Toshkent shahar IIBB Telegram-kanallarida tarqalgan, ikki kishining begona uyga bostirib kirib, uy ichidagi yigitni do‘pposlayotgani aks etgan videoga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea 2 noyabr kuni soat taxminan 21:00 larda yuz bergan. 1999, 2000 va 2005 yilda tug‘ilgan uch yigit o‘zlari bostirib kirgan uyda yashovchi 19 yashar Daniel bilan oldindan tanish bo‘lishgan. Ular o‘zaro janjallashib qolishgani sababli uchovlon Danielning uyiga bostirib kirib, uni urib jarohatlashgan.
Toshkent shahar IIBB bayonotida yigitlardan biri mazkur jarayonni videoga olgan, so‘ngra “layk yig‘ish maqsadida” ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborgani ta’kidlanadi.
Internetga chiqib ketgan video muhokamalarga sabab bo‘lgani ortidan holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) va 142-moddasi (Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar qamoqqa olingan, ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq IIV Qoraqalpog‘istonda bir guruh qizlar o‘zlari tengi qizni do‘pposlab, samosud qilishganiga izoh bergandi.