Ajrimlar sonining oshayotgani jamiyat rivojini o‘ylagan har bir shaxsni xavotirga solishi tabiiy.
Muammoni yoshlarning dunyoqarashi mos kelmasligi, oilaviy an’analar, urf-odatlar, uchinchi shaxs aralashuvidan izlaymiz. Ko‘p hollarda esa yoshlarni oilaga tayyorlashda qanday xatoga yo‘l qo‘yganimiz haqida bosh qotirmaymiz.
“Erga tegsang, ering ruxsat bersa, keyin sochingni kesasan, ungacha tegma. Ering ruxsat bersa, o‘qishga kirasan, hozir o‘qitganim bilan ishlatadimi yo‘qmi. Egangga topshirgunimcha to‘y-po‘y dema, ering ruxsat bersa keyin boraverasan... Hali qanaqa qaynonaga tushasan – xudo biladi, qaynonang nima desa shuni qil, bidir-bidir qilib gap qaytarma, ertaga qaynonang bir tepib quvvoradi...”
Bu gaplar tez-tez qulog‘imizga chalinib turadi. Lekin negadir tabiiy qabul qilamiz. Aslida-chi, bunday gaplar katta hayot bo‘sag‘asida turgan qizning psixologiyasiga qanday ta’sir qiladi?
Psixolog Shahnoza Jumaqulova bilan shu xususda suhbatlashdik.
“Qo‘rqitib katta qilingan bo‘lsa, qanday qilib mehr beradi?”
— Qiz bola kelin bo‘ladigan xonadoniga qo‘rquv bilan boradigan bo‘lsa, u qaynonasini jallod obrazida ko‘radi. Avvalo oilaga mehr bilan, do‘stlik bilan borish kerak. Ona qiziga hayotning past-balandlarini do‘st sifatida o‘rgatadigan bo‘lsa, o‘shanda tarbiya to‘g‘ri ketadi. Bizda ko‘pincha qiz bolani oilaga tayyorlashga urg‘u berishadi. Aslida esa farzandni yetuklikka, ya’ni hayotga, qiyinchiliklarga chidamli qilib tarbiyalash kerak.
Nima desa xo‘p deydigan qiz bolani tarbiyalaydigan bo‘lsak, uning chiroyidan boshqa obro‘si bo‘lmaydi. U faqat xo‘p-xo‘p deydigan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i u bilan fikrlashish jarayonida undan bir aqlli fikr ololmaydi. Bunday ayol qo‘rquv bilan yashaydi. Qo‘rquvda yashagandan keyin u qanday qilib mehr beroladi?
Xo‘p deyishi mumkin, ko‘nishi mumkin o‘sha vaziyatga, lekin bu yolg‘on munosabat bo‘ladi. Chunki u ich-ichidan aldayotgan bo‘ladi. Borgisi, qilgisi kelmagan ishiga ham xo‘p deydi, lekin ichida norozilik bo‘ladi. Keyinchalik u kelinning xizmatini haq to‘lanmaydigan xizmat sifatida qabul qiladi. Bu narsa sekin-asta 30 yosh krizisini keltirib chiqaradi.
Psixologiyada 30 yosh krizisi degan tushuncha bor. Hech kim bir umr bola bo‘lib qolmaydi. Asta-sekin aqlini ola boshlaydi. Aql yoshiga yetganidan keyin asta-sekin atrofdagilar bilan o‘zini solishtiradi. Men nima qilyapman o‘zi deydi. O‘ziga savol bera boshlaydi: nega men bunday yashayapman, nega menda baxt yo‘q, nega meni tushunadigan inson yo‘q? O‘zini xizmatkordek his qilish, o‘z fikri yo‘qligi uni ich-ichidan qalban ezishni boshlaydi.
“Oila nimaligini tushunmaganim uchun noto‘g‘ri insonni tanlab qo‘yganman”
Mavzu yuzasidan suhbatdosh ayollardan biri o‘z boshidan o‘tganlarni shunday hikoya qilib berdi:
— Hatto sinfdoshlar bilan parkka borishimga ham ruxsat yo‘q edi, har tomonlama cheklov qo‘yilgandi. Shunaqa deyaverganlaridan keyin: “Erga tegsam, maza qilib xohlagan joyga borarkanman”, degan tushuncha shakllangan va vaqtli erga tegib ketganman. Hali oila nimaligini tushunmasdim. Oqibatda noto‘g‘ri insonni tanlab qo‘yganman, ajrashib qutuldim.
Qizimga iloji boricha erkinlik beraman. Lekin uni ham doim onam cheklab tashlaydilar, hatto o‘g‘lim ko‘chaga chiqishiga yarim soat vaqt beradilar. Qancha gapirganman unaqa qilmang deb, befoyda baribir. To‘g‘ri, yomon bo‘lsin deb qilishmaydi, lekin yaxshilik ham chiqmaydi bunaqa cheklovlardan. O‘z taqdirimda tushunganman.
Bolalarga yoshlikdan o‘z fikriga ega bo‘lishni, o‘z fikrini chiroyli qilib aytishni o‘rgatish lozim
Psixolog Shahnoza Jumaqulova:
— “Xo‘p-xo‘p”lar asosida o‘z fikriga ega bo‘lmay ulg‘aygan qiz: “Turmushga chiqsam, erkinlikka, mustaqillikka erishaman”, deb o‘ylaydi. Hech kim menga xo‘jayinlik qilmaydi, o‘zim bilganimni qilaman, deb o‘ylaydi. Baxtiga, agar turmush o‘rtog‘i voyaga yetgan inson bo‘lsa, jufti ham voyaga yetadi. Agar u ham bola pozitsiyasidagi yigit bo‘ladigan bo‘lsa, ziddiyatli vaziyat kelib chiqadi.
Boshqa fikr, boshqacha tasavvur bilan kelgan kelin, butunlay boshqacha munosabatni ko‘rganidan keyin unda emotsional yonish bo‘ladi. 2-3 farzandli bo‘lganidan keyin, hatto farzandlariga qaragisi kelmay qoladi, uy ishlaridan soviydi. Keyin o‘zining fikrini aytishga o‘tadi. Aytganda ham yig‘ib-yig‘ib bitta portlaydi. Fikrini andishasizlik bilan aytib qo‘yadi. Tabiiyki, janjal kelib chiqadi.
Agar biz farzandlarimizni yoshlikdan o‘z fikrini chiroyli qilib aytishga o‘rgatsak, vaziyatdan chiroyli chiqib ketish yo‘llarini o‘rgatib uchirma qiladigan bo‘lsak, shaxsiy fikrini odob bilan ayta oladi. U tushuna boshlaydi, qachonki mehr bergandagina o‘ziga mehr qaytishini.
O‘z fikriga ega qiz o‘rtoqlari maslahat bersa, o‘sha maslahat to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini sintezlashga o‘rganadi. Har kimdan maslahat olavermaydi. Ish faoliyatimda ko‘p guvoh bo‘laman. Oilalar muammosi bir-biriga o‘xshash bo‘lishi mumkin, lekin hech qachon aynan bir xil bo‘lmaydi. Tabiiyki, uning yechimi ham boshqacha bo‘ladi. Bir oilani asrab qolishga qaratilgan chora, ikkinchisiga to‘g‘ri kelmaydi. Har bir oilaning muammosi ham, yechimi ham o‘sha oila uchun individualdir.
O‘zini tushunmagan inson o‘zgani ham tushunolmaydi. Faqat xo‘p-xo‘p deb yashash bu zombi usuliga o‘xshaydi. Ona qiz bolaga nazoratchi yoki dugona bo‘lib emas, balki do‘st bo‘lib yaqinlashishi kerak. Oilada uyat tushunchasi ham bo‘lishi kerak. Fikrini aytish uyat emas, ovozini balandlatish uyat kabi uyatning chegarasini tushuntiradigan bo‘lsak, o‘shanda qiz bola o‘zini nafis tutishni o‘rganadi. O‘shanda qiz bolaning nafisligi ichida dadillikni, o‘z fikri borligini his qilasiz.
“Oddiy masalalarda ham beixtiyor erimdan ruxsat so‘rayman”
Yana bir suhbatdoshimiz quyidagicha hikoya qiladi:
— Yoshligimda xuddi shunaqa bo‘lgan: qachon erga tegsang, o‘shanda ering ruxsat bersa, sochingni kesasan, qoshingni terasan, deb onam nuqul taqiq qo‘yardilar. Sinfdoshlar yo kursdoshlar bilan biror joyda aylanishga bormoqchi bo‘lsam, turmushga chiqqaningdan keyin ering ruxsat bersa butun dunyoni aylanmaysanmi, derdilar.
Turmushga chiqqanimdan keyin nima qilmoqchi bo‘lsam beixtiyor erimdan so‘rardim. Unday qilsam maylimi, bunday qilsam maylimi, bu ko‘ylayni kiysam maylimi... Bir kuni turmush o‘rtog‘im aytdilar: “Sen o‘zing kap-katta odamsan, o‘zing fikrlashing kerak, bu – sening xohishing”. Shunda miyamda salyut otilgan desam ham bo‘ladi, rosa xursand bo‘lib ketganman.
Shunday bo‘lsa ham, haligacha nimadir qilmoqchi bo‘lsam, beixtiyor ruxsat so‘rayman, bu narsa menda odat bo‘lib shakllanib qolgan.
Aqlini tanigan erkak agar ayolining o‘z fikri yo‘qligini ko‘rsa, unga o‘zini o‘zi tarbiyalashiga imkon berishi kerak
— Qiz bola o‘z fikriga ega bo‘lmasa, qanday qilib o‘z fikriga ega bo‘lgan o‘g‘il farzandni tarbiyalaydi? Har bir erkak kishining o‘z fikri bo‘lishi kerak bo‘lsa, o‘sha tarbiyani o‘z fikriga ega bo‘lgan ona beradi.
Psixologiyada ikki xil pozitsiya fikrlash bo‘ladi: bolacha fikrlash, voyaga yetgan inson darajasida fikrlash. Bolacha fikrlash “xohlayman, xohlamayman” yoki xo‘p deydigan, qaysar fe’lli bo‘ladi. Ulg‘aygan inson esa o‘z fikriga ega bo‘ladi. Qandaydir gap eshitsa, darrov xulosa chiqarmay, mulohaza qiladi. Muammoga duch kelganda diqqatini aybdorni qidirishga emas, yechimga qaratadi.
Nega oilalarda oxirgi paytda xiyonat mavzusi ko‘tarilib ketyapti? Ayol kishi aytadi, hamma narsam joyida: uy-ro‘zg‘or tutishim, tashqi ko‘rinishim, o‘zimni tutishim, nega turmush o‘rtog‘im xiyonat ko‘chasiga kiraveradi?
Bunday ayol o‘zining me’yor tushunchasini bilmaydi. Xo‘p tushunchasi bo‘ladi. Gaplashganda, fikrlashganda ayol fikr bildirolmaydi. Hamma narsa uchun qarorni erkak kishi chiqarganidan keyin er ayoliga xizmatkordek qarashni boshlaydi.
O‘z navbatida, xiyonat ko‘chasiga kirgan erkak ham voyaga yetgan shaxs darajasida bo‘lmaydi, chunki unda o‘zini o‘zi tarbiya qilish yo‘q.
Agar erkak o‘z fikriga ega shaxs bo‘lsa, ayolining o‘zini o‘zi tarbiyalashiga yo‘l qo‘yib berishi kerak. Uni tinglashi kerak. Oilada juftlardan biri voyaga yetgan shaxs bo‘lsa, ikkinchisi ham albatta voyaga yetadi. Agar unday bo‘lmasa, mutaxassisga murojaat qilish kerak.
Charos Mannonova suhbatlashdi.