Qashqadaryoda yana shifokor do‘pposlandi

Jamiyat 18:20 / 05.11.2022 18032

Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 3 noyabr kuni kech soat 18:30 larda Chiroqchi tumanidagi poliklinikada 35 yildan buyon umumiy amaliyot shifokori (ayni paytda oilaviy shifokor) bo‘lib ishlab kelayotgan X.D. qabuliga bir notanish erkak 2 nafar ayol bilan kelgan.

Erkak shifokorga turmush o‘rtog‘ining betobligini aytib, uni tekshirib qo‘yishini so‘ragan. Shifokor unga bemorni tekshirguniga qadar oyoq kiyimidagi loyni tashqarida yuvib kelishini aytgan. Shundan so‘ng erkak shifokorni haqoratlab, bo‘ynidan bo‘g‘ib, ayovsiz mushtlab, tepkilagan.

Oqibatda shifokor jarohatlar olib, hushini yo‘qotgan. Uni Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga “Peshona, ikkala yonoq, yuz, burun usti, bo‘yin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, ko‘kargan jarohatlari, tirnalmalar, bosh chayqalishiga gumon” tashxisi bilan yotqizilgan. Ayni paytda davo muolajalari davom ettirilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur holat viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘rganilmoqda.

Avvalroq, 2022 yil 19 oktyabr kuni Qashqadaryoda bemorning o‘g‘li shifokorni do‘pposlagan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Bundan tashqari, Angor tumanida travmatolog shifokor, Denov tumanida hamshira, 2022 yil 12 oktyabrda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida «Tez yordam» shifokori, 16 oktyabr kuni Mirobod tumanida «Tez yordam» shifokori va haydovchisi do‘pposlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: