Nimalarning narxi qimmatlashishi mumkin? - Markaziy bank inflyatsion kutilmalar sharhini e’lon qildi

Iqtisodiyot 16:03 / 14.12.2022 32593

Noyabr oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 15,3, biznesniki esa 14,3 foizni tashkil qilgan. Aholi vakillari valuta kursi qadrsizlanishini (51 foiz), tadbirkorlik sub’yektlari esa yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlari narxlari qimmatlashishini narxlar oshishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillar sifatida ko‘rsatgan.

Markaziy bank noyabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari inflyatsion kutilmalari sharhini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari oktabr oyiga nisbatan 0,2 foizga oshib, 15,3 foizni tashkil qilgan.

Noyabr oyida inflatsiya kelgusida 13–16 foiz atrofida bo‘lishini kutayotgan respondentlar ulushi sezilarli darajada ortgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursi qadrsizlanishi (51 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya resurslari narxi qimmatlashishi (38 foiz);
  • asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashishi (37 foiz).

Bundan tashqari, narxlar sun’iy oshirilishi (35 foiz), ish haqi va nafaqalar oshishi (28 foiz), turar joy va ijara to‘lovlari qimmatlashishi (22 foiz), supermarket va bozorlardagi narxlar o‘rtasidagi tafovut yuqoriligi (11 foiz) kabi omillar ham aholi inflyatsion kutilmalariga sezilarli ta’sir o‘tkazgan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Noyabr oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 14,3 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foizga oshgan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlari narxlari qimmatlashishi (50 foiz);
  • valuta kursi qadrsizlanishi (48 foiz);
  • import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishi (32 foiz).

Shuningdek, ish haqi va nafaqalar oshishi, xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar mavjudligi, iqtisodiy raqobat muhiti yomonlashishini kutayotgan tadbirkorlar ulushi ham o‘tgan oyga nisbatan sezilarli miqdorda oshgan.

Ko‘proq yangiliklar: