Dunyo bo‘ylab ruhiy salomatlik muammolari pandemiya darajasiga yetdi. Bu mavzudagi ko‘plab tadqiqotlarni tahlil qilgan Financial Times (FT) shunday xulosaga keldi.
Ta’kidlanishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili depressiya va tashvishlarning kuchayishi tufayli 12 milliard ish kuni yo‘qotiladi. Jahon iqtisodiyotiga yetkazilgan zarar 1 trillion dollarga baholanmoqda.
Ruhiy salomatlikning yomonlashuv tendensiyasi COVID-19 pandemiyasi oqibatida kuchaygan: 2020-2021 yillarda dunyoda depressiya holatlari 25 foizga oshgan. JSST ta’kidlaganidek, bugungi kunda vaziyat 2019 yil darajasiga qaytmagan.
Deloitte tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, ruhiy salomatlik muammolari biznesda, birinchi navbatda, moliya va sug‘urta sohasida ishlaydigan odamlar orasida ayniqsa keskindir.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, kompaniyalar o‘z xodimlarining ruhiy salomatligiga ko‘proq sarmoya kiritishi va ular bilan muammo haqida ochiq gaplashishi kerak. MindForward tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, bu muammo ochiq muhokama qilinayotgan kompaniyalarda xodimlar qo‘llab-quvvatlanayotganini his qiladi va samaraliroq ishlaydi, mehnat unumdorligi oshadi va xodimlar o‘z ish joylarini tark etmaydi.
Oksford universiteti olimlari esa «xodimlarning psixofizik holati va kompaniya ko‘rsatkichlari o‘rtasida kuchli ijobiy aloqa borligini» isbotlagan.