AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Maxfiy xizmatiga 2024 yilgi saylov kampaniyasi vaqtida o‘ziga suiqasd uyushtirishga uringan shaxslar haqidagi barcha ma’lumotlarni taqdim etishni buyurganini aytdi. Bu haqda The New York Post yozdi.
«Men ikki qotil haqida bilmoqchiman... Nima uchun bir yigitda oltita uyali telefon, ikkinchisida (xorijiy) ilovalar bor edi? …Endi Bayden tufayli buni yashirishga hojat yo‘q. Men bilishga haqqim bor», dedi siyosatchi.
2024 yil 13 iyulda Donald Tramp Pensilvaniyadagi saylovoldi tashviqoti mitingida suiqasddan omon qoldi. Siyosatchi qulog‘idan jarohatlandi. 2024 yil sentabr oyida Tramp golf o‘ynayotgan vaqtda yana bir suiqasd urinishi sodir bo‘ldi. O‘q uzgan shaxs qo‘lga olindi, siyosatchiga zarar yetmagan.
Yanvar oyida Donald Tramp suiqasd paytida o‘zini himoya qilgan Shon Kurranni Maxfiy xizmatning yangi rahbari etib tayinladi.