Ulkan baqlajondan uzun loviyagacha. Angliyalik pensioner gigant sabzavotlar yetishtirish bo‘yicha 25 marta rekord o‘rnatdi

Jahon 12:27 / 09.10.2024 16872

Angliyalik 80 yoshli Piter Gleyzbruk g‘ayritabiiy kattalikdagi sabzavotlari bilan 25 karra Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Uning bog‘ida 27,48 kiloli gulkaram, 89,7 santimetrli loviya dukkagi va 4,98 kiloli kartoshkani uchratish mumkin.

O‘zim uchun doim yangi marralar izlab kelganman”, — dedi u Nottinghamdagi uyida Euronews’ga bergan intervyusida.

Piter bu mashg‘ulotni 20 yil oldin, sabzavotlar ko‘rgazmasidan ilhomlanib boshlagan. Ko‘rgazma uchun sabzavot yetishtiruvchilar o‘z mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi, shakli va holatiga eng asosiy e’tiborni qaratishadi. Ular uchun hajm va og‘irlik hamma narsadan ustun. Piter ham sabzavotlar dunyosiga kirishga qaror qilgan.

Uning harakatlari muvaffaqiyatli kechdi, Piter Ginnesning 25 ta jahon rekordini o‘rnatgan, hozirda ulardan oltitasini saqlab turibdi (3,12 kg og‘irlikdagi eng katta baqlajon va 63,8 sm ga 67,7 sm o‘lchamdagi eng katta loviya barglari)

Qo‘lida gigant sabzavot ko‘tarib turgan Piterning suratlari OAVda tez-tez chop etiladi, ammo bu faqat yakuniy natija, xolos. Bunday g‘ayritabiiy mahsulotlarni yetishtirish uchun oylab mashaqqatli mehnat, mahorat va fidoyilik talab etiladi.

Bu mening hayotim, u ko‘p yillardan beri shunday”, — dedi u.

2023-yilgi Malvern Autumn ko‘rgazmasida Piter eng og‘ir bulg‘or qalampiri bilan jahon rekordini yangiladi.

Gigant sabzavotlarni yetishtirish fidokorlik talab etadi

Piterning tushuntirishicha, ko‘p sabzavotlarni katta o‘lchamli qilib yetishtirish uchun ularni uzoq vaqt o‘stirish kerak. Buning uchun maxsus jihozlar, jumladan sun’iy isitish va yoritish tizimlari, kundalik sug‘orish hamda, albatta, ko‘p mehr va e’tibor talab qilinadi.

Uzoq vaqt davomida hech qayerga ta’tilga borolmayman, chunki sabzavotlarga ko‘z-quloq bo‘lib turishim kerak”, — deydi u.

Buyuk Britaniyada butun mamlakat bo‘ylab turli tadbirlar o‘tkaziladi. Bu tadbirlarda Piter va uning hamkasblari kim eng katta, eng og‘ir yoki eng uzun sabzavotlarni yetishtirganini aniqlash uchun o‘zaro bellashadi.

“Bu anchagina raqobatli, lekin do‘stona musobaqa. Bir-birimiz bilan muloqot o‘rnatish va urug‘lar almashishdan mamnun bo‘lamiz”, — deb tushuntirdi u. Shuningdek, Facebook’dagi maxsus sahifada dehqonlar ko‘rgazmalar oralig‘idagi tanaffuslarda o‘z yutuqlari haqida xabar berib turadi.

Piterning rekordchi sabzavotlaridan biri

Iqlim o‘zgarishi sabzavotlar yetishtirishni qiyinlashtirmoqda

Keskin raqobatdan tashqari, yana bir murakkab masala bor — iqlim o‘zgarishining ob-havoga ta’siri.

Bu yil Angliya dehqonlari uchun og‘ir keldi, chunki o‘zgaruvchan ob-havo o‘sish jarayonini murakkablashtirdi. Piter bu tendensiyani anchadan beri kuzatib keladi.

“Albatta, iqlim o‘zgardi”, — deydi u. “Ortga qarab shuni aytishim mumkinki, so‘nggi 10 yil ichida fasllar o‘zgardi”.

Iqlimning inson omili tufayli o‘zgarishi kuchayib borayotgani sababli Buyuk Britaniyada ekstremal ob-havo sharoitlari tobora tez-tez va uzoqroq davom etmoqda. Bu esa fermerlardan tortib gigant sabzavotlar ishqibozlarigacha barcha turdagi ishlab chiqaruvchilarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Shunga qaramay, gigant sabzavot yetishtiruvchilar hamjamiyati o‘z shashtini yo‘qotmagan, bu sohadagi 20 yillik faoliyati davomida Piter ko‘plab yangi raqobatchilar bilan “ringga chiqdi”.

Musobaqalarning eng muhimi Malvern Autumn ko‘rgazmasida o‘tkaziladigan ulkan sabzavotlar milliy chempionati hisoblanadi. Unda Buyuk Britaniyaning turli hududlaridan kelgan dehqonlar o‘zlarining ulkan sabzavotlarini namoyish etadi.

Piter ko‘plab jahon rekordlarini aynan shu yerda o‘rnatgan. Biroq murakkab ob-havo sharoitlari tufayli, kelasi hafta oxirida bo‘lib o‘tadigan bu yilgi musobaqada u avvalgi yutuqlarini takrorlashda qiyinchilikka duch kelishi mumkin.

“Bu yil ko‘p narsadan ayrilib qoldim, shuning uchun katta yutuqdan umid qilmayapman”, — dedi u.

Ammo eng oliy sovrinni boy berish unga moliyaviy zarar keltirmaydi. Ko‘rgazmalarda turli toifalar uchun sovrinlar mavjud bo‘lsa-da, bu odatda foyda keltirmaydigan mashg‘ulot hisoblanadi. To‘g‘ri, ba’zan homiylik sovrinlari uchrashi mumkin, ammo kamdan kam hollarda. Ular 1192 yevrogacha daromad keltirishi mumkin.

“Bizda bir gap bor: ko‘rgazmaga borib kelish uchun benzinga pulingiz yetgan bo‘lsa bo‘ldi, demak, vaqtingizni yaxshi o‘tkazgansiz”, — deya kuldi Piter.

Foto: Piter Gleyzbruk

Gigant sabzavotlarni qanday yetishtirish mumkin?

Piter gigant sabzavotlar yetishtirishga qiziquvchilar uchun bir nechta muhim maslahatlari bilan bo‘lishdi.

Ishni pomidor yoki shunga o‘xshash yozgi sabzavotlardan boshlang, chunki ularning mavsumi qisqa va issiqxona kabi maxsus sharoitlarni talab qilmaydi. Avvalo mos urug‘larni topish zarur. Agar to‘g‘ri nav urug‘idan boshlamasangiz, hech qachon katta hosil ololmaysiz. So‘ng har qanday turdagi sabzavot uchun uning o‘sishiga munosib sharoit yaratish kerak. Bog‘da maxsus qurilmalar barpo etish deymizmi, yetarli yorug‘lik, sifatli kompost va suv bilan ta’minlash, shular jumlasidan. Eng muhimi, ularni har kuni kuzatib borish lozim”, — dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: