«Bu – to‘g‘ri yo‘l» - Prezident energetika sohasida erkin bozorga o‘tish shartligi haqida

Iqtisodiyot 12:59 / 20.12.2022 43519

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida energetika sohasi bo‘yicha muammolarga to‘xtaldi.

«Ochiq aytish kerak, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q.

Ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham, ayni haqiqat.

Oqibatda, tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi.

Shu bilan birga, so‘nggi olti yilda aholimiz 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi. Natijada, elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshdi va yildan yilga ko‘payib bormoqda», dedi prezident.

Iqtisodiyot barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerakligi ta’kidlandi.

«Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin. 

Shu bois, so‘nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi.

Jumladan, o‘tgan haftada Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyalarini qurish bo‘yicha tanlov yakunlandi.

Yil boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirdik. Kelasi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyihani yakuniga yetkazamiz.

Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga, qo‘shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi. 

Bu orqali, xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi»,  dedi prezident.

Davlat rahbari energetika sohasida erkin bozorga o‘tish shartligini ta’kidladi.

«Ochiq aytish kerak, ko‘p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o‘tishni taklif qilmoqda.

Bu – to‘g‘ri yo‘l. Men ham buni xohlayman.

Lekin, xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini o‘ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak. Hozir bozor narxiga o‘tsak, odamlar to‘lay olmay qiynaladi.

Biz albatta erkin bozor tizimiga o‘tamiz, faqat bunda sharoiti og‘irlarga 2-3 yilga aniq subsidiya beramiz.

Daromadi yaxshi, 3 ta saunasi, 20 ta televizori borlar xohlagancha olaversin, faqat bozor narxida olsin. Hozir daromadi yaxshi ham, daromadi yomon ham bir xil narxda olyapti, bu adolatsizlik.

Eng muhim masala – energiya resurslaridan samarali foydalanish. Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori. Shuning uchun, energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz.

Energetika sohasida erkin bozorga o‘tishimiz shart. Agar erkin bozorga o‘tmasak, bizga investor kelmaydi», dedi prezident.

Ko‘proq yangiliklar: