“Nabiramning dardini menga bersin, u hali judayam kichkina” – namozlarida bolajoniga shifo so‘rayotgan onaxon o‘kinchi

Jamiyat 12:47 / 09.11.2022 16605

E’zoza endigina 10 yoshga kiradi. Jigar sirrozi sabab o‘rtoqlari bilan o‘ynab-kulolmaydi, yugurish, og‘irroq narsa ko‘tarish mumkin emas. Uch o‘g‘ilning ichida o‘sayotgan yolg‘izgina qiziga bu dard qaydan yo‘liqqanini bilmay onaizor halak. Bobosi-yu buvisi unga ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslikka harakat qiladi.

“Bobojon, buvijon, deb yugurib keladi. O‘zimizdan o‘tganini o‘zimiz bilamiz. Ko‘z yoshlarimizni ko‘rsatmaslikka urinamiz. Shu nabiram boshqacha, ziyrak. Ismini o‘zim qo‘yganman. Yosh bo‘lsa ham, bitta aytganimdan qulog‘ida qoladi. Aytganimni qiladi. Maktabda ham yaxshi o‘qiydi.

Sumkasiga 2-3 tadan ortiq kitob soldirmaymiz. Og‘ir ko‘tarish mumkin emas. O‘tgan yili maktabga akasi bilan birga qatnardi. Akasi ko‘tarib borardi sumkasini. Bu yil dugonalari ko‘tarishib boradi.

Har uch oyda davolanib turadi. Onasi o‘zi Toshkentga olib kelib, olib ketadi. Davolanish vaqti kelguncha dori ichib yuradi. Ba’zan dorilarini ichmayman deb xarxasha qiladi. Onasi bechora ham qiynalib ketdi”, deydi buvisi ko‘z yoshlarini artib.

E’zoza ahvoli so‘nggi paytlarda og‘irlashib qoladi. Hindistonlik mutaxassislar tekshirib, bolaning jigarini emas, jigardagi tomirni alishtirish lozimligini aytishadi. Otasi qizining operatsiyasiga mablag‘ topish maqsadida xorijga otlanadi.

“Avvaliga jigar ko‘chirib o‘tkazish kerak, deyishgandi. Bobosi ham, men ham berishga tayyor edik. Keyingi tekshiruvlardan so‘ng, jigardagi tomirni alishtirish kerakligini aytishdi.

Qarindosh-urug‘ yordam qilishdi. Mol-hollarni sotdik. Endi yana pul topib kelish uchun otasi chet elga ishlagani ketdi. Har kuni telefon qilib qizini so‘raydi. E’zoza ham dadamni sog‘indim, tezroq kelsinlar, deb ichikib qolyapti.

Nabiramning dardini menga bersin, men umrimni yashab bo‘ldim. Bu hali kichkina. Butun hayoti oldinda. Har kuni namozlarimda bolajonimga shifo so‘rayman”, - deydi onaxon o‘kinch bilan.

E’zoza Murodillayevaga oid ma’lumotlar:

Uzsard: 8600 0604 3979 7235 otasi Kamoliddin Tulyayev nomida

Manzil: Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani, “Bo‘ston” MFY, 141-uy.

Ko‘proq yangiliklar: