«O‘z joniga qasd qilish – Alloh bergan omonatga xiyonatdir» – Homidjon Ishmatbekov

Jamiyat 19:08 / 01.12.2022 17797

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov murojaat bilan chiqib, Alloh bergan umr ne’mati va unga qasd qilmaslik kerakligi haqida ma’lumot berdi.

«Imtihon uchun yaratilgan insonning umrida yaxshiliklar ham va musibatlar ham bo‘ladi. Bu oldindan ma’lum ham qilib qo‘ydik. Qur’oni Karimda Alloh taolo marhamat qiladi: «Batahqiq, biz sizlarni turli-tuman yo‘llar bilan sinaymiz, xavf-xatar bilan, joningizga talafot yetkazish bilan, mollaringizga, ekinlaringizga ofat-balolar yuborish bilan sizlarni imtihon qilamiz».

Imtihonlarning barchasini Allohdan deb bilgan kishi – haqiqiy hidoyatdagi mo‘mindir. Alloh taolo bu sinovlardan faqatgina O‘ziga suyanib, sabr bilan o‘tishni tavsiya qilgan: «Albatta, Alloh taolo sabr qilguvchilar bilan birgadir».

Ba’zilar e’tiqodlari sustligi va Allohni yaxshi tanimagani uchun dunyoviy musibatlar tufayli o‘z joniga qasd qiladigan holatlar ham uchrab turadi. Bu Alloh taolo harom qilgan, kabira gunohlardandir.

«Alloh taolo: Kim o‘zining joniga qasd qilsa, bandam unga kelgan musibatga sabr qilmay, joniga qasd qilgan ekan, men unga jannatni harom qildim, deydi», - deyiladi hadisi qudsiyda. Bu Alloh bergan omonatga xiyonatdir. Hadislarda o‘z joniga qay tarzda qasd qilingan bo‘lsa, oxiratda ham shu yo‘sinda jazolanishi aytilgan.

Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga ham qanchalik sinovlar berdi: yetimlik, farzand dog‘lari, qiyinchiliklar. Alloh taolo oldingi payg‘ambarlarni misol keltirib, «siz ham shu yo‘ldasiz», deya Nabiy alayhissalomga tasalli berardi.

Hayotdan to‘yganlar, joniga qasd qilmoqchi bo‘lganlar o‘ylab ko‘rsin: qaysi musibatlari payg‘ambarlarning musibatlaridan o‘tib ketdi. Alloh taolo o‘sha musibatlarni kimlarningdir gunohlariga kafforat bo‘lishi uchun, kimlarningdir sabriga mukofot berish uchun yuboradi.

Bugun o‘tkinchi, maishiy narsalarga ham sabr qilib, ularning muolajasini qilish o‘rniga, joniga qasd qilganlar – o‘zlariga abadul-abad azob-uqubatlarni «sotib olayotganini» anglash kerak.

Hozirgi kunda ko‘plab ayollar va yoshlarning o‘z joniga suiqasd qilishlari bizni ham bezovta qilmoqda. Payg‘ambarimiz alayhissalom «Mo‘min – mo‘minga birodar. O‘ziga nimani xohlasa, birodariga ham o‘shani xohlamagani uchun komil musulmon bo‘lmaydi», degan. Shuning uchun biz yurtdoshlarimizni bunday gunohlardan ogohlantirib, uning oqibatlari haqida eslatib turamiz», - deydi Homidjon Ishmatbekov.

Ko‘proq yangiliklar: