Keyingi yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi takomillashtirilmoqda. Kelib tushgan har bir murojaat tezkor o‘rganilishidan tashqari, fuqarolarning poytaxtga kelishini kutmay, joylarga chiqib, ularni qiynayotgan masalalarni vazir va uning o‘rinbosarlari tomonidan eshitish hamda yechimini topish mexanizmi ham joriy etildi.
Xususan, shu yil boshidan buyon hududlarda o‘tkazilgan sayyor tibbiy qabullarda Sog‘liqni saqlash vaziri 967 nafar fuqaro murojaatini bevosita tinglab, ularning aksariyatiga joyida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Qolaversa, vazirlikda «Ishonch telefoni» sifatida tashkil etilgan «1003» hamda barcha viloyatlardagi «1103» qisqa raqamli Sall-markaz’lar kun-u tun uzluksiz faoliyat ko‘rsatib, sog‘liqni saqlash tizimiga doir murojaatlarni qabul qilmoqda.
O‘z navbatida, vazirlikning rasmiy veb-saytida Jivo ilovasi orqali fuqarolarning savollariga tezkor javob berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, hozirgi kunda viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va barcha tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida murojaatchilarning o‘sha muassasa rahbari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va tezkor aloqa qilishi uchun alohida telefon tarmog‘i o‘rnatilgan.
Bu mexanizmga ko‘ra, murojaat egasi «Tezkor aloqa» telefoni go‘shagini ko‘tarishi bilan avtomatik ravishda o‘sha tibbiyot muassasasi mas’uli mobil raqamiga bevosita bog‘lanadi. Shu orqali mavjud muammoli masalalarni joyida, ya’ni tibbiyot muassasasining o‘zida yechish choralari ko‘riladi.