AQShning Arkanzas shtatida yashovchi juftlik boshpanasiz itga yordam berdi, deb yozmoqda People.
Dilan Makkey va uning qaylig‘i Emili Robers goldendudl zotli itning operatsiyasi uchun to‘yga jamg‘arayotgan pullaridan sarfladi. Itni o‘tkinchilar yo‘l chetidan topib olib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda yozgan. Jonivor og‘ir yaralangan edi. Dilan va Emili it haqidagi postni ko‘rgach, 20 daqiqada voqea joyiga yetib kelgan. Jonivorni mashina urib yuborgani ma’lum bo‘ldi.
“Kun bo‘yi yomg‘ir yoqqani uchun u ivib ketgandi. Orqa oyoqlari qonga belangan, singanga o‘xshardi... U qaltirar va yo‘talardi”, — deb eslaydi juftlik.
Itga Eklin deb nom qo‘yishdi.
Makkey itni veterinariya klinikasiga olib bordi. Shifokorlar uning son suyagi singani, bu ikkala orqa oyoqqa ta’sir qilganini aniqladi. Bundan tashqari, Eklin shu holatda yomg‘ir ostida uzoq qolgani sababli ahvoli yanada og‘irlashgan.
Itda mikrochip bo‘lmagani uchun uning egalari haqida hech qanday ma’lumot topilmadi, natijada jonivor uchun moliyaviy javobgarlik Dilan va Emilining zimmasiga tushdi.
“O‘sha paytda bu kuchukchaga yordam berish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani qilishga qaror qildik. U yashashga loyiq”, — deb yozdi juftlik ijtimoiy tarmoqlarda.
Eklinning oyoqlarida rekonstruktiv jarrohlik amaliyotini o‘tkazish kerak edi. Makkey va Robersning aytishicha, shifokorlar bunga 10 -15 ming dollar ketishini aytgan. Ular yig‘ib qo‘ygan barcha mablag‘larini ishlatib, to‘lovni amalga oshirishga rozi bo‘lgan.
“Tibbiy xarajatlarni to‘lash uchun to‘y fondimiz va umumiy jamg‘armalarimizdan pul oldik”, — deydi juftlik. “Uni qutqarish va unga yaxshiroq hayot baxsh etish imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan baxtiyormiz”.
Dilan va Emili itga bundan keyin ham g‘amxo‘rlik qilmoqchi. Ular operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini aytdi. Eklinning reabilitatsiyasi bilan bog‘liq xarajatlar uchun juftlik GoFundMe tarmog‘ida sahifa ochdi.
“Sizlarning sharofatingiz bilan qizalog‘imiz zarur yordamni olmoqda”, — deb ta’kidladi ular.