“Dublyajga yangi ovozlar kerak” - Doktor Hausni o‘zbekcha gapirtirgan Muhammadjon Xo‘jayev bilan intervyu

O‘zbekiston 16:29 / 29.03.2023 26107

 

Muhammadjon Xo‘jayev salkam 20 yildan beri dublyaj aktyori va rejissyori sifatida ijod qilib kelmoqda. Ilk ishlarini multfilmlarga ovoz berishdan boshlagan dublyaj ustasi shu kungacha mingdan ortiq xorijiy film qahramonlarini o‘zbek tilida gapirtirdi. O‘tgan davr ichida o‘z kasbining zavqi va mashaqqatini yaqindan his qildi. U Kun.uz’ga bergan intervyusida o‘zining faoliyati, qolaversa, dublyaj san’ati, uning buguni va kelajagi haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

1984 yilda O‘zbekiston ilmiy ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida ish boshlagan Muhammadjon Xo‘jayev 90-yillarga kelib faoliyatini televideniyeda, keyinroq radioda davom ettiradi. U dublyaj sohasiga kirib kelishini quyidagicha xotirlaydi.

“Ustozim Klara Halilova meni dublyajga olib kirgan. O‘shanda bittagina filmga ovoz berganman, keyin «O‘zbekfilm» dublyaj studiyasi yopildi. Ammo o‘sha bitta film ham taqiqlar sabab namoyish etilmadi. «Sport» kanalida dublyaj bo‘limi ochilgach, u yerga o‘tdim. Asosan multfilmlarga ixtisoslashgan edik. O‘zim tarjimonlik ham qilardim. Farziddin Fayozov, Hoshim Arslonov, Zulxumor Mo‘minova, Dildora Rustamova, Elbek Mirzohidovlar bilan birga ishlaganman. Ular dublyajda shakllanib bo‘lishgandi, men esa keyin kirib kelganman”.

Dublyajda yangi ovozlarni shakllantirishda tajribali dublyaj aktyorlarining o‘rni muhim. Bu borada keyingi yillarda sohada yaxshigina bo‘shliqlar paydo bo‘ldi. Birin-ketin mahoratli dublyaj ustalari orasidagi yo‘qotishlar ham ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

“Ochig‘ini aytish kerak, hozirgi kunda Sanjar Sa’dullayev, Oybarchin Bakirova, Fathulla Ma’sudovlarning o‘rnini bosadigan odam yo‘q. Osmonda bir yulduz so‘nsa, uning o‘rnini boshqasi egallolmaydi. Kelajak avlodga bu sohani o‘rgatib borish kerak, eng dolzarb masalalardan bu. Buning uchun ustoz aktyorlar ovozidagi filmlarni ko‘proq qo‘yib turishimiz kerak. Toki, kelajak avlod shunday darajada ijod qilish mumkin ekan, degan ibrat olishi kerak” deydi u.

Suxbat davomida dublyaj ustasi sohadagi muammoli holatlarga e’tibor qaratdi. Uning fikricha dublyajga ikkinchi darajali ish sifatida yondashilayotgani sifatning tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

“Bir muddat telekanallar aktyorlar bilan faqat shartnoma asosida ishladi. Ya’ni shartnomasi yo‘q aktyorni chaqirmagan, uning ovozi kerak bo‘lsa ham. Bugungi kunga kelib dublyaj jarayonida rejissyor o‘rni pasayib ketgan. Ayrim joylarda umuman rejissyor yo‘q. Ko‘p hollarda uning ishlarini ovoz rejissyori bajaryapti. Agar u maslahatlashib, aktyor ovozini to‘g‘ri tanlasa, yaxshi ish bo‘ladi, lekin bemaslahat joyda qovun tushirib qo‘yilishi mumkin.

Yana bir narsa meni ko‘p o‘ylantiradi. Deylik, bir qo‘shiqchi telekanalda bitta qo‘shiq aytadi bir kunda. Dublyaj aktyori esa soatlab efirda bo‘ladi. Lekin shunga yarasha e’tibor yo‘q. Dublyaj aktyoriga qanaqadir unvon berilibdi, mukofotlanibdi, degan narsani hali eshitmadim. Festivallarda ovozlashtirish bo‘yicha alohida nominatsiyalar qo‘yilishini orzu qilaman. Axir jahon kinosini tanishtiruvchi dublyaj bo‘lsa, undagi rejissyor, tarjimon, aktyorlarni ham e’tirof etish kerak.

Alam qiladigani shuki, Sanjar Sa’dullayevning ovozi kirib bormagan xonadon yo‘q O‘zbekistonda. Lekin afsuski, u e’tirof etilmadi. Armon bilan eslaydi kishi. Ovoz bilan ishtirok etyapti-ku, ovoz hech narsamasmi? Bu yo‘qolib ketadigan kasb emas. O‘z milliyligimizni, tilimizni saqlab turgan narsalardan biri – dublyaj san’ati. Albatta, e’tibor kerak. Bu narsa barchamizdagi alamli orzu”, deydi Muhammadjon Xo‘jayev.

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarida dublyaj aktyorlari alohida o‘qitilmaydi. Muhammadjon Xo‘jayevning fikricha dublyaj san’atini egallash oson emas, o‘ziga xos ovozi bor, iste’dodli bolalar shu yo‘nalishda o‘qitilishi kerak.

“San’at institutida alohida dublyaj uchun kurs tashkil qilaylik, degan taklif bilan chiqdik bir necha marta. Lekin gapligicha qolib ketdi. Bu kasbga qaysi sohadan kirib kelishning farqi yo‘q, agar yuqtirgan bo‘lsa, salohiyat bo‘lsa, olib ketish mumkin. Lekin buning uchun ham o‘qish kerak.

Hozirgi tendensiya piarga o‘xshab qoldi. Dublyajda qaysidir qiziqchi yoki xonandaning mashhurligidan foydanishyapti. Tomoshabin qabul qilaveradi kamchiliklari bilan deb o‘ylashadi. Lekin bir narsani unutib qo‘yishadiki, ustoz dublyajchilarimiz o‘z obrazlarida “o‘lish”gan. Obid Yunusov, Hojiakbar Nurmatov, Oybarchin Bakirova, Farziddin Fayozov, To‘lqin Tojiyev, Yoqub Ahmedovlarni oladigan bo‘lsak, ular obrazda erib yo‘q bo‘lib ketishgan. U yerda o‘z nomlari yo‘q, obraz bor. O‘sha aktyor, qiziqchilar o‘z «men»i bilan dublyajga kirsa, tomoshabin qarg‘ishiga qoladi va shunday bo‘lyapti ham.

Dublyaj aktyori mikrofon qarshisiga o‘tirganda bir vaqtning o‘zida 15-20 ta vazifani bajaradi. O‘zini, gapini nazorat qiladi, ekrandagi aktyorning gaplarini eshitadi, kayfiyatiga qaraydi, partnyorning gaplarini eshitish kerak, muhitni eshitish kerak — eshitishning o‘zida shuncha narsa. Buning uchun keraksiz kasbiy ko‘nikmalardan xoli bo‘lish lozim. Teatr aktyori bundan xoli emas, chunki teatr aktyori so‘z bilan ishlamaydi, u obraz bilan ishlaydi. Dublyaj aktyorining teatri ham, obrazi ham — uning ovozi. Teatrda aktyor bir obraz uchun oylab tayyorlansa, dublyaj aktyori o‘sha zahoti bajaradi”.

Muhammadjon Xo‘jayev kinoteatrlarda premera filmlar o‘zbek tilida namoyish etilishini istaydi.

“Davlat tili deymiz, ulug‘lash kerak deymiz, lekin nega yoshlarimiz kinoni rus yoki boshqa tilda ko‘rishi kerak? Agar dublyaj qilinadigan do‘lsa, sinxron dublyaj qaytadi, sifat ortadi, tarjimaga e’tibor beriladi, lablashtirish bo‘ladi. Va mukammallikka yaqin dublyajni tomoshabinga berishga harakat qilamiz. Filmga sarflanayotgan sarmoyaning 10-20 foizini dublyajga sarflasa, yetadi. Hozir telekanallar raqobat qilib, tezlikka e’tibor beryapti. Tarjimon ham bir kechada tarjima qilyapti. Chala-chulpa bo‘lsa ham, tomoshabin ham o‘rganib qolyapti. Tomoshabinlarning didini ko‘tarish kerak. Dublyaj poyga emas, zalvor kerak…

Premeralar Qozog‘istonda qozoq tilida bo‘ladi. Shuning uchun ham ularning dublyaji, kinosi rivojlanib ketyapti. Qachongacha boshqa tilda ko‘radi? Xalqimiz o‘zbek tilida ko‘rishi kerak. Masalan, ruslarnikida so‘kishlar, noto‘g‘ri narsalari bor. Bu orqali ommaviy madaniyat ham kirib kelyapti. Dublyaj huquqi qimmatligi uchun ruscha bo‘lyapti, deyishadi. Shuning uchun mutasaddilar bu masalalarni ham o‘ylab ko‘rishi kerak. Biz ham sinxron dublyajlarda qatnashishni itsaymiz” deydi dublyaj aktyori.

Muhammadjon Xo‘jayev dublyaj rejissyori sifatida o‘nlab xorijiy filmlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Bir necha bor sinxron ovozlashtirishga urinib ko‘rganini va bu yaxshigina mablag‘ talab qilishini aytadi.

“Bizga yangi ovozlar kerak. Albatta, mablag‘ ham kerak. Hozirgi telekanallar orasida moddiy tomondan dublyajga yetarlicha e’tibor bermayotganlari ham bor. Shuning uchun 4 tadan ortiq aktyorni jalb qilolmaysiz. O‘zim tajriba uchun 3-4 ta filmni oldingidek sinxron tarzda qilib ko‘rganman. Bular «Troya», «Italiyaliklarning Rossiyadagi sarguzashtlari», «Aleksandr» filmlari.

«Troya»dagi Hektorning otasiga ovoz berish uchun Obid Yunusovni chaqirganmiz. Obrazni shu darajada chuqur olib bergandilarki, hamma hayron qolgan. Juda ko‘p aktyorlarni jalb qilganmiz. O‘zimiz uchun maqtansa bo‘ladigan ish bo‘lgan. Lekin bu taskin. Har kuni ularni jalb qilolmaysiz-ku tekinga. Hammada ro‘zg‘or bor, qora qozon qaynashi kerak. Dublyaj telekanallarni, internet saytlarni mablag‘ bilan ta’minlashda ishi halol. Ya’ni xarajat qilinsa oshig‘i bilan qaytadi. Demak, bu sohaga e’tibor kerak”, deydi u.

Dublyaj rejissyori va aktyori so‘zga e’tibor ortishini, dublyaj san’atida o‘z maktabini shakllantirgan nodir ovoz sohiblarining merosi saqlanib qolinishini istaydi.

“Eng ulug‘ vosita — so‘z. So‘z saroyi paydo bo‘lsa deyman. So‘zni yuqoriga ko‘targan ulug‘ aktyorlarimiz bor — Razzoq Hamroyev, Amin Turdiyev, Rauf Boltayev. Ularning ovozlarini yig‘ish kerak, o‘sha ovozlar biror joyda jamlangan bo‘lishi kerak. Kimdir bahramand bo‘ladigan darajada saqlashimiz kerak u ovozlarni. Bu ohanglar qaytib kelmaydi. Ular ishlatgan iboralar, shakllar, hayajonli ijrolar takrorlanmaydi, qaytmaydi.

Masalan, Afzal Rafiqov bor hozirgilardan. Maktab yaratilgan, bu maktabni ushlab turish kerak. Bulbul boshqa bir bulbul ovozidan o‘rganadi, bu ham shunday. Mana shu jarayonlarni ilm darajasida o‘rganish va avloddan avlodga o‘tkazish kerak”, deydi Muhammadjon Xo‘jayev

Baxtiyor To‘xtayev suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Javohir G‘ayratov.

Ko‘proq yangiliklar: