Kichik biznesga yengilliklar beriladi, QQS pasayadi - 2023 yilgi soliq o‘zgarishlari

Iqtisodiyot 20:06 / 19.12.2022 36932

Moliya vaziri Timur Ishmetov 2023 yilgi davlat budjetiga oid qonun loyihasini parlamentga taqdim etdi. U o‘z nutqida kelasi yilgi soliq qonunchiligi bo‘yicha ham ma’lumot berdi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi amaldagi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytiriladi. Buning natijasida tadbirkorlar ixtiyorida qo‘shimcha 13 trln so‘m aylanma mablag‘ qolishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 2023 yilda ushbu soliq bo‘yicha tushumlar joriy yilga nisbatan 16 trillion so‘mga ko‘p bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 14 ta faoliyat turi bo‘yicha 4 foizdan 25 foizgacha belgilangan stavkalari unifikatsiya qilinib, yagona 4 foiz etib belgilanmoqda. Bunda, hudud va faoliyat turiga qarab, 1 foizdan 3 foizgacha belgilangan pasaytirilgan stavkalar saqlab qolinadi.

Tovar aylanmasi 500 mln so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun yiliga 20 mln so‘m, aylanmasi 500 mln so‘mdan yuqori bo‘lganlar uchun 30 million so‘m miqdorida qat’iy belgilangan soliqni har oyda teng ulushlarda to‘lash huquqi berilmoqda. Bu soliq to‘lovchilar buxgalteriya hisobini yuritishdan hamda foydasidan to‘lanadigan dividend solig‘idan ozod etiladi.

Tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan kichik biznes toifasiga kiruvchi tadbirkorlar uchun 1 yil davomida foyda solig‘i stavkasi 2 baravarga pasaytiriladi.

Mahalliy budjet daromadlari barqarorligini ta’minlash uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari va bazalari inflatsiya doirasida yoki 10 foizga indeksatsiya qilinishi nazarda tutilgan. Bunda aksiz solig‘i stavkalari indeksatsiyasi 2023 yil 1 fevraldan ro‘y berishi ko‘zda tutilgan.

2023 yilda foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz miqdorida o‘zgarishsiz saqlab qolinmoqda.

2023 yil 1 apreldan boshlab budjet mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan bir qator xizmatlar bo‘yicha QQSdan imtiyozlar bekor qilinadi. Boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining muddatlari tugashi ham budjet daromadlarida inobatga olingan.

Moliya vaziriga ko‘ra, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hisobiga 9 trillion 200 milliard so‘m qo‘shimcha reja budjet daromadlarida ko‘zda tutilgan.

Umuman, davlat budjeti daromadlari 2023 yilda 232 trillion 600 milliard so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Timur Ishmetov sanab o‘tgan soliq o‘zgarishlarini 22 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvida anonslagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: