O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Tramp va Putin uchrashuviga tayyorgarlik
AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvning asosiy maqsadi Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘ladi. Bu haqda Tramp Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida jurnalistlarga ma’lum qilgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning muloqotga tayyorligini olqishladi va bu kabi uchrashuvlar uchun siyosiy iroda va o‘zaro xohish talab etilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Peskov uchrashuv tashkil etish bo‘yicha hali hech qanday rasmiy so‘rov kelib tushmaganini ma’lum qildi.
Tramp brifingda Putin bilan yarim yil ichida uchrashuv o‘tkazishga umid bildirgan, ammo uning aniq sanasi va uchrashuv mazmuni haqida ma’lumot berishdan tiyilgan. Kreml esa Tramp lavozimga kirishganidan keyin yuqori darajadagi muloqotlar tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini qayd etgan.
Rossiya neft kompaniyalariga sanksiyalar
AQSh Rossiyaning «Gazprom neft» va «Surgutneftegaz» kompaniyalariga qarshi yangi bloklovchi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligining OFAC bo‘limi xabar berdi.
Sanksiyalar doirasiga mazkur kompaniyalarning qator shu’ba korxonalari, jumladan, Moskva va Omsk neftni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, «Gazpromneft-Noyabrskneftegaz» va «Gazpromneft-Orenburg» ham kiritilgan.
OFAC shuningdek, ushbu kompaniyalar tomonidan nazorat qilinadigan barcha korxonalar, ularning nomlari sanksiyalar ro‘yxatida ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, sanksiyalarga tortilishi mumkinligini ma’lum qildi. Sanksiyalarga ko‘ra, «Gazprom neft» va «Surgutneftegaz» bilan operatsiyalarni 2025 yil 27 fevralga qadar tugatish uchun litsenziyalar berildi.
Bloomberg nashri ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Rossiya neft eksportchilariga nisbatan sanksiyalarni yanada kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Bayden ma’muriyati jahon bozorida neft yoqilg‘isining oshib-toshib yotgani sababli bu masalada o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan. Ilgari energiya tashuvchilar narxining ko‘tarilishidan qo‘rqib, bunday choralardan voz kechilgan edi.
Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtatmoqchi
Donald Tramp prezidentlikka kirishishdan oldin Ukrainadagi urushni yarim yil ichida to‘xtatish niyatida ekanini ma’lum qildi. Vashington Kremlga bosim o‘tkazish uchun radikal choralardan foydalanishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, ushbu choralar juda jiddiy bo‘lib, xalqaro vaziyatni o‘zgartirish imkoniga ega.
Masalan, Rossiya neftiga nisbatan Eronda qo‘llangan modelga o‘xshash sanksiyalarni qo‘llash mumkin. Bu xaridorlarni Rossiya neftini faqat barter asosida sotishga majbur qiladi va mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazadi.
Shuningdek, NATOning sharqiy qanotidagi harbiy faoliyatni keskin kuchaytirish taklifi mavjud. AQSh o‘z harbiy samolyotlarini Yevropa sharqiga joylashtirib, Kremlni Ukrainaga raketa hujumlarini to‘xtatishga majbur qilishi mumkin.
Vladimir Putinni harbiy va siyosiy jinoyatchi deb tan olish ham xalqaro siyosatdagi yana bir katta o‘zgarish sifatida baholanishi mumkin. AQSh va yana 10-12 ta yirik davlatlar shunday siyosiy bayonot bersa, bu Rossiyaning global sheriklari bilan munosabatlarini jiddiy qiyinlashtirishi va xalqaro diplomatiyani o‘zgartirishi mumkin. Bu kabi radikal qadamlar Ukrainadagi urushni tugatish uchun muhim vosita bo‘lishi mumkin.
Pentagon Grenlandiyani g‘oyasidan bexabar
Donald Tramp Grenlandiyani AQSh milliy xavfsizligi uchun strategik ahamiyatga ega deb atab, orolni harbiy yoki iqtisodiy bosim orqali egallash imkoniyatini istisno qilmayapti. Pentagondagilar esa bu g‘oyadan xabardor emasligini ma’lum qildi.
Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singh vazirlikning diqqat-eʼtibori Ukrainaga yordam va Xitoy hamda Rossiyadan keladigan xavflarga qaratilganini ta’kidladi.
Tramp Daniya orolni AQShga sotishi kerak, bu mamlakat xavfsizligi uchun muhim, deya fikr bildirgan edi. Avvaliga Daniya bu taklifni «absurd» deb rad etgan bo‘lsa-da, Trampning o‘g‘lining Grenlandiyaga tashrifi Kopenhagenda xavotir uyg‘otdi. Chunki u orolda AQShga qo‘shilish tarafdorlari bilan uchrashgan.
Bayden ma’muriyati hozircha bu g‘oyani izohlaganicha yo‘q, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken esa uni «amalga oshmas taklif», deb baholadi.
Aviakompaniyalarga ogohlantirish
Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) Rossiya havo hududiga oid yangi byulletenni e’lon qildi, unga ko‘ra aviatashuvchilarga Moskva, Rostov Don, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg va Samara shaharlari ustidan parvoz qilmaslik tavsiya etilmoqda. Bu tavsiya xavfsizlik ruxsatnomasini olgan xorijiy aviatashuvchilarga ham tegishli.
Tavsiya 2025 yil 31 iyulgacha amal qiladi, ammo xavfsizlik tahdidlari qayta baholanishiga qarab uzaytirilishi mumkin. EASA Yevropa Ittifoqiga mansub aviakompaniyalar Rossiya havo hududida parvozlar amalga oshirmasligini ta’kidlagan, ammo uchinchi davlatlarning aviakompaniyalari hali ham ushbu hududdan foydalanishda davom etmoqda.
Bu yil Ozarboyjonning AZAL aviakompaniyasi Rossiyaning 10 ta shahriga parvozlarni to‘xtatgandi, bunga aviakompaniyaning Grozniy shahri uzra raketa zarbasiga uchragani sabab bo‘ldi. Shuningdek, FlyDubai, Turkmenistan Airlines, El Al, Qazaq Air va Qanot Sharq aviakompaniyalari ham Rossiyaga parvozlarni ma’lum muddatga to‘xtatishga qaror qildi.
Rossiyada migrantlarning jinoyati kamaymoqda
2024 yilda Rossiyada xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar miqdori sezilarli darajada kamaygani qayd etildi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatlarning umumiy soni 0,9 foizga pasaygan. Ayniqsa, qurolli bosqinchilik 27 foizga, o‘g‘rilik esa qariyb 26 foizga kamaygan.
Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni 2,2 foizga qisqargan bo‘lsa, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlar 12,3 foizga kamaygan. Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 12,5 foizga, qotillik va odam o‘ldirishga urinishlar esa 6,7 foizga pasaygan.
Shuningdek, xorijiy fuqarolar o‘rtasida sodir etilgan o‘g‘riliklar 9,2 foizga kamaygani ta’kidlanmoqda. Bu holat, jinoyatchilikning umumiy darajasida ijobiy o‘zgarishlar mavjudligidan dalolat beradi.
Kaliforniyadagi yong‘in gumondori ushlandi
Los-Anjyelesdagi «Kennet» deb nomlangan yirik yong‘inga sabab bo‘lgan gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Janubiy Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari 10 mingdan ortiq binoni vayron qilib, 10 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Qasddan o‘t qo‘yganlikda ayblanayotgan shaxs mahalliy aholi tomonidan ushlangan va politsiyaga topshirilgan. Gumonlanuvchi 30 yoshli uysiz shaxs bo‘lib, o‘rmonga o‘t qo‘yishda ayblanmoqda.
Shuningdek, hududda evakuatsiya qilingan uylarda kafando‘zlik qilganlikda gumonlanib, 20 kishi qo‘lga olindi. Bu vaziyat sababli hududda komendantlik soati e’lon qilindi.
AccuWeather ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inlardan kelgan zarar 135–150 milliard dollargacha baholanmoqda. Bu AQSh tarixidagi eng yirik iqtisodiy zarar yetkazgan o‘rmon yong‘inlaridan biri bo‘lishi mumkin.
Yong‘in Los Anjyelesning ikki nufuzli mavzesi Iton va Pasifik-Paliseydsga eng ko‘p zarar yetkazgan. 10 mingdan ortiq turar joy binolari, do‘konlar va maktablar joylashgan ko‘plab kvartallar hamda avtomobillar to‘liq yonib ketgan. Hududda 180 mingdan ziyod kishi xavfsizlik maqsadida evakuatsiya qilingan.