladi.
Biroq sudda hozir uch nafar sudya yetishmaydi. Sud olti nafar sudya bilan ishini davom etishi mumkin bo‘lsa-da, Yunni qayta tiklash uchun bitta ovoz kifoya qiladi.
Muxolifat Xandan yana uchta nomzodni ma’qullab, sud tarkibini 9 kishiga yetkazishni talab qilmoqda, ammo u buni rad etyapti. Shu bois muxolifatdagi Demokratik partiya prezident vazifasini bajaruvchiga ham impichment e’lon qilinishi kerakligini aytdi.
«Biz bu haqda taklif kiritdik... va uni bugun yalpi majlisda taqdim etamiz. Ertaga biz uni ovozga qo‘yamiz», dedi deputat Pak Sun Jun jurnalistlarga.
Xanning uch nafar sudyani rasman tayinlashdan bosh tortgani uning «Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlashga na irodasi, na malakasi borligini isbotlaydi», dedi jurnalistlarga Demokratik partiya rahbari Pak Chan De.
Xan, agar hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasi (o‘zi ham uning a’zosi) va muxolifat nomzodlar bo‘yicha murosaga erishgan taqdirdagina sudyalar tayinlanishini ma’qullashini aytdi.
«Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda muhim prezidentlik vakolatlarini amalga oshirishdan, jumladan, konstitutsiyaviy institutlarni tayinlashdan voz kechish izchil tamoyildir. Avvalo Milliy Assambleyadagi hukmron va muxolifat partiyalari o‘rtasida konsensusga erishish kerak», dedi Xan.
Agar parlament 27 dekabr kuni Xanga impichment e’lon qilish taklifini yoqlasa, bu Janubiy Koreyada birinchi marta muvaqqat prezidentga impichment e’lon qilinishi bo‘ladi. Shunda Xan o‘rniga moliya vaziri Chxve San Mok prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ladi.
Impichment to‘g‘risidagi ishda muxolifat Xanni prezident vazifasini bajaruvchi sifatidagi vakolatlarini buzganlikda ayblamoqda. Shuningdek, uning sudyalarni rasman tayinlash va Yunning qisqa muddatli harbiy holat joriy etishi va rafiqasi Kim Kyon Xi bilan bog‘liq korrupsiya ayblovlarini tergov qilish uchun ikkita maxsus qonun loyihasini e’lon qilishdan bosh tortganligi bilan izohlamoqda.
Agar 27 dekabr kuni muxolifat muvaffaqiyatga erishsa, Janubiy Koreya ikki haftadan kamroq vaqt ichida davlat rahbariga ikkinchi marta impichment e’lon qilgan bo‘ladi va bu mamlakatdagi siyosiy vaziyatni yanada beqarorlashtiradi.
Yun, shuningdek, harbiy holat e’lon qilinganligi sababli, umrbod qamoq yoki hatto o‘lim jazosiga olib kelishi mumkin bo‘lgan isyon uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
26 dekabr kuni Yun tergov ishi doirasida uchinchi marta, bu safar 29 dekabr kuni so‘roqqa chaqirildi. 25 dekabr kuni u chaqiruvga e’tibor bermay, birinchi so‘roqqa kelmadi.
Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz dekabr oyi boshida prezident Yun Sok Yol kutilmaganda 1979 yildan beri birinchi marta harbiy holat e’lon qilib, konstitutsiyaviy tuzumni «kommunistik kuchlar» va Shimoliy Koreya tahdidlaridan himoya qilish zarur deb ataganidan so‘ng avj oldi. Harbiy holat barcha siyosiy faoliyatni, jumladan parlament va siyosiy partiyalar faoliyatini taqiqlashni anglatardi.
Harbiy holat e’lon qilinganidan keyin deyarli darhol 190 nafar deputat parlamentga kirib, prezident qarorini bloklashga muvaffaq bo‘ldi. Yun Sok Yol harbiy holat joriy etilganidan olti soat o‘tib uni bekor qilishga majbur bo‘ldi.
Tahlilchilarning taxminiga ko‘ra, hokimiyatdan ag‘darilgan prezident kurashni osonlikcha to‘xtatmaydi.
«Hozir pauza qilishimga to‘g‘ri kelsa-da, xalq bilan kelajak sari bosgan yo‘lim tugamasligi kerak. Men hech qachon taslim bo‘lmayman», dedi Yun Sok Yool 14 dekabr kuni impichment e’lon qilinganidan keyin.
U bir necha bor harbiy holat joriy etishga urinishni noto‘g‘ri harakat deb hisoblamasligini aytgan va fitna ayblovlarini rad etgan. U iste’foga chiqish chaqiriqlariga e’tibor bermadi va muxolifatni «impichmentlarni suiiste’mol qilishda» ayblab, oxirigacha kurashishga va’da berdi.