Yangi Zelandiyada 300 dan ortiq oilaga tarkibida o‘limga olib keluvchi metamfetamin bo‘lgan konfetlar tarqatildi

Jahon 22:17 / 14.08.2024 4679

Yangi Zelandiyada boshpanasizlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi xayriya tashkiloti o‘zi bilmagan holda potensial o‘limga olib keladigan metamfetamin dozalari bilan to‘ldirilgan konfetlar tarqatdi. Ushbu «shirinliklarni» fuqarolardan biri xayriya qilgan.

Tashkilot xodimlari 14 avgust kuni oziq-ovqat paketlari yuborilgan 400 kishi bilan bog‘lanishga kirishgan. Yangi Zelandiya politsiyasi holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Giyovand moddalarga qarshi kurashish bo‘yicha Yangi Zelandiya fondi konfetlarni tekshirib, har bir shirinlik tarkibidagi metamfetamin oddiy dozadan 300 barobarga ko‘p ekani va o‘limga olib kelishini ma’lum qildi.

Metamfetamin — markaziy nerv tizimiga ta’sir ko‘rsatuvchi sintetik giyohvand modda. U oq rangda bo‘lib, rangsiz va kristall kukun ko‘rinishida, suv yoki spirtda tez eriydi.

Fond vakili Ben Birks Engning so‘zlariga ko‘ra, giyohvand moddalarni bu kabi ko‘rinishga keltirish transchegaraviy kontrabanda usuli hisoblanadi va konfetlarning aksariyat qismi butun Yangi Zelandiya bo‘ylab tarqalgan bo‘lishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, xayriya qilingan «shirinliklar»ning har birining ulgurji narxi 608 dollarni tashkil etadi. Shu boisdan noma’lum shaxs tomonidan ularning topshirib yuborilishi qasddan emas, balki o‘zi bilmagan holda amalga oshirilganini tahmin qilish mumkin.

Fond vakili Xelen Robinsonning aytishicha, sakkiz oila, jumladan, kamida bir nafar bola zararli konfetlarni tatib ko‘rishga ulgurgan. Ular «yoqimsiz» mazasi sabab konfetlarni darhol tuflab tashlagani bois hech biri shifoxonaga murojaat qilmagan.

Robinsonning so‘zlariga ko‘ra, xayriya tashkiloti faqat qadoqlangan ko‘rinishdagi oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qiladi. Malayziyaning Rinda brendi yorlig‘i yopishtirilgan ananasli konfetlarni haqiqiysidan ajratishning imkoni bo‘lmagan.

Ko‘proq yangiliklar: