Mustaqil komissiya Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha nega faqat 22 kishi sud qilinayotganiga izoh berdi

O‘zbekiston 16:17 / 29.11.2022 10936

28 noyabr kuni Buxoro viloyati sudida Nukusda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlangan 22 kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi.

Ish birinchi instansiya sudi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Ye.Abibullayev raisligida ko‘rilmoqda. Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, 22 nafar sudlanuvchiga nisbatan ayblov e’lon qilingan.

“Milliy gvardiya hamda Bosh prokuratura mas’ullarining iyul oyidagi ommaga elon qilgan ma’lumotlarida namoyishlardagi ishtiroki uchun 516 kishi qo‘lga olingani ma’lum qilingan edi. Jamoatchilikda qolgan shaxslar qayerda degan mazmundagi savollar yuzaga keldi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Mustaqil komissiya shuni ma’lum qiladiki, sud jarayonlarida 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, qo‘lga olinganlarning 107 nafari komissiya tashabbusi bilan jamoat kafilligi va qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishi orqali o‘z oilasi bag‘riga qaytarilgan. Qolgan shaxslar esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan”, deyiladi komissiyaning rasmiy bayonotida.

Ta’kidlanishicha, sud majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya a’zolarining ma’lum qilishicha, sud jarayonlari qonunchilikka muvofiq o‘tkazilmoqda.

Bayonotda 29 noyabr kungi sud jarayonlarida norozilik namoyishlarga boshchilik qilgan Dauletmurat Tajimuratovga nisbatan guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanayotgani qo‘shimcha qilingan.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha sudning birinchi kuni tafsilotlari e’lon qilingandi. Unda Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori sportchilarni jalb qilgani, norasmiy imom namoyishga da’vat qilgani, IIB xodimi qo‘shilgani, shu kunlari boshqa viloyatlardan kelganlarga nisbatan talonchilik harakatlari amalga oshirilgani haqida so‘z boradi.

Ko‘proq yangiliklar: