20-asrning ikkinchi yarmida va 21-asr boshlarida fan texnika yuksak rivojlanish bosqichida bo‘ldi. Ayniqsa mobil telefonlarning kashf etilishi va ommalashishi fan mo‘jizalaridan biri bo‘ldi.
Mobil telefonlar tarixini 2007-2010 yillargacha va undan keyinga bo‘lish mumkin. 2010 yillargacha dunyoning turli burchaklarida aksariyat odamlar oddiy telefon ishlatgan. Tugmalar bilan ishlovchi bunday telefonlarning imkoniyatlari cheklangan edi.
2007 yildan boshlab smartfonlar savdosi avj oldi. 2010 yildan keyin ular ommalasha boshladi. Shu tariqa, bir paytlar odamlar foydalangan tugmali oddiy telefonlardan hech kim foydalanmay qo‘ydi. Quyida mobil qurilmalar tarixida eng ko‘p sotilgan telefonlar o‘ntaligi bilan tanishamiz.
1. Nokia 1100 – 250 mln dona
Nokia 1100 telefoni ilk bor 2002 yilda Finlandiyaning Nokia kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Uning dizayni Nokia Design Center tomonidan Kaliforniyada tayyorlangan. Dizayn muallifi bolgariyalik Dmitriy Mexanjiyeskiy hisoblanadi.
Mazkur telefon bozorga 2003 yil oxirroqlarida chiqarilgan va tezda ommabop telefonga aylangan. Bu telefonni ayniqsa xitoyliklar ko‘p sotib olgan.
Nokia 1100 telefoni juda tez ommalashadi va besh yilda undan jami 250 mln dona (!) sotiladi. Bu haftasiga o‘rtacha bir million donaga to‘g‘ri keladi.
Telefon juda ixcham bo‘lgan va uning og‘irligi bor-yo‘g‘i 93 grammni tashkil etgan. Nokia 1100 telefoni 2009 yilgacha ishlab chiqarilgan.
2. Nokia 1110 – 248 mln dona
Nokia 1110 telefoni ilk bor 2005 yilda ishlab chiqarilgan. U o‘zidan avval chiqarilgan Nokia 1100 telefoniga juda o‘xshash bo‘lgan.
Telefonning bo‘yi 104, eni 44, qalinligi 17 millimetr, og‘irligi 80 gramm bo‘lgan. Korpusi plastikdan tayyorlangan.
Bu telefon ham asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda ko‘p sotilgan. Uni ham eng ko‘p xitoyliklar sotib olgan. Telefonda maksimum 200 ta kontaktni saqlash mumkin bo‘lgan.
Nokia 1100 telefoni 2007 yilgacha ishlab chiqarilgan. So‘ng uning o‘rniga Nokia 1200 telefoni sotuvga chiqarilgan. Bu telefondan jami 248 mln dona sotilgan.
3. iPhone 6 va iPhone 6 Plus – 222 mln dona
iPhone 6 va iPhone 6 Plus Amerikaning Apple korporatsiyasi mahsuloti hisoblanadi. Ular ilk bor sotuvga 2014 yilda chiqarilgan.
O‘sha yili 9 sentabrda qurilmalarning taqdimoti o‘tkaziladi, 12 sentabrdan buyurtma qabul qilish boshlanadi.
Dastlabki sutkada 4 million dona telefonga buyurtma tushadi. Bu korporatsiya tarixida rekord hisoblanadi. Undan avval ham, keyin ham korporatsiyaning boshqa bironta mobil qurilmasiga bir sutkada buncha buyurtma tushmagan.
Oradan birmuncha vaqt o‘tgach korporatsiya yana bir rekord haqida xabar tarqatadi. Unga ko‘ra, dastlabki 10 kunda iPhone 6 va iPhone 6 Plus telefonlaridan 10 mln donadan oshiq buyurtma tushgan.
iPhone 6 va iPhone 6 Plus telefonlarini ishlab chiqarish 2016 yil 7 sentabrda iPhone 7 va iPhone 7 Plus ishlab chiqarilishi munosabati bilan to‘xtatiladi. O‘shangacha ulardan 222 mln dona sotiladi.
iPhone 6 telefoni bo‘yi 138, eni 67, qalinligi 6,9 millimetr bo‘lgan. iPhone 6 Plus esa bo‘yi 158, eni 77,8, qalinligi 7,1 millimetr bo‘lgan. iPhone 6 og‘irligi 129, iPhone 6 Plus esa 172 gramm bo‘lgan.
4. Nokia 105 – 200 mln dona
2010 yillarga kelib Apple iOS va Sumsung android tizimida ishlovchi smartfonlari bilan mobil qurilmalar bozorining ancha qismini egallaydi.
Hali ham tugmali telefonlar ishlab chiqarishda davom etayotgan Nokia kompaniyasining ishi orqaga keta boshlaydi. Biroq ana shunday sharoitda ham Nokia telefonlariga talab bor edi.
Shu sababli 2013 yilda ishlab chiqarilgan oddiy, tugmali Nokia 105 telefoni shu paytgacha 200 mln dona sotiladi.
Nokia 105 telefoni hozirgacha ishlab chiqariladi va 2015, 2017, 2019 yillarda u uch marta yangilanadi.
Bu telefonning uzunligi 106, eni 45, qalinligi 13 millimetr bo‘lgan. Og‘irligi atigi 67 grammni tashkil etgan.
5. iPhone 6S va 6S Plus – 174 mln dona
iPhone 6S va 6S Plus telefonlarining taqdimot marosimi 2015 yil 27 avgust kuni o‘tkazilgan. O‘sha yili 12 sentabrdan ularga buyurtmalar qabul qilina boshlangan. 25 sentabrdan sotuvga chiqarilgan.
iPhone 6S telefonining bo‘yi 138,3, eni 67,1, qalinligi 7,1 millimetr bo‘lgan. Qurilmaning og‘irligi 143 grammni tashkil etgan.
6S Plus’ning bo‘yi 158,1, eni 77,8, qalinligi 7,3 millimetr, og‘irligi 192 gramm bo‘lgan.
2018 yil 12 sentabrda har ikki telefonni ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Ungacha ulardan jami 174 mln dona sotilgan.
6. iPhone 5S – 165 mln dona
iPhone 5S telefoni taqdimoti 2013 yil 10 sentabr kuni iPhone 5 bilan birga o‘tkazilgan. 20 sentabrdan sotuv boshlangan.
Bu telefonning narxi xotira hajmiga qarab AQShda 649-849 dollar, Yevropada 699-899 yevro bo‘lgan. Rossiyada 1 000 dollar atrofida sotilgan.
Bu telefonning bo‘yi 123,8, eni 58,6, qalinligi 7,6 millimetr, og‘irligi 112 grammni tashkil etgan.
2016 yil 23 mart kuni iPhone 5S ni ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Ungacha bu telefondan 165 mln dona sotilgan.
7. Nokia 3210 – 161 mln dona
Eng ko‘p sotilgan telefonlar ro‘yxatida eng yoshi keksasi Nokia 3210 qurilmasi hisoblanadi. Bu telefon ilk bor 1999 yilda ishlab chiqarilgan.
Uning bo‘yi 123,8, eni 50,5, qalinligi esa 16,7 dan 22,5 millimetrgacha bo‘lgan. Og‘irligi esa 151-153 grammni tashkil etgan.
Telefonning xotirasiga faqat 250 ta kontaktni saqlash mumkin bo‘lgan. Undan jami 160 mln dona sotilgan.
8. iPhone 7 va iPhone 7 Plus – 160 mln dona
Bu telefonlarning taqdimoti 2016 yil 7 sentabr kuni o‘tkazilgan. Sotuvlar 16 sentabrdan boshlangan.
iPhone 7 va iPhone 7 Plus o‘zidan avvalgi telefonlarga qaraganda sal yirikroq va yupqaroq qilib tayyorlangan.
Agar telefonning korpusi orqa tomonidagi tishlangan olma tasviri ko‘rinmaganda uni Samsung Galaxy telefonlariga o‘xshatish mumkin edi.
iPhone 7 telefonining bo‘yi 138,3, eni 67,1 va qalinligi 7,1 millimetr, og‘irligi 138 gramm bo‘lgan. iPhone 7 Plus esa bo‘yi 158,2, eni 77,9 va qalinligi 7,3 millimetr, og‘irligi 188 grammni tashkil etgan.
2019 yilda iPhone 7 va iPhone 7 Plus telefonlarini ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Ungacha ulardan 160 mln dona ishlab chiqarilgan.
9. iPhone 11, iPhone 11 Pro va iPhone 11 Pro Max – 159 mln dona
iPhone 11 turkumidagi telefonlarning taqdimoti 2019 yil 10 sentabr kuni o‘tkazilgan. 18 sentabrdan boshlab buyurtmalar qabul qilina boshlangan. 20 sentabrdan sotuv boshlangan.
iPhone 11 ning bo‘yi 150,9, eni 75,7, qalinligi 8,3 millimetr, og‘irligi 194 gramm bo‘lgan. iPhone 11 Pro’ning bo‘yi 144, eni 71,4, qalinligi 8,1 millimetr, og‘irligi 188 grammni tashkil etgan.
iPhone 11 Pro Max telefonining bo‘yi 158, eni 77,8, qalinligi 8,1 millimetr, og‘irligi 226 gramm bo‘lgan.
iPhone 11 Pro va iPhone 11 Pro Max 2020 yil 13 oktyabrda, iPhone 11 telefoni esa 2022 yil 7 sentabrda ishlab chiqarishdan olingan. Ungacha bu telefonlardan jami 159 mln dona sotilgan.
10. iPhone XR, iPhone XS va iPhone XS Max – 151 mln dona
iPhone XR, iPhone XS va iPhone XS Max telefonlarining taqdimoti 2018 yil 12 sentabr kuni o‘tkaziladi. Bu telefonlar 2017 yilda ishlab chiqarilgan iPhone X telefonining davomi bo‘lgan.
iPhone XR telefonining bo‘yi 150,9, eni 75,7 va qalinligi 8,3 millimetr, og‘irligi 194 gramm bo‘lgan.
iPhone XS telefonining bo‘yi 143,6, eni 70,9 va qalinligi 7,7 millimetr, og‘irligi 177 grammni tashkil etgan.
iPhone XS Max telefonining bo‘yi 157,5, eni 77,4 va qalinligi 7,7 millimetr, og‘irligi 208 gramm bo‘lgan.
2020 yilda iPhone XR telefonidan 77,4 mln dona sotiladi va u mobil qurilmalar tarixida eng ko‘p sotilgan telefonlar o‘ntaligiga kiradi. Bu telefon 2021 yil 14 sentabrda ishlab chiqarishdan olib tashlangan.
iPhone XS va iPhone XS Max telefonlari esa sotuvga chiqarilganidan bir yil o‘tib, 2019 yil 10 sentabrda ishlab chiqarishdan olingan.
Yuqoridagilardan tashqari yana quyidagi telefonlar eng ko‘p sotilgan telefonlar sirasiga kiradi:
· iPhone 12, iPhone 12 mini, iPhone 12 Pro, iPhone 12 Pro Max;
· iPhone 13, iPhone 13 mini, iPhone 13 Pro, iPhone 13 Pro Max;
· Nokia 6600 (150 mln dona sotilgan);
· Nokia 1200 (150 mln dona sotilgan);
· Nokia 5230 (150 mln dona sotilgan);
· Samsung Ye1100 (150 mln dona sotilgan)
· Nokia 2600 (135 mln dona sotilgan);
· Motorola RAZR V3 (130 mln dona sotilgan);
- Nokia 1600 (130 mln dona sotilgan).
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.