Qozog‘istonning Turkiston viloyatida jinoiy guruh faoliyati tugatilib, neft mahsulotlari kontrabandasi yo‘lga qo‘yilgan tunnel yo‘q qilindi. Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi tunnel uzunligi 450 metrni tashkil qiladi.
«Ushbu tunnel orqali har kuni 5-7 tonna yoqilg‘i-moylash materiallari yashirincha olib chiqilar edi. Noqonuniy faoliyat ikki oyga yaqin davom etdi», deyiladi prokuratura xabarida.
Bundan tashqari, noqonuniy olib chiqilayotgan yoqilg‘i uchun O‘zbekistondan pul o‘tkazish sxemasi ham aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, barcha gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan, ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.
«Transmilliy jinoiy guruh a’zolari Qozog‘iston hududida ham, O‘zbekiston hududida ham qo‘lga olindi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda», deb xulosa qildi prokuratura.