Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub ham ayol kishidan ekan. Maktubda ayol o‘z hayotini hikoya qilib berar ekan, bugun jamiyatda shakllanib ulgurgan ayrim salbiy holatlar o‘zini chetlab o‘tganini yozgan.
«Bugun jamiyatimizda o‘gay ona yoki o‘gay farzandlar ko‘pincha salbiy bo‘yoqlarda tasvirlanadi. Kimdir o‘gay onani ayblaydi, kimdir farzandlarni. Men ham to‘rt nafar o‘gay bolani tarbiyaladim. Biroq bolalarim meni juda ham yaxshi ko‘rishadi, men esa ularni. Farzandlarimning o‘gayligi mutlaqo bilinmaydi. Ular o‘zimning bolalarimday bo‘lib ketishgan», deb yozadi ayol.
Ayolning yozishicha, birinchi turmushidan farzand ko‘ra olmagani uchun ajrashgan va xotini vafot etib, to‘rt farzand bilan yolg‘iz qolgan erkakka turmushga chiqqan. So‘ng bolalarni o‘z bolasiday oq yuvib, oq tarab tarbiyalagan.
«Bo‘yim yetib vaqti soati kelganda mahallamizdagi ibratli oilaga kelin, tarbiyali bir yigitga umr yo‘ldosh bo‘ldim. Qaynota-qaynonam juda yaxshi odamlar bo‘lib, o‘g‘illariga ham yaxshi tarbiya berishgan edi. Qisqasi, juda baxtiyor edim.
Biroq to‘kis baxt bo‘lmaydi deyishganiday mening ham shirin hayotimga bir muammo soya solar edi. Turmush qurganimizga bir-ikki yil bo‘lsa-da hech bo‘yimda bo‘lmasdi.
Erim bilan shifokorlarga ko‘rindik, o‘zimizni tekshirtirdik, ayb menda ekan. Bu haqda eshitgan kunimda o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim.
Men uchun hayot tugaganday bo‘ldi. Erim meni yupatar, noumid bo‘lmaslikni, Xudo beraman desa O‘ziga osonligini aytardi.
O‘shanda shifoxonadan qaytar ekanmiz, tug‘maydigan kelin kimga ham kerak, qaynotam va qaynonam meni quvib yuborishadi deb o‘ylardim. Biroq qaynotam va qaynonam unday qilishmadi.
Ikkalasiga ham rahmat, menga oshiqcha gapirishmadi, aksincha yupatishdi. Xudoning dargohidan umid uzmasligimni aytishdi.
Mening bepushtligim haqidagi gap qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar orasida tarqalgach qaynota-qaynonamga «keliningizning javobini bervoring, o‘g‘lingizni boshqaga uylantiring» deb maslahat beradiganlar ko‘paydi. Biroq ular parvo qilishmadi.
Bilishimcha erimga o‘rtoqlari ham shu maslahatni bergan. Erim meni juda yaxshi ko‘rar, har doim «bizni o‘lim ajratadi», derdi.
Shu taxlitda gap-so‘zlarga chidab 2-3 yil yashab qo‘ydik. Erim-ku gapida sobit edi, biroq sezyapman, qaynotam hamda qaynonam mo‘jiza yuz berishidan va farzand ko‘rishimdan umidlarini uzishgan.
Kunlardan bir kun o‘tirib obdan o‘yladim. To‘g‘ri, Xudoning dargohi keng, o‘lgunimcha Undan umid qilaveraman. Biroq qachongacha? Erim ham farzand ko‘rishi kerak. Qaynota va qaynonam nabiralarini erkalashlari kerak. Men o‘z nafsimni deb ularni azobga qo‘ymayapmanmi?
Shundan so‘ng bir qarorga keldim, ota uyimga qaytaman. Erim boshqa ayolga uylansin. Qaynotam va qaynonam bu qarorimni eshitib «Biz sizni quvmaymiz, o‘zingiz bilasiz. Nimani to‘g‘ri deb bilsangiz o‘shani qiling», deyishdi. Erim esa gapimni eshitishni ham xohlamadi.
Shundan so‘ng erim bir necha kun mendan qarorimdan qaytishimni yolvorib so‘radi, ko‘nmadim. Bir kun erim uyda yo‘qligida ukamni chaqirdim va ko‘chimni ortib ota uyimga qaytdim.
O‘sha kuni kechki payt erim qidirib keldi. Unga javobimni bersa ikkalamizga ham yaxshi bo‘lishini aytdim. Indamay ketdi. Ertasi, indini yana keldi. Unga faqat bir gapni ayta olardim: «javobimni bersangiz hammamizga yaxshi bo‘ladi». Biroq u ko‘nmasdi.
Keyingi kun kelganida unga «Borib ota-onangizning ko‘zlariga qarang. Ular sizdan tug‘maydigan xotinni qaytarib olib borishingizni emas, balki boshqaga uylanib, nabira bilan xursand qilishingizni kutishyapti. Ota-onangizni norizo qilmang», dedim.
Shunda u ko‘zimga qarab turdi-da «javobingni berdim» dedi. Garchi o‘zim shuni kutib turgan bo‘lsam ham uning og‘zidan pichirlab chiqqan so‘zlarni eshitib tamom bo‘ldim.
Shundan so‘ng juda ko‘p joydan xotini vafot etgan yoki ajrashgan erkaklardan sovchi keldi. Surishtiramiz, nimasidir to‘g‘ri kelmaydi, rad etamiz. Shu alfozda yana bir-ikki yil o‘tib ketdi. Bu oradan erim bir necha bor ko‘chamizdan o‘tib-qaytib yurdi, ko‘rib ko‘rmaslikka oldim. Eshitishimcha u hali ham uylanmagan edi.
Ana shunday kunlarning birida o‘rta yoshlardagi bir erkak chaqirib kelib qoldi. «Navbatdagi sovchilardan biri bo‘lsa kerak, kimga so‘rab kelgan ekan, oltmishga kirgan otasigami?» deb o‘ylay boshladim.
Otam yigitni mehmonxonaga boshladi. Bir payt otam men va onamni chaqirib qoldi. Ichkariga kirdik. Erkak kimiga so‘rab kelgan bo‘lsa deb qiziqib turibman. Biz kirgandan so‘ng u gap boshladi:
«Bir yilcha avval xotinim og‘ir darddan vafot etdi. O‘shandan buyon to‘rtta bolam bilan bir o‘zim yashayapman. Yashirmayman, xotinimni juda yaxshi ko‘rardim. U vafot etgandan so‘ng 5-6 oy uylanishni xayolimga ham keltirmadim. Biroq to‘rtta bolani erkak kishi eplay olmas ekan. Shu sababli o‘zimga mos ayol surishtira boshladim. Shu paytgacha bir necha nomzod chiqdi. Lekin ularning birontasi bolalarimga onalik qilishiga ko‘zim yetmadi yoki Alloh ularning hech birini menga juft bo‘lishga ravo ko‘rmadi. Taqdirda birga bo‘lish yo‘q ekan shekilli. Qizingiz haqida surishtirdim va bolalarimga munosib ona bo‘la oladi degan ilinjda oldilaringga keldim».
Erkakning gapi meni o‘ylantirib qo‘ydi. To‘rt nafar bola, qanday bo‘larkin? Yigit xuddi xayolimdagi gaplarni uqib turganday menga yuzlandi: «Siz xavotir olmang. Bolalarim aqlli-hushli. Tezda til topishib qadrdon bo‘lib ketasizlar» dedi.
Erkakning aytishicha, yoshi 40 da, farzandlarining ikkitasi o‘g‘il, ikkitasi qiz ekan. Katta farzandi qiz bo‘lib 13 yoshda, kenjasi o‘g‘il 3 yoshda ekan. U yana ancha gaplarni gapirdi, lekin uyog‘i qulog‘imga kirmadi. Men o‘zim bilan o‘zim bo‘lib qolgan, miyamda tinimsiz «qandoq bo‘larkin?» degan savol aylanardi.
Shundan so‘ng erkakning oilasini surishtirdik, yaxshi oila ekan. Ota-onam ixtiyorimni o‘zimga qoldirishdi. Men esa Allohga tavakkal qilib rozi bo‘ldim.
Yangi xonadonga borar ekanman, menda «bolalar qanday kutib olarkin?» degan hadik bor edi. Hovliga kirib bolalarga qaradim. Ularning ko‘zlari ma’yus boqar, lekin hech biri menga ola qaramasdi.
O‘shanda otasi «xush kayfiyatda kutib olinglar deb tayinlagan bo‘lsa kerak degan gumonga ham bordim. Biroq keyinchalik ular bilan birga yashab bolalar onalari vafot etgani uchun taqdirga tan berganlarini ko‘rdim.
Bu xonadonda yashar ekanman, bolalarning hurmatini qozonish uchun garchi vafot etib ketgan bo‘lsa-da ularning onasini hurmat qilish lozimligini yodimda tutdim.
Bir kuni bolalarga bu haqda biroz gapirgim keldi.
«Bilaman, men onangizning o‘rnini bosa olmayman. Hech kimning onasi vafot etmasin. Men ham kimningdir xotini o‘lsin-u, uni o‘rniga boray deb niyat qilmaganman. Hayotning sinovlari shunday ekan, sizlarning onangiz vafot etdi, men esa farzand ko‘ra olmayman. Hammamizda o‘zimizga yarasha og‘riqli dardlarimiz bor. Shunday ekan, sizlar mendan, men sizlardan mehrimni ayamasam sal bo‘lsa ham o‘ksik ko‘ngillarimiz to‘lib qoladi», dedim.
Shu gaplarni gapiryapman-u, beixtiyor ko‘zlarimdan yosh chiqyapti. Qarasam bolalar ham unsiz yig‘lab turishibdi.
Bolalarning kichiklari nima deyayotganimni tushunmagandir, ikki nafar kattasi ko‘zimga xayrixoh boqayotganidan bildimki, ularga gaplarim ta’sir qildi.
Bolalardan onalari haqida so‘rardim. Ular gapirib berishardi. Shunday paytlarda ayolni birga duo qilardik.
Esimda, men borganimdan bir necha kun o‘tib ayolning vafot etgan kuni kelib qoldi va bolalar bu sanada onalarini xotirlashdi. Men ham bilganimcha Qur’on o‘qib, ayolning haqqiga duo qilib qo‘ydim. Keyinchalik uni doim duo qiladigan bo‘ldik.
Onalarini eslashganda e’tibor bilan tinglashim, doim u ayolni duo qilishim va faqat yaxshi gap bilan eslashim bolalarga ijobiy ta’sir qildi. Keyinchalik ular meni o‘z onalariday ko‘ra boshlashdi.
Bundan tashqari bolalar sho‘xlik qilishganda otasi urishmoqchi bo‘lsa har doim men bolalar taraf bo‘ldim. Biroq ularni taltaytirib yubormadim. Otasining oldida bolalarning tarafini olsam ham, keyin o‘zim ularga otani norozi ilish og‘ir gunoh bo‘lishi haqida nasihat qilardim.
To‘g‘ri, hayotimiz silliq kechdi deya olmayman. Boshqa oilalarda bo‘lib turadigan ayrim ko‘ngilxiraliklar, xafagarchiliklar bizni ham chetlab o‘tmadi.
Ba’zida bolalar mendan, men ulardan xafa bo‘lardim. Arazlashib qolardik. Biroq bunday kunlar uzoq davom etmas, tezda yarashib olardik.
Shu tariqa bolalar ulg‘ayishdi. Qizlarni uzatdik, o‘g‘illarni uylantirdik. Endi nabiralarim bag‘rimni to‘ldirib o‘tiribdi. Ular bilan ovunaman. Bolalarim atrofimda. Bugungi kunlarim uchun Allohga hamdlar aytaman.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.