Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev iqtisodchi Otabek Bakirovdan energetika inqirozi borasida intervyu oldi. Kun.uz iqtisodchining muammo ildiziga oid bildirgan fikrlarini keltiradi.
«Yillar davomida ishlab chiqarish o‘smagan»
— Energetika krizisi bir kunda yuzaga kelmagan, bunga bir necha yillar va xatolar sabab bo‘lgan. O‘zbekistonda energetika sohasida 2003-2004 yildan boshlab gaz qazib chiqarish ham, elektr energiyasini ishlab chiqarish ham umuman to‘xtagan. Agar hisoblaydigan bo‘lsak, 19 yildan beri deyarli o‘sish kuzatilmagan, 62-64 mlrd kub atrofida gaz qazib olingan, elektr generatsiyasi 56-58 mlrd kv/soat atrofida ishlab chiqarilgan. 2018-2019 yillargacha shu me’yor ushlangan.
Aholi va sanoat o‘sib, ishlab chiqarish o‘smagan. Aholi jon boshiga elektr energiyasi generatsiyasi turmush sharoiti va iqtisodiy o‘sishga proporsiya darajasida bo‘lmasa ham, yuqori korrelyatsiya darajasida bog‘liq.
O‘zbekiston misolida shu narsa 2017 yilgacha ishlamagan. 2017 yildan keyin yangi siyosat bu asosiy narsa ekanini tushunib yetdi. O‘zbekiston oldiga juda katta maqsadlar – ochiq bozorga qarab yurish, dunyo iqtisodiyotiga integratsiya kabilar qo‘yildi. Bularning hech birini energetika islohotisiz amalga oshirib bo‘lmaydi.
Bugungi muammolar energetika sohasida ayrim masalalarni yechishda orqada qolib ketganimiz sababli yuzaga kelmoqda.
«Sohaga investitsiyalar jalb qilinmagan»
— Energetika sohasida investitsiyalar yetarli emasdi. Uzoq yillar davomida statistika bo‘yicha iqtisodiy o‘sish yuz bergan, ammo elektr energiyasi va gaz ishlab chiqarish o‘smagan, bunga pul ham tikilmagan. Qazib olishga ham, generatsiyaga ham, geologik qidiruv ishlariga ham pul tikilmagan.
Bu muammo 2017 yildan boshlab yechildi. Agar biz tashqi qarzimiz va investitsiyalarning umumiy miqdorini oladigan bo‘lsak, neft, gaz va elektr energetika generatsiyasiga eng katta investitsiyalar va qarzlar jalb qilganmiz. Bu masala yechilishi boshlandi. Energetika sohasi rahbarlari ham yo‘qotishlar infratuzilma bilan bog‘liq emasligini aytmoqda.
Ilgari texnologiyamiz eskirgan, borini ham yetkaza olmaymiz degan sabablar aytilardi. Hozir bu sabablar, transformatorlar bilan bog‘liq masala yo‘q.
«Hisob yo‘qligi muammosi yechildi»
— Ikkinchi masala – hisob yo‘qligi masalasi edi. Ya’ni biz 90–yillardan keyin bozorga o‘tmaganimiz uchun hisobimiz bo‘lmagan. Oxirgi iste’molchi borasida ham hisob bo‘lmagan. 2020 yildan boshlab ham elektr, ham gazni oladigan bo‘lsak, tizim yo‘lga qo‘yila boshlandi.
«Defitsit muammosi yechilmadi, bozorga rag‘bat berilmadi»
— Uchinchi masala qoldi: har qanday defitsit (taqchillik) bilan bog‘liq masalani yechish uchun unga rag‘bat berish kerak. Non defitsit bo‘lsa, non ishlab chiqarishni ko‘paytirishga, bug‘doy defitsit bo‘lsa, bug‘doy yetishtirishga rag‘bat qo‘yish kerak. Rag‘bat bo‘lmasa, qancha reja qo‘yish, qancha shtab tashkil qilishingizdan qat’i nazar, u oshmaydi.
2019 yilda bajarilishi kerak bo‘lgan narxlar bilan bog‘liq rag‘batni ishlab chiqaruvchiga, sotuvchi va sotib oluvchiga bermadik. Butun dunyoda yagona energetika bozori mavjud emas, mintaqaviy bozorlar bor. Misol uchun, Sharqiy Yevropada bitta, G‘arbda, Amerikaning o‘zida ham shimol va janubida mintaqaviy bozorlar bor.
Biz hech bo‘lmasa, o‘z hududimizda, possovet hududidagi bozorlarda mavjud bo‘lgan energiya narxlariga narxlarimizni yetkazishimiz kerak edi. Buning hisobidan birinchidan, sohaga investitsiya olib kirar edik. Biz shu paytgacha [energetikaga] qarz olib tikdik, investitsiya emas. Investorlar o‘zi qiziqish bildirib, pul tikishni boshlardi – qazib olishga ham, elektr energiyasi generatsiyasiga ham.
Ikkinchisi, yana bir muhim narsa – har qanday defitsit tovarning narxi bozor narxidan karrasiga farq qilsa, o‘zingizni uni tejashga undamaysiz – aholi bo‘lsangiz ham, biznes vakili bo‘lsangiz ham.
Masalan, OAVda chiqqan xabarlarda ohak ishlab chiqarish uchun zavod gaz ishlatgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni ular ham gazning narxi arzon bo‘lgani uchun alternativ energiyani qo‘llashga o‘zida rag‘bat ko‘rmagan. Chunki eng arzoni va tekini gaz bo‘lgan.
Yana bir misol, shu yil yozda energetika bo‘yicha tabaqalashtirilgan toifalarni joriy qilish to‘g‘risida ilk loyiha e’lon qilinganda atrofimdagi o‘nlab odamlar «uyimdagi gaz qozonim haddan ziyod ko‘p gaz sarflaydi, uni yangilashim kerak», dedi. Men bu ishni amalga oshirdim. Biroq iyul oyida loyiha tarkibi o‘zgarib, ishga tushishi kechikkach, to‘qqiz kishi fikridan qaytdi. Chunki qozonni almashtirib mablag‘ sarflagandan ko‘ra, 380 so‘m [narx] miqdorida saqlanib qolgan gazni ishlatish manfaatliroq.
Nega biz kam gaz qazib chiqaryapmiz?
— Asosiy 9 ta yirik gaz qazib chiqaruvchi bor, eng yirigi «O‘zbekneftgaz», undan keyin «Lukoyl». Yana mayda kompaniyalar ham bor. Ammo ularning ham ulushi jamlansa anchagina bo‘ladi. Ular ishlab chiqarayotgan gazini sotishi va ketgan xarajatini qoplashi, kelasi yillarda gaz qazib olish uchun yangi texnologiyalar va yangi geologiya-qidiruv ishlariga pul kerak.
Ya’ni biz qazib olayotgan gazimiz shu vaqtgacha investitsiya sarflangan va yetib borilgan quduqlardan qazib olinmoqda. Qazib olishni oshirishimiz kerak, [ammo] bunga ham rag‘bat yo‘q, qo‘pol qilib aytganda pul yo‘q. Davlatda ham, xususiy biznesda ham pul yo‘q.
Bir tonna bug‘doy ishlab chiqarib ham, ikki tonna bug‘doy ishlab chiqarib ham bir xil daromad olsangiz, sizda bug‘doy ishlab chiqarishga rag‘bat bo‘lmaydi.
Ikkinchisi, gaz import qiladigan bo‘lsak, gazni 250 dollardan olsak, o‘rtacha 60 dollardan sotsak, qolganini qayerdandir qoplash kerak. Shu paytgacha byujdet buni qoplab kelayotgandi, chunki iqtisodiy o‘sish yuqori edi, ikkinchidan tashqi manbalar, tashqi qarz jamg‘arish manbalarimiz bor edi. Qarz narxlari keskin oshib ketgani imkoniyatlarimizni imkonsiz qilib qo‘ydi. Mana muammo qayerdan paydo bo‘lyapti.
Tariflarni bozorga yaqinlashtirsak, foyda bo‘ladimi deb savol qo‘yilyapti. Bu og‘ir savol. Birdaniga bozor muvozanatlashmaydi, birdaniga ishlab chiqarish oshib qolmaydi, birdaniga tashqaridan 5 mlrd kub gazni shartnoma qilib sug‘urib ololmaymiz, birdaniga bu ishni bajara olmaymiz. Qisqa qadamlar bilan 1,5-2 yilda muvozanatlashamiz.