2024 yil 28 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolariga Angliyaga mavsumiy ish o‘rinlari uchun ro‘yxatdan o‘tish kunlarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, agentlikning xorijdaish.uz portali orqali 2025 yil 10 yanvar soat 15:00 dan 19:00 gacha (Toshkent vaqti bilan) Buyuk Britaniyaning HOPS rekruting kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish ochildi.
Agentlik shu bilan birga tanlov ro‘yxatdan o‘tish bosqichlari, bu ro‘yxatdan o‘tish — keyingi bosqichlarida ishtirok etishni kafolatlamasligi haqida yozib bordi. Ma’lum qilinishicha, tanlov qarorlari to‘liq HOPS tomonidan qabul qilinadi va bepul amalga oshiriladi. Migratsiya agentligi esa tanlangan fuqarolarning Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketishini keyinchalik tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
10 yanvar kuni 15:00 da e’lon qilingan mavsumiy ishlarga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Ro‘yxatdan o‘tish boshlanganidan keyin saytda texnik uzilishlar yuzaga kelgan. Agentlikka ko‘ra, bir vaqtning o‘zida platformadan foydalanuvchilar soni 2 milliondan ortib ketgan. Shu sababli ro‘yxatdan o‘tish 10 yanvar soat 19:00 emas, balki 21:00 gacha uzaytirildi.
Oradan ikki kun o‘tib, 12 yanvar kuni Migratsiya agentligi Angliyadagi mavsumiy ishlarga 12 ming 331 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi.
«Onlayn test sinovi HOPS operatori tomonidan 2025 yil 14-15 yanvar kunlari o‘tkaziladi. Test ma’lumotlari faqat ro‘yxatdan o‘tgan va tanlangan fuqarolarga elektron pochta orqali yuboriladi. Elektron pochtangizni diqqat bilan tekshirishingiz kerak. Agar siz onlayn test uchun havolani olmagan bo‘lsangiz, demak tanlanmagan hisoblanasiz!» — deyiladi agentlik xabarida.
Lekin oradan uch kun o‘tib, 15 yanvar sanasida agentlik Angliyada mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun ochilgan ro‘yxatdan o‘tish natijalari Hops Labour Solutions tomonidan bir yoqlama bekor qilinganini bildirdi.
«Ushbu qaror Hops Labour Solutions tomonidan qabul qilingan va Migratsiya agentligida uni o‘zgartirish vakolati yo‘q. Masala yuzasidan savol va e’tirozlaringiz bo‘lsa HOPSʼning hello@hopsls.com, complains@hopsls.com elektron pochtasiga rus va ingliz tillarida murojaat qilishingiz mumkin», — deyiladi agentlik bayonotida.
Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan Hops Labour Solutions tashkiloti ham bayonot berdi. Angliyalik rekrutrga ko‘ra, tashkilotga ro‘yxatga olish jarayoniga uchinchi shaxslarning aralashuvi haqidagi ko‘plab ishonchli xabarlar kelgani uchun jarayon to‘xtatilgan.
«Hurmatli arizachilar, 10 yanvar, juma kuni ro‘yxatga olish jarayoniga uchinchi shaxslarning aralashuvi haqidagi ko‘plab ishonchli xabarlar tufayli HOPS O‘zbekistonda bo‘lajak ishga qabul qilish bosqichini keyinga surishga majbur. Bu – juma kuni ro‘yxatdan o‘tganlar uchun katta umidsizlik bo‘lishini tushunsak-da, biz ishga qabul qilish jarayonining yaxlitligi va shaffofligini ta’minlashga mas’ulmiz.
Agar sizda uchinchi shaxslar Buyuk Britaniyaning mavsumiy ishchilar sxemasida joy olish uchun pul undirgani haqida dalillaringiz bo‘lsa va siz bizning davom etayotgan tergovimizga yordam berishni istasangiz, biz bilan complains@hopsls.com pochtasi orqali bog‘lanishingizni tavsiya qilamiz», — deyiladi agentlik bayonotida. Shuningdek, HOPS umumiy so‘rovlarga javob bera olmasligini ham ma’lum qilgan.
17 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Migratsiya agentligi rasmiylari ushbu holatga yana to‘xtaldi. Agentlik direktori o‘rinbosari Matlab Quronovga ko‘ra, ushbu loyihada ishlash uchun 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik ariza topshirgan, natijada texnik muammolar yuzaga kelgan.
«Bu loyiha oxirgi 2 yil davomida agentlik va Angliyadagi ish beruvchi o‘rtasida tashkillashtirilgan, hammasi qonuniy. Oldingi yilda ham ketishgan, bu yilda eski xatolardan kelib chiqqan holda yondashdik, lekin shu bilan ham ayrim muammolar yuzaga keldi. Asosiy masala 4 soatlik vaqtni 6 soatga cho‘zdik, «ko‘proq qilib qo‘ysa bo‘lmasmidi», deyilyapti. Bir narsani tushunish kerak, agentlik faqat ish beruvchi bizga aytgan shart-sharoitlar va vaqtni tashkillashtirib beramiz. Shundan keyin ish beruvchilar bizga yakuniy ro‘yxat berib, shuncha odam o‘tdi, shularga viza rasmiylashtirishda, yuborishda ko‘mak berishni so‘rasa, ta’minlab beramiz.
Asosiy muammo nima bo‘ldi? Oldingi yilda bir million atrofida fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa, bu yil ketmoqchi bo‘lganlar uch millionga yaqinlashdi. Demak, biz o‘tgan yilgi kamchiliklarni ko‘rib, o‘z platformamizni mukammallashtirdik. Shunga qaramay, texnik sabablar tufayli ko‘p murojaatlar qabul qilinmay qoldi, shunda vaqtni uzaytirdik. Lekin talablarga binoan, bu ham olti soatdan cho‘zilmadi.
Endi bu loyihani qayta e’lon qilishga kelishdik. Chunki biz tusholmadik, ro‘yxatdan o‘tolmadik, degan fuqarolar murojaatlari bo‘lgan. Biz hammaga teng imkoniyatlar ta’minlanishi uchun platformani kengaytirish ustida ishlayapmiz. Talab kuchayib borayotgani sababli texnika ham ba’zi vaziyatlarda javob bermayapti, lekin yaqin orada e’lon qiladigan tanlovlar uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Vaqt va imkoniyat masalalarini yaxshilab, fuqarolarga adolatli imkoniyatlar yaratib beramiz. Adolatsizlik bo‘lmasligi uchun birinchi tanlovdan o‘tganlarning ham natijalarini bekor qildik, hammaga boshqatdan birdek imkoniyat beriladi», – deydi Matlab Quronov.
Agentlik mas’uli Azimjon Husanovga ko‘ra, Angliyaga ishga topshiruvchilar soni ko‘pligining asosiy sababi, bu loyihada hech qanday kasb mutaxassisligi va ingliz tilini bilish bo‘yicha talablar yo‘qligida. Shu sababli, ko‘pchilik oilaviy ham ariza topshirib qo‘yavergan.
Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Qurbonov O‘zbekiston fuqarolariga Angliyaga mavsumiy ish o‘rinlari uchun ro‘yxatdan o‘tish loyihasi keyinroq boshqatdan ochilishini ma’lum qildi.