2024 yilda odamlar 2,5 oy vaqtini smartfonga sarflagan - tadqiqot

Jahon 21:19 / 30.12.2024 1270

AQShning Reviews.org tahlil kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, inson yiliga 2,5 oyni faqat smartfonga sarflaydi. Barchamiz taxminan har 5 daqiqada telefonimizni qo‘lga olamiz, bu esa kuniga 140 martadan oshadi. Statistik ma’lumotlar ko‘rsatishicha, 2024 yilda foydalanuvchilar o‘tgan yilga nisbatan 42,3 foiz ko‘proq vaqtini ekran oldida o‘tkazmoqda.

Tadqiqotning asosiy xulosalari

  • 80,6 foiz odamlar uyqudan turgach, dastlabki 10 daqiqa davomida telefonlarini tekshirib ko‘radi;
  • 65,7 foizi hojatxonada telefondan foydalanadi;
  • 53,7 foiz foydalanuvchilar bir xonada bo‘lsa ham, sheriklari bilan shaxsan gaplashish o‘rniga ularga xabar yozadi.
  • 38,1 foizi uchrashuv paytida telefoniga qaraydi;
  • 27 foiz odam mashina haydayotganda telefoniga qarab qo‘yadi.

Z avlodi (zumerlar) — smartfonlarga eng qaram avlod. 13 yoshdan 28 yoshgacha bo‘lgan yoshlar kuniga o‘rtacha 6 soat-u 18 daqiqalarini gadjetlar bilan o‘tkazmoqda.

Y avlod (milleniallar, 28 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lganlar) ham ortda qolmayapti — bu yosh guruhidagi odamlar kuniga 6 soat 2 daqiqa smartfonlaridan ko‘z uzmaydi. Yoshi kattaroq foydalanuvchilar (X avlodi va bumerlar) telefonlariga biroz kamroq qaraydi, ammo baribir umumiy hisobda gadjetlarga ko‘p vaqt sarflaydi — mos ravishda 4 soat 54 daqiqa va 3 soat 18 daqiqa.

Biroq tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, milleniallar o‘z qurilmalariga ko‘proq bog‘lanib qolgan. Bu yosh guruhi vakillari bildirishnomalarni tez-tez tekshiradi va smartfonlarini ko‘proq qo‘llariga oladi (kuniga 324 martagacha).

Milleniallarning 80 foizi o‘z telefonlarini yo‘qotgandan so‘ng xavotirga tushishi, ularni boshqa avlodlardan alohida qilib ko‘rsatadi. Bundan tashqari, ular tez-tez smartfonlarning so‘nggi modellarini xarid qiladi. Taqqoslash uchun, zumerlarning atigi 67 foizi telefonini yo‘qotishdan qo‘rqadi. Bumerlar esa bu masalada kamroq tashvishlanadi — so‘rovda qatnashganlarning 63 foizi shunday fikr bildirgan.

Mutaxassislarni tashvishga solayotgan narsa shuki, odamlar smartfonlardan haddan tashqari foydalanishni muammo deb hisoblamay qo‘yishgan. 2024 yilda odamlarning telefondan foydalanish vaqti 42,3 foizga oshganiga qaramay, buni qaramlik deb hisoblovchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga kamaygan.

Ko‘proq yangiliklar: