«Boshimni qanday g‘avg‘oga tiqqanimni kech bildim» – mahalla raisining nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 16:29 / 10.12.2022 52302

Shifoxonada men bilan bir xonada yotgan odam o‘limi yaqinlashayotganini va ajalini kutib yotganini bilmasdi. Uning hayoti oxirlab borayotganini men ham tasodifan bilib qoldim. Hamyotog‘im uxlab yotganida vrach meni ham uxlab yotibdi deb o‘yladi shekilli, bemorning qarindoshlariga uning qisqa umri qolgani haqida gapirdi. Ammo men uning barcha gapini eshitib turgandim.

«Biz qo‘limizdan kelgan barcha chorani ko‘ryapmiz. Qolgan hammasi Xudodan. Lekin umid juda kam. Aka birinchi insultni o‘zi sezmagan holda oyoqda turib o‘tkazib yuborgan. Bu ikkinchisi», dedi vrach.

Qarindoshlar jim bo‘lib qolishdi. Shu payt vrach «U nima ish qilardi o‘zi?» deb so‘rab qoldi. «Mahallada rais bo‘lib ishlaydi. Odamlar janjallashib kelavergach asabi dosh bermadi shekilli», degan javob eshitildi.

Ertasi kuni hamyotog‘im biroz o‘ziga keldi. Bir-ikki kunda o‘tirishga ruxsat berishdi. Uning holati Nodar Dumbadzening «Abadiyat qonuni» asari qahramoniga o‘xshardi. Umri tugab borayotganini o‘zi bilmas, men bilan kulib hangomalashib o‘tirardi.

Shunday kunlarning birida undan nega ancha serg‘alva bo‘lgan ish – «domkom»likni tanlagani haqida so‘radim. U asta gap boshladi.

«Mustaqillikdan avval, harbiy xizmatni o‘tab kelganimdan keyin otam olib borib Oliy militsiya maktabiga joyladi. Maktabni bitirib tumanimiz ichki ishlar bo‘limiga ishga keldim.

Yoshlikdan ko‘nglim bo‘sh, mendan tezkor xodim yoki tergovchi chiqadi deb o‘ylamasdim. Shu sababli bir amallab kadrlar bo‘limiga «ilindim». Ishimni o‘zim yaxshi ko‘rardim.

Sidqidildan, vijdonan ishlaganim uchun bir necha yil oddiy xodimlikdan kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarilib bordim.

Aslida kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga ishtiyoqmandlar ko‘p bo‘ladi. Chunki bu ishda ishlayotganlar boshqa bo‘limlarda ishlayotgan xodimlarday hayotini xavf ostiga qo‘yib jinoyatchilar bilan to‘qnashmaydi. Qishning sovug‘ida, yozning issig‘ida sutkalab ko‘chada yurmaydi.

Asosan tinch kabinetlarda o‘tirib ishlaydi. Ish ham uncha serg‘alva emas. Shu sababli bir necha marta o‘rnimga ko‘z olaytirganlar chiqdi. Ammo o‘rnimda qoldim.

Shu tarzda ancha yillar ishladim va kunlardan bir kuni pensiyaga chiqdim. Shundan so‘ng sobiq hamkasblarim orasida boshi ochiq yaxshi bir ayol bor edi, yashirincha nikoh o‘qitib, u bilan ham yashay boshladim.

Ha, harom yo‘lga yurmadim. Birovning xotinini yo‘ldan urmadim. Birinchi turmushidan ajrashgach tengini topa olmay yurgan ayol rozi bo‘lgandi, unga uylandim.

Ayol oilam borligini bilardi. Shunday bo‘lsa ham ikkinchisiga deganimda rozi bo‘ldi. Balki yumshoq fe’lli odam bo‘lganim unga ma’qul kelgandir.

Oradan biroz o‘tib xotinim viloyat boshqarmasiga ishga o‘tdi. U tumandan qatnab ishlay olmasdi, viloyat markaziga ko‘chdi. Shundan so‘ng bir oyog‘im o‘sha yoqda bo‘lib qoldi.

Garchi viloyat markaziga qatnash biroz mushkul va vaqtni olsa ham hayotimdan mamnun edim. Qishloqdagi xotinim hammasini bilar, biroq biron marta ham bu mavzuda gap ochmagan va menga e’tiroz bildirmagan.

Shundan so‘ng yo‘l azobini inobatga olib, yashash tarzimni biroz o‘zgartirdim. Haftaning uch kunida viloyat markazida ikkinchi xotinimning oldida, uch kun qishloqda o‘tkazardim.

Yakshanba kuni vaqtimni do‘stlarga ajratardim. Ichki ishlarda ishlaganim uchun katta pensiya olardim va u mening barcha xarajatlarimga yetib ortardi.

Mahallamiz uchta guzardan tashkil topgan. Ular o‘rtasida sovet davridan buyon zimdan raqobat bor. O‘sha paytda ham brigadir, zveno boshliqlari va boshqa kichik amallarga bizga «raqib» bo‘lgan guzar odamlari tayinlanar. Bu holat biznikilarni ranjitardi.

Mustaqillikdan keyin endi mahalla raisi, uning kotibi va xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimlarini ham doimiy ravishda ular ilib keta boshlashdi.

Navbatdagi mahalla raisi saylovlari boshlanishidan avval guzarimizdagi yoshi ulug‘ otaxonlar, qo‘shnilar oldimga kelishdi.

– Sen oramizdagi eng tajribali, dunyoning past-balandini ko‘rgan odamsan. Buning ustiga mahalla raislari iloji boricha oliy ma’lumotli bo‘lsin, IIBdan nafaqaga chiqqanlar bo‘lsa yanada yaxshi deyishyapti. Shu uchun raislikka sening nomzodingni qo‘yamiz, – deyishdi.

O‘shanda rais bo‘lsam halovatim yo‘qolishi, avvalgiday maza qilib yashab yurish barham topishi bir zum xayolimdan o‘tdi. Ammo amalning shaytoni qursin, «xo‘p» deb yuborganimni o‘zim bilmay qoldim. Oradan biroz o‘tib saylov bo‘lib o‘tdi va unda g‘olib chiqdim.

Mahalla idorasi «raqiblar»ning hududida edi. Shunday bo‘lsa ham ulardan hech kim menga ola qaramadi. Aksincha, hurmat qilib, hatto guzarlaridagi ma’rakalargacha bosh qilib qo‘yishdi.

Mahalla raisi bo‘lganimdan biroz o‘tib shu ishga o‘tib bekor qilganimni anglab yetdim. Beradigan oyligi tuman markaziga borib kelishga yetmas, ammo boshog‘rig‘i ko‘p ekan.

Oradan biroz o‘tib asabbuzarliklar boshlandi. «Raqib» guzarning odamlari bir joyga shikoyat qilib borishni yoki davlatdan nimadir undirish payida bo‘lishni o‘zlari uchun or deb bilishardi. Hamma balo o‘zimning guzarimdan chiqdi.

«Mahalla raisi o‘zimizdan bo‘ldi» deb guzarimdagi barcha katta va kichikning oyog‘i mahalla idorasidan va uyimdan uzilmay qoldi. Biri haqiqatan nochorligi uchun yordam so‘rab kelsa, ikkinchisi «Nega qo‘shnimga yordam berasan-u, men qolib ketaman?» deb o‘dag‘aylab kelardi.

Bunday holda barchaning ishini ijobiy hal qilib bo‘lmasdi. Ishi bitmagan hamguzarlarim menga dushman bo‘la boshlashdi. Mahallaga rais bo‘lguncha ko‘pchilikning xarakterini yaxshi bilmasdim. Guzarimiz odamlarining, ayniqsa ayollarning yomonligini mahallaga rais bo‘lib bildim.

Qaynonalardan biri keladi. Unga yordam olish uchun davlat qo‘ygan talablarga mos kelmasligini tushuntiraman, qarg‘ab chiqib ketadi. Oradan biroz o‘tib kelinini jo‘natadi. Qizim tengi yoshgina ayol. «Ishi bitmagach» u ham erkakchasiga so‘kib chiqib ketadi.

Eng yomoni, mahalla idorasida meni qarg‘ab, so‘kib ketgan ayollarning aksariyati ustimdan shikoyat qilib hokimiyatga ham boradi. Bir tarafdan hokimning tanbehlari, ikkinchi tomondan hamguzarlarimning ishlari asabimni kemira boshladi.

Kunlardan bir kun yarim tunda eshik taqilladi. Chiqsam guzarimizdagi bir ayol. «Erim men bilan yotmayapti», deydi. «Shunga men nima qilay? Axir, nega xotining bilan yotmayapsan deb uni urusholmayman-ku!» desam, «Nega urusholmaysiz, mahallani kattasi siz-ku!» deydi. Shunaqa, eri to‘shakda ters o‘girilib yotsa ham mahalla raisiga yugurib keladiganlar ham bor.

Guzarimiz ko‘chasida yurolmay qoldim. Uydan odamlar uyg‘onmasdan chiqib ketaman, hamma uxlagach qaytaman. Bu holat axiyri jonimga tegdi. Bir kun mahalla jamg‘armasi tuman bo‘limiga borib ortiq ishlamasligimni aytdim. Ular, sabr qilib saylangan muddatimning yakunigacha ishlab berishimni so‘rashdi. Shu tariqa ishni topshira olmay umidsiz ortga qaytdim.

Oxirgi janjal yomon bo‘ldi. Ikki uy naridagi qo‘shnimning kelini kelib yordam so‘radi. Unga buning iloji yo‘qligini aytdim. Shundan so‘ng baland ovozda meni haqorat qilib so‘ka boshladi.

«Sen davlatning bizga ajratayotgan pullarini yeb semirib yotibsan. Sen haromxo‘rsan. Hali seni ishdan bo‘shattirib yuboraman», kabi so‘zlar bilan og‘ziga nima gap kelsa qaytarmay aytdi. Kamiga ko‘chaga chiqib erkakchasiga so‘kishga o‘tdi.

Mahalla raisi bo‘lmasimdan avval ro‘paramdan chiqib qolganda yerga qarab uyalib salom beradigan yoshgina ayoldan bunaqa so‘kishlarni eshitish men uchun o‘limdan yomon edi.

Shu tobda mahalla raisi bo‘lishimni xohlagan, maslahat bergan va meni shu balolarga giriftor qilgan odamlarni ichimda la’natlardim. Oxiri portladim. Bor ovozim bilan ayolga «yo‘qol» deb baqirganim esimda. Ko‘zimni ochsam shu yerda yotibman. Mana endi sizga boshimdan o‘tganlarni aytib beryapman».

Hamyotog‘im qisqa umri qolganini, asabbuzarlik yuragini kemirib bo‘lganini bilmasdi.

«Muddat tugashiga hali olti oycha vaqt bor. Xudo xohlasa sog‘ligimni tiklab, bu yerdan chiqsam, mahalla idorasiga qaytib bormayman. Sog‘ligim o‘zimga kerak. O‘rnimga kim ishlasa ishlayversin», deb bir necha marta aytdi.

Shunaqa paytlarda uni nima deb yupatishimni bilmasdim. Gap topolmay «Ha, shunday qiling. Nima kerak sizga bunaqa boshog‘riq ish?!» deb qo‘yaman.

Bir necha kundan so‘ng ertalab ukollarni olgach toza havodan nafas olib kelay deb tashqariga chiqdim. Bahorning toza havosi, hammayoq ko‘m-ko‘k. Ichkariga kirgim kelmay tashqaridagi o‘rindiqda o‘tirdim.

Xonaga kirsam hamyotog‘imning o‘rni bo‘sh. Hamshiradan «Sherigim qani, boshqa joyga ko‘chirdinglarmi?» deb so‘rasam, «Iye, xabaringiz bo‘lmadimi? Bechora boya jon berdi, qarindoshlari olib ketdi», dedi. Bo‘shashib o‘rnimga o‘tirib qoldim.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: