AQSh osmonida razvedka sharini payqashdi. Rasmiylar u Xitoydan kelganini aytmoqda

Jahon 12:48 / 03.02.2023 43895

«AQSh hukumati ayni vaqtda mamlakatning materikdagi qismida yuqori balandlikda uchayotgan razvedkachi havo sharini aniqladi va kuzatib bormoqda», deyiladi harbiy idora xabarida.

Amerika nashrlariga ko‘ra, Pentagondagilar bu shar - xitoyliklarniki ekaniga shubha qilmayapti. AQSh hukumati ushbu obekt borasida XXRga so‘rov yuborgan.

Oq uy vakillaridan birining aytishicha, Vashington Pekinga vaziyatga juda jiddiy qarayotganini bildirgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Nin Pekin xabarni tekshirayotganini ma’lum qilgan.

«Faktlar aniq bo‘lmagunicha, spekulyatsiya va shovqin muammoga to‘g‘ri yechim topishga yordam bermasligini qayd etib o‘tmoqchiman», degan u juma kuni Pekindagi brifingda.

AQSh mudofaa vazirligidagilar esa shar xitoyliklarniki ekaniga amin.

«Bu Xitoy shari ekaniga ishonchimiz komil. Barcha maxsus xizmatlarimiz va harbiy tahlilchilarimiz ham shu fikrda», degan Pentagon vakili.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kundan keyin AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Pekinga tashrif buyurishni rejalashtirganidan kelib chiqqan holda, shar bilan bog‘liq hodisani surbetlarcha chaqiriq sifatida baholash mumkin.

AQSh harbiylari sharning razvedka ma’lumotlari yig‘ish bo‘yicha samaradorligi cheklanganini taxmin qilishmoqda.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns shu kunlarda Vashingtondagi Jorjtaun universitetida qilgan chiqishida Xitoyni AQSh uchun eng katta geopolitik muammo deb atagandi.

Urib tushirmaslikka qaror qilishgan

Amerika hukumati ulkan hajmi tufayli sharni urib tushirmaslikka qaror qilgan. Shunga qaramay, qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan.

«Men aniq o‘lchamlarni aytmayman. Bizning baholarimizga ko‘ra, uning hajmi ulkan va agar biz uni urib tushirsak, yerga tushgan parchalari quruqlikda vayrongarchiliklar keltirib chiqarishi mumkin. U ancha yuqorida ekaniga qaramay, uchuvchilar bu jismni ko‘rgani haqida xabarlar bor», degan Pentagon vakili.

Xabar qilishlaricha, shar juda yuqorida harakatlanayotgani tufayli fuqarolik aviatsiyasiga tahdid solmaydi.

«Shar ayni vaqtda tijoriy havo qatnovlari amalga oshiriladigan balandlikdan ancha yuqorida uchmoqda va quruqlikdagi odamlarga hech qanday xavf tug‘dirmaydi», deyiladi Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holat avvalgi yillarda ham kuzatilgan.

Hozirgi hodisa avvalgilaridan shunisi bilan farq qiladiki, hozirda shar AQSh hududi osmonida ko‘proq vaqt qolmoqda.

NBC telekompaniyasi xabar qilishicha, chorshanba kuni AQSh harbiy qo‘mondonligi bu hodisani va ehtimoliy choralarni muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazgan. Bu shar haqida AQSh prezidenti Jo Bayden xabardor qilingan.

NBC manbalari qayd etishicha, obekt aniqlangach, aviatsiya havoga ko‘tarilgan, jumladan beshinchi avloddagi F-22 Raptor qiruvchi samolyotlari, shuningdek radarni aniqlash samolyoti ham.

Havo sharini dastlab chorshanba kuni Montana shtati Billings shahri hududida uchratishgan. Bungacha, taxminlarga ko‘ra, obekt Kanada va Aleut orollari ustidan uchib o‘tgan. Kanada mudofaa vazirligi esa mamlakat osmonida yana bir shar borligini ma’lum qilgan. Kanada hukumati boshqa izoh bermayapti, faqat AQSh rasmiylari bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini bildirgan.

  • AQSh va Xitoy munosabatlari 2022 yil avgustida, AQSh Kongressi spikeri Nensi Pelosi XXR hukumati o‘z hududi deb biladigan Tayvanga tashrif buyurishi ortidan yomonlashgandi. 
  • 2023 yil yanvar oyi oxirida AQSh harbiy-havo kuchlari generali Mayk Minihan Tayvan tufayli AQSh va Xitoy o‘rtasida 2025 yilda urush kelib chiqishi mumkinligini aytdi.
Ko‘proq yangiliklar: