YeChLda finaldan oldingi finallar. Pley-off juftliklari haqida

Sport 16:35 / 08.11.2022 28745

7 noyabr kuni YeChL nimchorak final bosqichiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, turnirning amaldagi g‘olibi «Real» finalchi «Liverpul» bilan pley-offning ilk bosqichidayoq to‘qnash kelgan bo‘lsa, bir necha yillardan buyon asosiy yevrokubok g‘olibligini maqsad qilib kelayotgan «PSJ»ga turnir favoritlaridan biri bo‘lmish «Bavariya» raqib bo‘ldi.

Jamoalar odatdagidek uyda va safarda to‘p surib, 1/4 final yo‘llanmasi g‘olibini aniqlaydi. Guruh g‘oliblari javob uchrashuvini o‘z uylarida o‘tkazishadi.

1/8 finalning dastlabki o‘yinlari 14-15 va 21-22 fevral kunlari, javob o‘yinlari esa 7-8 va 14-15 mart kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Nimchorakfinal o‘yinlari bahorda ham Toshkent vaqti bilan soat 01:00da boshlanadi.

Ma’lumot uchun, Chempionlar ligasi-2022/23 yilgi mavsum final bahsi 2023 yilning 10 iyunida Istanbuldagi «Otaturk» stadionida o‘tkaziladi.

«Liverpul» — «Real»

Bu ikki jamoa bir-biridan zerikkan desa ham bo‘ladi. 2018 yildan buyon «Real» va «Liverpul» ikki bor Chempionlar ligasi finalida o‘zaro raqib bo‘lgan, ikki safar ham madridliklar g‘olib chiqqan. O‘tgan mavsum finalida ham shunday bo‘lgan, o‘shanda Saloh va Mane Kurtua to‘sig‘idan o‘ta olmagan, Vinisius esa qizillar jamoasi himoyachilarining o‘yindagi yagona xatosidan unumli foydalangandi.

Klopp va uning shogirdlari uchun 1/8 final uchrashuvi — orani ochiq qilish uchun yaxshi imkoniyat. Ammo bu qarama-qarshilikda hamon «Real» favorit rolida. Birinchi navbatda joriy mavsumda «Liverpul» o‘yinida yuzaga kelgan muammolar tufayli. Klopp hozircha yozda «Bavariya»ga ketgan Manening o‘rnini to‘ldira olmayapti va jamoada maydon markazida ham jiddiy muammolar yuzaga kelgan, natijada ichki chempionatda kuchli to‘rtlikdan ancha ortda qolib ketilgan. «Real» esa Kazemiro ketgach ham o‘yin sifati va barqarorlikni saqlab qolmoqda.

Aftidan, bu juftlikda barchasi «Liverpul» qishki transferlarda tarkibni qanchalik kuchaytira olishiga bog‘liq bo‘ladi. Mish-mishlarga ko‘ra, jamoada bunday rejalar tayyorlanmoqda, fevralgacha kuchlar nisbati o‘zgarishi mumkin.

«PSJ» — «Bavariya»

Final maqomiga munosib bo‘lgan yana bir juftlik qarama-qarshiligi. Bu jamoalar 2019 yil YeChLning hal qiluvchi bahsida o‘zaro raqib bo‘lishgandi. Bu bahs ambitsiyalarning haqiqiy to‘qnashuviga aylanishi tayin. Yosh Yulian Nagelsmann dunyodagi eng yaxshi yosh murabbiylardan biri ekanini isbotlashi lozim. Uning ixtiyorida Yevropadagi eng tezkor hujmlar uyushtira oluvchi jamoa yig‘ilgan, ammo joriy mavsum davomida «Bavariya» bir necha bor qoqildi, shuning uchun jamoani hozirdan 1/8 finaldagi bahslarning yaqqol favoriti deyishga erta. Doim zaxira futbolchisi bo‘lib kelgan Erik Maksim Shupo-Moting 33 yoshida golli seriya namoyish etib, barchani hayratga solmoqda, ammo uning qahramonliklari pley-offda ham davom etishiga kafolat yo‘q.

«PSJ» uchun esa bu uzoq kutilgan YeChL g‘olibligini Messi — Mbappe — Neymar triosi bilan qo‘lga kiritish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Hozirda Kristof Galte jamoasi juda ishonchli va balansli o‘yin namoyish etmoqda. Agar jamoadagi barcha yetakchilar hozirgi sport formasini jahon chempionatidan keyin ham saqlab qolsa, «PSJ» pley-off bosqichlarida grand jamoalarga qarshi kuzatiladigan muammolarni bartaraf etishi va nihoyat «Bavariya» to‘sig‘idan o‘tishi mumkin. Bunday qadam esa «PSJ» nihoyat Chempionlar ligasida g‘olib chiqishi imkoniyatini keskin oshiradi.

Mbappe va Neymar joriy mavsumda raqiblar darvozalariga gol yog‘dirishda davom etmoqda. Foto: AFP

«Inter» — «Portu»

Bu juftlikda favorit va anderdog ma’lum. «Portu» o‘z guruhida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, bu ishni «Bryugge», «Bayyer» va yarimjon holatdagi «Atletiko» davrasida amalga oshirdi. «Portu»ning eng yorqin o‘yin ko‘rsatgan futbolchisi — 30 yoshli Torimiy bo‘ldi, u hozirda Yevropadagi eng samarali hujumchilardan biri bo‘lib turibdi, shuningdek darvozabon Koshta birin-ketin penaltilarni qaytardi, Galeno esa Lotin Amerikasi vakillariga xos tryuklar bilan muxlislarni xursand qildi.

Ammo bu kompaniya nisbatan yuqori saviyali raqibga qarshi tura olishi savol ostida. «Inter» Antonio Konte davridayoq Yevropaning top-jamoalari safiga qaytishni boshlagandi, Simone Indzagi boshqaruvida esa oldinga harakatlanishda davom etmoqda. Guruh bosqichi davomida neradzurri o‘z imkonini kuta bilishini namoyish etdi — «Barselona»ga qarshi ikki o‘yinda to‘rt ochko olindi. Ammo «Portu»ga qarshi o‘yinda «Inter» birinchi raqam ostida to‘p surishi kerak va bu Chexiyaning «Viktoriya» klubi emas. Umuman olganda, Indzagi va uning shogirdlarini jiddiy sinov kutmoqda.

«Leypsig» — «Manchester Siti»

Agar «Man Siti» hozirgi «Leypsig» to‘sig‘idan o‘ta olmasa, «shaharliklar» uchun bu galaktika miqyosidagi sharmandalik bo‘ladi. Bu bir necha yil oldin top-raqiblarga tengma-teng o‘yin namoyish etgan «Leypsig» emas. Jamoa tarkibi avvalgidek kuchli emas, Domeniko Tedesko iste’foga chiqarilguncha «Leypsig» ichki chempionatda quyi o‘rinlarga tushib ketgandi. Marko Roze kelishi bilan vaziyat yaxshilana boshladi, ammo «Manchester Siti»ga jiddiy qarshilik ko‘rsatish darajasida emas.

Holand APLda aqlbovar statistika namoyish etmoqda. Foto: AFP

«Milan» — «Tottenhem»

«Tottenhem» va «Milan» qarama-qarshiligi u qadar boy tarixga ega emas. 2011 yilgi YeChLdagi to‘qnashuvni eslash mumkin, o‘shanda Jyennaro Gattuzo o‘yin vaqtida «shporlar» murabbiylaridan biri Jo Jordanning bo‘ynidan bo‘g‘gandi, final hushtagi chalingach esa uning yuziga boshi bilan zarba bergandi.

Futbol borasida esa, ikki teng kuchli jamoa qarama-qarshiligi kutilmoqda. Antonio Konte «Tottenhem»ga yangi impuls berdi, ammo hozircha jamoa Angliya chempionatida g‘oliblik uchun da’vogarlik qila olmayapti. «Shporlar»da Keyn, Son, Loris va YeChL pley-off havosidan nafas olgan qator boshqa futbolchilar bor. Bu ularning ustunliklaridan biri.

«Milan»da esa nisbatan yosh, lekin juda iste’dodli futbolchilar tarkibi jamlangan. Italiyadagi o‘yinlarning o‘zi bilangina Leau va Tonalini qit’a miqyosidagi haqiqiy yulduzlar deyish qiyin. Ammo yevrokubok pley-offlaridagi o‘yinlariga qarab ularga bu maqom berilishi mumkin. Rossonerilarni bu o‘yinlarda yetuklik sinovi kutmoqda.

«Borussiya» D — «Chelsi»

Bu jamoalar Chempionlar ligasida hali o‘zaro o‘ynamagan. «Chelsi» 1/8 bosqichiga favorit maqomida chiqdi. Grem Potter jamoa o‘yinini barqarorlashtirdi va natijalarni yaxshiladi, ammo unda YeChL pley-offida o‘ynash tajribasi yo‘q, shunday ekan «Borussiya»ga qarshi o‘yinlar har qanaqasiga qiyin kechadi. Shu bilan birga Dortmund ham o‘zining eng yaxshi davrlarida emas — bundesligada jamoa to‘rtinchi o‘rinda bormoqda, YeChL guruh bosqichida esa inqiroz holatidagi «Sevilya» va ochiqchasiga kuchsiz bo‘lgan «Kopenhagen» bilan durang o‘ynadi.

Bu o‘yin ehtimoliy yirik transfer nuqtayi nazaridan ham qiziq bo‘lishi mumkin. «Chelsi» anchadan buyon «Borussiya»ning yangi yetakchisi Jud Bellingemni qo‘lga kiritishga harakat qilib kelmoqda. 1/8 o‘yinlari boshlangunicha angliyalik iste’dod sohibi «Stemford Brij» mezbonlari safida paydo bo‘lishi ham hech gap emas.

Jud Bellingem yosh bo‘lishiga qaramay dortmundliklar sardori. Foto: AFP 

«Bryugge» — «Benfika»

1/8 bosqichidagi yana bir oddiy bo‘lmagan juftlik. Muxlislar bu o‘yinni sabrsizlik bilan kutadi deyish qiyin, ammo bu yerda «Bryugge» YeChLda yangi jasorat ko‘rsatishga qanchalik tayyor bo‘lishini kuzatish qiziq bo‘ladi. Bu jamoa turnir arafasida eng kuchsiz jamoalardan biri sifatida tasniflangandi, ammo sensatsiya ko‘rsatib, oxirgi turgacha guruhni boshqarib turdi. Jamoaning asosiy yulduzi — yozda «Barselona»dan kelib qo‘shilgan forvard Ferran Xutgla bo‘ldi. U Sova va Lang bilan birga doimiy harakatda bo‘lish orqali raqiblar mudofaasiga muammolar tug‘dirishdi. Simon Minole ham qahramonliklar ko‘rsatdi — «Liverpul»ning sobiq posboni turnirdagi bir necha o‘yinda bir o‘zi o‘yinni qutqardi.

«Benfika»dan esa shunchaki saviyadagi farqni namoyish etish talab qilinadi. Darvin Nunes ketganidan keyin «burgutlar» baribir hujumkor o‘yin namoyish etishmoqda — hujum chizig‘ida Rafa Silva, Ramush, Neres kabi ijrochilarga ega bo‘lgan jamoa guruh bosqichida 16 gol urdi va «PSJ»ni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi.

Ko‘proq yangiliklar: