Keraksiz bo‘lib qolish xavfi
Aslida dunyo bozoridan chiqib ketgan korporatsiyalar talaygina. 2000 yildan buyon AQShning eng yirik 500 kompaniyalaridan (Fortune 500) 52 foizi kasodga uchragan. Buning asosiy sababi zamon shiddatidir, texnologik taraqqiyot tufayli ko‘plab bizneslar keragi bo‘lmay qolayotganidir.
Bugun uydan yoki ish joyingizdan chiqmay turib to‘lovlarni amalga oshirish, soliqlarni to‘lash, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish va hatto kredit olish imkoni bor. Bu smartfon, soat va kompyuterlarimiz orqali fintexlar (FinTech), ya’ni moliya sohasidagi texnologik produktlar yordamida amalga oshiriladi. Xo‘sh, bu katta moliyaviy muassasalar va banklar kelajagiga qanday xavf soladi?
O‘tgan hafta soha vakillarini IT Park Toshkent filialida to‘plagan O‘zbekiston fintex assotsiatsiyasi rahbari Nargis Do‘stmatova bu juda dolzarb masala ekaniga ishonadi. Britaniyada tahsil olib, u yerdagi global kompaniyalarda tajriba to‘plagan, Harvard va Oksford universitetlarining executive (boshqaruv) oliy kurslarini tamomlagan Do‘stmatova 2018 yilda vatanga qaytgan. Fintex sohasidagi muammolarga duch kelavergach, o‘zi shu yo‘nalishdagi kasaba uyushmasiga asos solgan. Markaziy bank bilan yaqin hamkorlikda qonunchilikni yangilash, konferensiya va malaka oshirish tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlayotgan ushbu nodavlat notijorat tashkiloti bir yoshga to‘lib ulgurmadi. Ammo unga 18 ta kompaniya a’zo bo‘ldi. «Fintex banklarning raqobatchisi emas, balki, bu ularning kelajakdagi shakli», – deydu u. «Kelayotgan yillardagi daromadi va bozordagi o‘rni haqida qayg‘urgan har bir bank innovatsiyalarni tatbiq qilishi shart».
«Monopoliyalar tugatilib, raqobatga, haqiqiy bozor munosabatlariga yo‘l ochilgan jamiyatlarda katta kompaniyalar tirik qolishga urinib, innovatsiyalar qilishga majbur bo‘ladi», – deb ta’kidlaydi fintex uyushma yig‘ilishiga spiker sifatida taklif qilingan BMT TD vakili Usmon Rahimjonov. Startap va innovatsion biznesni qo‘llab-quvvatlovchi dasturlarni yuritayotgan Rahimjonov Qozog‘istonning bu yo‘nalishda mintaqada yetakchi ekanini urg‘ulaydi.
Albatta, O‘zbekiston hukumati banklarni xususiylashtirish haqida gapirayotgan reallikda ulardagi korporativ innovatsiyalar kundan kunga kattaroq ahamiyat kasb etib borishi muqarrar.
Korporativ innovatsiyalarni joriy etishdagi to‘siq va muammolar
Kompaniya kattalashgach, u yerda ko‘p qavatli iyerarxiya va murakkab ichki kommunikatsiya paydo bo‘lib, o‘zgarishlarni boshqarish ham sekin, ham muammoli bo‘ladi. Masalan, 1985 yilda AQShda ochilgan Blockbuster kompaniyasi filmlar va videoo‘yinlarni kompakt disklarda ijaraga berish bilan shug‘ullangan. O‘z faoliyati cho‘qqisi bo‘lmish 2004 yilda 9000 dan ortiq savdo nuqtalarida 85 mingga yaqin ishchilari bo‘lgan ushbu gigant kompaniya 2010 yilga kelib kasod bo‘lganini e’lon qilgan.
1997 yilda tashkil topgan xuddi shunday biznes, ya’ni disklar prokati bilan shug‘ullangan Netflix esa bugun dunyodagi eng muvaffaqiyatli kompaniyalar sirasiga kiradi. Ehtimol, bu raqobatda Netflix yutib chiqishi uning nisbatan yoshroq va kichikroq, demakki, innovatsiyalarni joriy qilish uchun ochiqroq bo‘lgani sabab bo‘ldi. Videoni internet orqali iste’mol qilish disklar biznesini o‘ldirgach, faqat zamonga moslasha olgan Netflix’gina bozorda qola oldi.
Butun dunyoda, rivojlangan o‘lkalardaki korporatsiyalar innovatsiyalarni joriy qilishga qiynalar ekan, O‘zbekistonda bu jarayon ayniqsa mushkul kechadi.
Fintex uyushma raisi o‘rinbosari Otabek Nosirovning fikricha, dunyo bo‘ylab banklar eng konservativ korporatsiya (yirik kompaniya)lardan hisoblanadi, Markaziy bank kabi regulyatorlar ham, afsuski, o‘zining progressivligi va tezkorligi bilan maqtana olmaydi. «Shunday mushkul masalalar hal bo‘lishi uchun bozordagi o‘yinchilar, regulyator, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari hamda global kompaniyalar o‘rtasida muloqot olib borilishi kerak», – deydi u.
O‘zbekiston fintex assotsiatsiyasi shu maqsadda shtab-kvartirasi Kaliforniyada joylashgan, korporativ innovaitsiyalar bo‘yicha yetakchi global kompaniya Plug & Play bilan hamkorlikda O‘zbekiston banklari innovatsiyalar bilan ishlovchi mutaxassislari va soha vakillari uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilgan.
Xo‘sh, qanday tashkil qilinadi o‘sha korporativ innovatsiyalar?
Yirik kompaniyalarda innovatsiyalar qilishning ikki usuli bor: yopiq va ochiq. Yopiq innovatsiyalar yangi loyihalar ustida ishlash va ularni amalga oshirish kompaniya ichki resurslari, shtatdagi ishchilar yordamida qilinishi va jarayonlar konfidensial bo‘lishini anglatadi. Masalan, kompaniya o‘z tarkibida R&D ya’ni tadqiqot va ishlanmalar bo‘limini tashkil qiladi. 2003 yilda Amazon kompaniyasi Lab126 jamoasini tuzishi va uning uzoq izlanish va muhokamalardan keyin Kindle elektron qurilmasini ishga tushirishi yopiq innovatsiya keysidir. Keyinroq Lab126 Amazon Fire, Amazon Echo produktlarini yaratadi.
O‘zbekiston banklari misolida bunday yopiq innovatsiyalarga o‘nlab moliya muassasalari yaratayotgan mobil ilovalar misol bo‘la oladi. Mobil ilovalar kompaniyaning ichida, maxsus jamoa tomonidan yoki uning buyurtmasi bilan ishlab chiqiladi.
Ochiq innovatsiyalar esa ichki resurslar bilan bir qatorda tashqaridan yangi g‘oya va ishlanmalarni olishga qaratilgan biznes amaliyotdir. Bunda katta kompaniyalar startaplar akseleratorlari, xakaton va pitch musobaqalari tashkil etadi, innovatsion yechimlar bilan kelgan tadbirkorlar ichidan eng ma’qullari tanlab olinib, ular bilan birga ishlash, qo‘shilish yoki sotib olish taklif etiladi. Masalan, Walt Disney kompaniyasi 2004 yilda Pixar’ni 7,4 milliard dollarga, keyinroq Marvel va Lucasfilm’ning har birini 4 milliard dollarga xarid qilgach, 2022 yilga kelib 164 milliard dollarga baholanadigan gigantga aylandi.
O‘zbekistondagi katta kompaniyalar va banklar shu masalada rivojlanishning eng dastlabki bosqichida turibdi. Fintex uyushma vorkshopiga tashrif buyurgan bankirlarning turli savollari va tadbirkorlar yaratgan startaplarni sotib olishdagi ko‘plab muammoli vaziyatlarni ko‘tarishlari ham shundan dalolat beradi. Boz ustiga, alohida venchur fond ochish yo‘li bilan ochiq innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlayotgan yagona moliya muassasa «Aloqabank» AJ hisoblanishi ham sohada yana qancha ildamlashimiz kerakligini bildiradi.
«Aksellerator yoki xakatonlar orqali startaplarni tanlab olib, ochiq innovatsiyalarni tashkil qilish boshqa kompaniyalardan ko‘ra banklarda qiyin kechadi va nozikroq masala hisoblanadi. Chunki litsenziyaviy faoliyat yuritadigan banklarda murakkab jarayonlar bo‘lib, uning ichida ishlamagan yosh tadbirkorlar bank siri, kiberxavfsizlik kabi nyuanslarni tushunmay, e’tiborga olmay qolishi tabiiy», – deya ta’kidlaydi o‘z faoliyatini bankirlikdan boshlagan, hozirda O‘zbekiston milliy venchur fondida yuridik bo‘limni boshqarayotgan Xurshida Igamberdiyeva.
«Ammo shu muammoga qaramasdan, rivojlanish yo‘lida ijodiy mustaqillik tarafdorimiz. Startaplar va korporatsiyalar hamkorligi ikki tomonlama manfaatli bo‘lib, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga yangi nafas olib kirish imkonini beradi. Har kuni 09:00 – 18:00 rejimida ishlaydigan xodimlar armiyasi hamda muayyan bir muammoni yechishda tinmay izlanish olib boradigan kichik jamoa o‘rtasida farq katta», – qo‘shimcha qiladi u.
Bozor munosabatlari va zamonaviy dunyoning ilg‘or tajribalari ertami-kechmi kirib keladigan iqtisodiyotimizda doim innovatsiyalarga quchoq ochadigan kompaniyalar yashab qoladi. Buning uchun industriyadagi o‘yinchilar muntazam fikr almashishi lozim.
Saidaziz A’zamov,
Global Halal loyihasi asoschisi