Meva va sabzavotlar avvalgidek to‘yimli va vitaminlarga boy emas: bunga sabab nima?

Jamiyat 15:07 / 16.02.2023 31015

 

8 mlrddan oshgan insoniyatni to‘ydirish uchun dunyo supermarket rastalarida katta va yaltirab, ishtahani ochib turadigan meva va sabzavotlar ko‘payib boryapti. Biroq tadqiqotlarga ko‘ra, bunday meva va sabzavotlar tarkibidagi ozuqaviy moddalar 70 yil oldingilaridan 38 foizgacha kamaygan.

Taqchillashgan oziq moddalari

Dehqonchilik mahsulotlari tarkibidagi oziq moddalarning kamayishi haqidagi ilk yirik tadqiqotlardan birini 2004 yilda Texas universiteti olimlari o‘rganishgan. Ular 43 xil ekinni 1950 va 1999 yillarda yig‘ilgan USDA ozuqaviy moddalar ma’lumotlari bilan taqqoslashgan. Tanlab olingan ekinlarda 13 xil ozuqaviy modda miqdori o‘zgargani aniqlangan.

Jumladan, B2 vitamini — 38 foiz, kalsiy — 16 foiz, temir moddasi — 15 foiz, fosfor — 9 foiz, protein — 6 foizgacha kamaygani qayd etilgan. Xususan, brokkoli, karam, xantalda kalsiy; bodring va sholg‘omda temir moddasi; C vitamini miqdori esa turli ko‘katlarda qisqargan.

Foods jurnalining 2022 yil yanvar sonida chiqqan tadqiqotlarda ham shunday holat kuzatilgan. Avstraliyada yetishtirilgan shirin makkajo‘xori, qizil kartoshka, gulkaram, yashil loviya, yashil no‘xat va no‘xatlarda temir moddasi 30 foizdan 50 foizgacha kamaygan.

Scientific Repors jurnalining 2020 yilgi sonidagi tadqiqotda esa don mahsulotlaridagi oziq moddalar kamaygani isbotlangan. Bug‘doy tarkibidagi protein miqdori 1955 yildan 2016 yilgacha 23 foizgacha pasaygan bo‘lsa, marganets, temir, rux va magniyda ham sezilarli pasayish kuzatilgan.

Oziq moddalarning kamayishi kimga qanday ta’sir qiladi?

Dunyo olimlari odamlarni ko‘proq ho‘l meva va sabzavotlar iste’moliga chaqirayotgan bir paytda, mahsulotlarning tobora to‘yimsiz bo‘lib borayotgani tashvishli holat.

«Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibida oziq moddalar kamligi surunkali kasalliklarga qarshi himoyani ta’minlaydigan tizimlarning kuchsizlanishiga olib keladi. Odamlar o‘zlarini surunkali kasalliklardan himoya qila olmay qoladilar»,degan Ostondagi Texas universiteti gemorfologiya professori Devid R.Montgomeri.

Bu fikrni Sietlldagi Vashington universitetining iqlim o‘zgarishi va salomatlik bo‘yicha mutaxassisi Kristi Ebi ham ma’qullagan. Unga ko‘ra, qayta ishlangan mahsulotlardan o‘zini tiyadigan va barra mahsulotlarni afzal ko‘radiganlar ham bobo-buvilari vaqtidagidek ozuqani topolmaydi.

Bug‘doy va guruch butun dunyo bo‘ylab iste’mol qilinadigan kaloriyalarning 30 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Ozuqaviy moddalarning pasayishi donli mahsulotlarni ko‘p iste’mol qiladigan kam daromadli davlatlar aholisiga ko‘proq ta’sir qiladi.

«Xotin-qizlarda temir moddasi tanqisligi kamqonlikni keltirib chiqaradi», — degan Ebi.

Hayvonlar ozuqasi oldingidek to‘yimli bo‘lmay qolgani insonlar uchun go‘sht va go‘sht mahsulotlarini ham to‘yimsiz qilganini aytadi Montgomeri.

Oziq moddalar qisqargani sabablari

Ekinlardagi oziq moddalarning kamligiga bir qancha faktorlar ta’sir qiladi. Birinchisi, ekinlar hosildorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy dehqonchilik usullari.

«O‘simliklarni kattaroq va tezroq o‘stirishga urinish o‘simliklar tuproqdagi ozuqa moddalarini singdira olmasligi yoki ozuqa moddalarini ichkarida sintez qila olmasligiga sabab bo‘ladi», — deya tushuntirgan Texas universitetidan Donald R.Devis.

Qishloq xo‘jaligining sug‘orish, o‘g‘itlash va yig‘ish usullari o‘simliklar va tuproq zamburug‘lari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni buzyapti. Bu — tuproqdan ozuqa moddalarining so‘rilishini kamaytiradi.

Ya’ni, fermerlar ko‘proq hosil olaman deb, tuproqqa ko‘p o‘g‘it sepishadi va mahsulotning shakli kattalashib, oziq modda kamayadi.

Yana bir omil — ekinlardan ko‘proq hosil olishga urinish. Endi tuproq ko‘proq hosil beraman deb o‘zidagi ozuqa moddalarini oldingidan ham ko‘proq mahsulotga sarflaydi. Natijada hosil ko‘p, lekin oziq moddalar kam bo‘ladi. Deylik 1 gektar yer oldin 1 tonna mahsulotga oziq modda yetkazgan bo‘lsa, endi 1,5 tonnaga yetkazishi kerak.

Uchinchi omil — atmosferadagi karbonat angidrid miqdorining oshishi.

Barcha o‘simliklar fotosintez jarayoni orqali atmosferadan karbonat angidrid so‘rib olib, uni parchalaydi va o‘sish uchun ugleroddan foydalanadi, deb tushuntiradi Ebi. Ammo bug‘doy, guruch, arpa va kartoshka kabi ekinlar yuqori darajadagi karbonat angidrid so‘rganda, tarkibida ko‘proq uglerodga asoslangan birikmalarni hosil qiladi. Bundan tashqari, karbonat angidrid konsentratsiyasi yuqori bo‘lganda ekinlar tuproqdan kamroq suv so‘radi, deydi Ebi.

Science Advances jurnalining 2018 yilgi sonidagi tajribalar 18 turdagi guruchda karbonat angidrid miqdori yuqori bo‘lganda oqsil, temir, rux va bir qancha B vitaminlari konsentratsiyasi pasayganini tasdiqlagan.

Nima qilish kerak?

Tuproqni yaxshilash usullaridan biri bu regenerativ dehqonchilik deb maslahat beradi xalqaro tadqiqotlar. Bu — qayta tiklanadigan dehqonchilik, tuproq unumdorligini tiklay oladigan keng qamrovli, bosqichma-bosqich bajariladigan amaliyotlar to‘plami degani.

PeerJ: Life & Environment jurnalining 2022 yil yanvar sonidagi tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, regenerativ dehqonchilik amaliyotlari tuproqdagi organik moddalar, tuproq sifati ko‘rsatkichlari, ba’zi vitaminlar, minerallar va fitokimyoviy moddalar darajasi yuqori bo‘lgan ekinlarni beradi.

Bunda birinchi qadam, yerga ishlov berishni kamaytirishdir. Yana tuproq tarkibini yaxshilash uchun beda, javdar o‘ti kabi ekinlarni almashlab ekish juda muhim. Chunki bu o‘simliklar eroziyaning oldini oladi va begona o‘tlarning o‘sishini kamaytiradi, yerni tozalaydi. O‘simliklarni almashlab ekish keyingi ekinlarning ozuqaviy tarkibini yaxshilashi mumkin.

Xaridorlar esa turli xil va rangdagi mahsulotlarni xarid qilish orqali, o‘zlariga yetishmayotgan ozuqa moddalari o‘rnini qisman to‘ldira olishlari mumkin, deb maslahat berdi, Alabama universiteti dotsenti Kristi Krou-Uayt. Chunki qaysidir mahsulotda kam bo‘lgan vitamin o‘rnini boshqasi bilan to‘ldirsa bo‘ladi.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: