XVJ jahon iqtisodiyoti uchun og‘ir yilni taxmin qilmoqda

Iqtisodiyot 11:05 / 02.01.2023 33350

Xalqaro valuta jamg‘armasi taxminiga ko‘ra, kelayotgan 2023 yil jahon iqtisodiyotining aksariyat qismi uchun avvalgi yilga qaraganda qiyinroq bo‘ladi. Bu dunyoning uchta asosiy iqtisodiyoti - AQSh, Yevropa va Xitoyning o‘sish sur’atlari sekinlashishi va faollikning zaiflashishi bilan bog‘liq. Bu fikrni 1 yanvar, yakshanba kuni Amerikaning CBS telekanaliga bergan intervyusida Xalqaro valuta jamg‘armasi bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva XVJning so‘nggi hisobotlaridan birini sharhlar ekan, bildirib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh iqtisodi ancha chidamli, u retsessiyadan qochib qutula oladi va hozir ham mamlakatdagi mehnat bozori ancha ishonchliligicha qolmoqda. Georgiyevaning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urushdan qattiq zarar ko‘rgan. «Keyingi yil Yevropa Ittifoqining yarmi retsessiyaga yuz tutadi. Xitoy yanada sekinlashish davom etadi, kelasi yil Xitoy uchun qiyin bo‘ladi», dedi u.

XVJ rahbari shuningdek, global xarajatlarning oshishini bashorat qilmoqda. «Pandemiyadan so‘ng ta’minot zanjirlari qayta tiklanmoqda va ishlab chiqaruvchilar eng arzon ishchi kuchi va xomashyoni emas, balki ishlab chiqarish tannarxi va biznes barqarorligi o‘rtasida muvozanatni saqlashlari mumkin. Bu xarajatlar darajasini oshirishi mumkin», dedi Georgiyeva.

Ko‘proq yangiliklar: