QQS stavkasi 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Bu narxlarni arzonlashtiradimi?

Iqtisodiyot 08:15 / 10.01.2023 33923

Narxlar arzonlashishi mumkinmi?

Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizgacha tushirilishi, albatta, biznes va aholi uchun ijobiy signal. Bu, ideal sharoitda, nazariy jihatdan, yaratilayotgan har bir mahsulot xarajatlari 3 foizga arzonlashayotganini bildiradi. Ammo real holatda narxlar pasayishi mumkinmi?

Birinchidan, soliqlar pasaytirilishi erkin raqobat sharoitidagina narxlar tushishiga olib keladi. Ya’ni bozorda mahsulot yetkazib beruvchi ishtirokchilar qanchalik ko‘p bo‘lsa, kimdir kamroq foydaga rozi bo‘lib, narxlarni bosqichma-bosqich tushirishni boshlashi mumkin. Bu esa qolgan yetkazib beruvchilar uchun ham narxlarni arzonlashtirish uchun signal beradi.

Raqobatli bo‘lmagan, monopollashgan bozorlarda esa soliq yuki kamayishi sotuvchi va vositachilar marjinalligini oshirishgagina xizmat qiladi, xolos. Birgina misol, UzAuto Motors sotuvlar boshlangan paytda Chevrolet Onix narxlarini QQSsiz keltirib o‘tgandi. Vaholanki, xaridorlar shartnoma tuzayotganida 15 foizlik QQSni to‘lashi shart. Biroq 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ining 15 foizdan 12 foizga tushishi fonida kompaniya sotuvdagi avtomobillari narxini arzonlashtirgani yo‘q. Yoki O‘zbekiston havo yo‘llari va O‘zbekiston temiryo‘llari chiptalari narxini tushirmadi.

Taklif cheklangan bozorlarda kompaniyalar QQS stavkalarining o‘zgarishiga asimmetrik tarzda javob berishga moyil bo‘ladi. QQSning pasayishiga javoban ular o‘z narxlarini pasaytirmaydi, lekin QQS stavkasi ko‘tarilsa, narxlarni sezilarli darajada oshiradi. Bu yerda noelastik talab tufayli soliq yuki kamayishidan faqatgina ishlab chiqaruvchi foyda ko‘radi. Ushbu holatda soliqlar pasayishining birdan bir ta’siri budjet kamomadidagina namoyon bo‘ladi.

Ikkinchidan, QQS pasayishi narxlar o‘sishini sekinlashtirishi, talabni oshirishi va bozor faolligini rag‘batlantirishi ham mumkin. Bu daromad effekti bilan bog‘liq. Xususan, QQS pasayishi iste’molchilar daromadi oshishiga olib kelsa va ushbu mablag‘lar qo‘shimcha xaridlarni amalga oshirishga yo‘naltirilsa, bu iqtisodiy faollikni rag‘batlantiradi.

Agar narxlar pasayishi iste’molchilarga sezilmasa, ishlab chiqarish va bandlik sezilarli darajada o‘smaydi. Davlat raqobatli biznes muhitini qo‘llash orqali nafaqat tadbirkorlarni, balki butun mamlakat aholisini ijtimoiy himoya qilayotgan bo‘ladi. Narxlar pasayishi aholining to‘lov qobiliyatini oshiradi, bu savdo, o‘z navbatida, budjetga tushumlar ham ko‘payishiga olib kelishi kerak. Ya’ni soliq stavkasini pasaytirish orqali davlat aslida, tadbirkor foydasiga qandaydir summadan voz kechmaydi. Aksincha, shunday qarorlar orqali tadbirkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi va shu tariqa budjetga tushumlar oshishidan umid qiladi.

Albatta, QQSni oxir-oqibatda iste’molchi, ya’ni xalq to‘laydi. Ammo QQS stavkasi pasayishi natijasida bu mablag‘lar tadbirkorlik sub’yektlari hisobida qoladi, ularning aylanma mablag‘lari ko‘payadi. Hozirgi sharoitda QQS pasaytirilishidan narxlar arzonlashishini kutish qiyin, lekin ayrim tarmoqlarda ma’lum muddat narxlar o‘sishi sekinlashishi mumkin.

«QQSning 12 foizga tushishi ortidan narxlar pasayishi ehtimoldan yiroq»

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Gazeta.uz'ga bergan intervyusida QQS pasayishi narxlar arzonlashishiga olib kelmasligini ta’kidlab o‘tgan.

«Narxlarga kelsak, ularning arzonlashuvi raqobatbardosh bozorlarda mumkin, qolganlarida esa bu dargumon, chunki kompaniyalar soliq stavkasi pasayishidan olinadigan barcha daromadlarni xaridorlarga berishi dargumon», – degan u.

Dilshod Sultonov 2019 yilda QQS stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirilganda iste’mol tovarlari va xizmatlarining mutlaq ko‘pchiligi narxlari pasaymaganini ham eslatib o‘tgan.

«Narxlarning qisqa muddatli pasayishi kuzatilgan bo‘lsa ham, u uzoq davom etmadi va bir yil ichida avvalgi darajaga qaytdi. Bu, birinchi navbatda, iste’molchilarning talab va taklifidan kelib chiqib, amaldagi narxni to‘lashga tayyorligi bilan bog‘liq edi», – degan u.

QQS pasayishining iqtisodiyotga ta’siri qanday?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari soliq yuki va qo‘shilgan qiymat solig‘ini 3 foiz punktgacha kamaytirish iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.

Qayd etilishicha, QQS davlat budjeti daromadlarining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. 2021 yilda bu soliq bo‘yicha tushumlar 38,4 trillion so‘mga yetib, bu umumiy tushumlarning 23,4 foizini tashkil etgan. QQSning 44 foizi sanoat tarmoqlariga, 18 foizi qurilish tashkilotlariga, 13 foizi ulgurji va chakana savdo korxonalariga to‘g‘ri keladi.

«Ushbu soliq tovarlar/xizmatlar narxiga kiritilgani sababli QQS nominal stavkasining 15 foizdan 12 foizgacha tushirilishi iqtisodiyotning real sektorida narxlar pasayishiga olib keladi. “Xarajatlar-ishlab chiqarish” narx modelidan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday pasayish 0,81 foizni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, narxlar umumiy indeksining 0,8 foiz punktga pasayishi soliq tushumlari bo‘yicha yo‘qotishlar (QQS tushumlarining 20 foizga yoki budjetdan tashqari jamg‘armalarni hisobga olmaganda barcha soliq tushumlarining 4,7 foizga kamayishi) uchun kompensatsiya bo‘ladi. Bunda to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir (tarmoqlararo o‘zaro ta’sirlarni hisobga olmagan holda) 0,57 foiz punktni, bilvosita ta’sir (tarmoqlararo o‘zaro ta’sirlar bilan) esa 0,24 foiz punktni tashkil etadi. Narxlar pasayishiga qayta ishlash sanoati (39 foiz), qurilish (14 foiz) va ulgurji va chakana savdo (10 foiz) tarmoqlari eng katta hissa qo‘shadi, ya’ni ushbu uchta tarmoq ulushiga umumiy narxlar pasayishining deyarli 2/3 qismi to‘g‘ri keladi.

Soliq solish tizimidagi tez-tez o‘zgarishi optimal emas. Ammo QQSning tabaqalashtirilgan stavkalarini joriy etish masalasini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, u o‘zini oqlamagan soliq imtiyozlarining aksariyatini bekor qilgan holda amalga oshirilishi zarur. Bunda tayyor mahsulotning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi qancha yuqori bo‘lsa, QQS stavkasi ham shuncha past bo‘lishi kerak. Bu esa korxonalarga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish va tez o‘sib borayotgan soliq yuki shaklida katta xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikda yordam beradi», – deyiladi PMTI ekspertlari tahlilida.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma’lum qilishicha, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 15 foizdan 12 foizga pasaytirilishi davlat budjeti daromadlarining qariyb 14 trillion so‘mga kamayishiga olib keladi. Mazkur mablag‘lar birinchi navbatda ayrim soliq imtiyozlarini bekor qilish va xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish orqali qoplanishi rejalashtirilmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: