Telefon o‘ynayotgan bolalar: psixologlar ularni kutayotgan xavf haqida

Jamiyat 15:34 / 17.02.2023 28519

Yangi asrda yangi kasallik – nomofobiya vujudga keldi. Nomofobiya (mobil fobiya) – telefonsiz qolish qo‘rquvi hisoblanadi. Koronavirus pandemiyasi ta’sirida yanayam ommalashgan bu kasallik koronavirusdan ham xavfliroq bo‘lib chiqdi. Chunki bugun uyqudan ko‘z ochish bilan telefon qidirish, telefon bo‘lmaganda o‘zini o‘ta noqulay his qilish odamlar orasida ko‘p uchraydi.

Nomofobiya – asr vabosi

Davolash mumkin bo‘lgan xastaliklardan ham xavotirliroq bu yangi kasallik asr vabosi deb tan olingan. Psixologlar nomofobiyani giyohvandlik yoki spirtli ichimliklarga qaramlik bilan teng deb tan olishmoqda. Shuning uchun dunyoning ko‘plab davlatlarida bu kasallikni aniqlash va davolash ustida allaqachon ishlar olib borilmoqda.

Bugun dunyo bo‘yicha 7,2 milliarddan ortiq odam o‘z mobil telefoniga ega. Bu dunyo aholisining 91 foizini tashkil qiladi. Gadjetlar shu darajada ommalashdiki, kichik yoshdagi bolalar ham ota-onasining telefonidan cheksiz ravishda foydalanmoqda.

Saudiya Arabistoni va Iordaniyada o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, bu ikki davlat aholisining 51 foizidan ortiqrog‘ida telefonga qaramlik tashxisi qo‘yildi. 5191 kishi ishtirok etgan so‘rovnomaning 26 foizida ishtirokchilar telefonsiz qolish qo‘rquvi bilan yashayotganini va bundan davolanish istagini aytishgan.

Buyuk Britaniyada esa aholining 53 foizi nomofobiyadan aziyat chekishadi. Braziliyada bu tadqiqot o‘tkazilganda ishtirokchilarning 68 foizida smartfonlarga qaramlik aniqlangan. Natijalar ayollarga nisbatan erkaklarda mobil telefonlarga bog‘lanib qolish va nomofobiya xavfi yuqoriroq ekanligini isbotlagan.

Dunyo mamlakatlarini xavotirga solayotgan bu holat haqida O‘zbekistonda hali biror tadqiqot o‘tkazilmadi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda 2022 yilning yanvar holatida respublikamizdagi har 100 ta uy xo‘jaligiga 308 ta mobil telefon to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Demak bizda ham bu xavotir ularnikidan kam emasligi aniq.

Telefon o‘ynayotgan bolalar – xavfsizmi?

Bugun gadjetlar bolalarning ham sevimli “o‘yinchog‘i”ga aylanib ulgurdi. Tinimsiz xarxashalar, injiqliklardan xalos bo‘lishning oson yo‘li. Onalar o‘z telefonlarini bolaga tutqazadilar va bemalol boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish mumkin. Lekin bu go‘daklar uchun qanchalik foyda yoki zararli ekanligi haqida o‘ylovlar va faktlar xavotir uyg‘otadi. Mutaxassislar bolalarning yutub orqali multfilmlar tomosha qilishi ularning aqliy rivojlanishiga xizmat qilmasligini aytishadi. Foyda keltirmaydigan bu holat zararga ishlaydi. Ya’ni bolada buning oqibatida vazn oshishi, uyqusizlik, o‘zini yomon his qilish boshlanadi.

Psixolog Shoira Isoqovaning fikricha, yaqin 5 yillikda bu muammo o‘zining yomon asoratini ko‘rsatib boshlaydi:

“Bugungi kunda bolalarning telefonga qaramligi juda dolzarb muammo hisoblanadi. Ammo ota-onalar bunga muammo sifatida qarashmaydi. Bu kelajakda katta muammolarni keltirib chiqaradi. Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan telefonga qaramlikka kasallik darajasida qaralayotganiga ancha bo‘ldi. Bolalarda bu jismoniy salomatlikka yomon ta’sir o‘tkazish bilan birga:

-bolaning psixik rivojlanish bosqichini keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin. Natijada bolaning diqqati buziladi.

-idrokni o‘zgartiradi, psixologik og‘ishlar yuz beradi, pornografik qaramliklar kelib chiqadi. Ota-ona buni his qilmasligi mumkin, yaqin 5 yillikda bu muammo o‘zining haqiqiy asoratini ko‘rsatishni boshlaydi.

Qabulimga shu muammo bilan juda ko‘p bolalarni olib kelishadi: ularda darslarni o‘zlashtirishda orqada qolish, o‘rtoqlari bilan chiqisha olmaslik, butun dunyodan, voqelikdan uzilish kuzatiladi. Ota-ona telefondan foydalanishni taqiqlasa, ularga qo‘l ko‘tarishgacha borayotgan bolalar bor.

Men mutaxassis sifatida bolalarga 15 yoshgacha gadjetlar olib bermaslikni tavsiya qilgan bo‘lardim”, deydi psixolog.

Mutaxassisning aytishicha, bu bolalar qattiq qo‘rquv, xavotir, tushkunlik, jiddiy bezovtalik qamrovida bo‘lishadi. Bu kasallikda shaxs rivojlanishi bosqichi orqada qoladi. Ularda maqsadlar yo‘qligi, agressivlik, ortiqcha jazavaga tushish kuzatiladi. Faqat telefondagi virtual hayot ta’sirida bo‘lishadi. Kelgusida bu bolalar jamiyatda befarq, loqayd kimsalarga aylanishi tabiiy holat.

Demak, nomofobiyaning kelib chiqishi odamlarda:

Jismoniy zarar – semizlik, uyqusizlik, ko‘zlar zararlanishi, yurak kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari ko‘payishiga olib keladi.

Ijtimoiy zarar – bunday odamlar yuzma-yuz munosabatlardan qochishadi, virtual hayotda yashashadi va voqelikni qabul qilish qiyinlashadi. Turli qimor o‘yinlariga berilib ketish, oilaviy munosabatlarga putur yetkazish, hayotdan bahra olishdan mahrumlik kelib chiqadi.

Psixologik zarar – depressiyaga tushishi, o‘z joniga qasd qilish, doimiy qo‘rquv va bezovtalik bilan yashashga sabab bo‘ladi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: