Hamas va Isroil sulhga yaqin. Urush to‘xtaydimi?

Jahon 13:55 114

Qatar G‘azoda sulh bitimining yakuniy loyihasini Hamas va Isroilga topshirdi. Manbalarga ko‘ra, tomonlar kelishuv nuqtasida turibdi. Hamas allaqachon sulhga rozilik bergan. Xo‘sh, tinchlik kelishuvining shartlari qanday? G‘azoni endi kim boshqaradi? “Geosiyosat”da – siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimov sharhi.

— Hamas va Isroil o‘rtasidagi mazkur kelishuvning asosiy shartlari qaysilar?

Farhod Karimov: G‘azo bo‘yicha muzokaralar haqida asosan diplomatik kanallar orqali sizdirilyapti. Ya’ni Hamas 33 nafar yoki ayrim manbalarda 34 nafar asirni Isroilga qaytarishga rozi bo‘lgan. Isroil ham o‘z navbatida o‘q otishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini ma’lum qilishdi. Hozirgi kunda birinchi bosqichi yakunlangani va vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish masalasi qo‘yilganini aytishyapti va shu kunlarda e’lon qilinishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Lekin bu muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tgani to‘g‘risida na Hamas tomoni, na Isroil tomoni hukumati rasman o‘z rasmiy bayonotlarida ma’lum qilgani yo‘q. Lekin juda ham katta natija kutib xursand bo‘lishga hali erta, chunki oldin ham kelishuvlar bo‘lgan, lekin oxiriga yetmagan va amalga oshmagan.

G‘azoda sulhga erishish masalasida Hamasning pozitsiyasi emas, birinchi navbatda Netanyahuning pozitsiyasi aniq bo‘lishi kerak, chunki o‘zining ultrao‘nglardan iborat bo‘lgan jamoasi buni qabul qilmayapti.

Kamoliddin Rabbimov: Sulh shartlariga ko‘ra, garovga olingan isroilliklarning hammasi qaytarib berilishi kerak, qirq ikki kun muddat ichida Isroil bosqichma-bosqich G‘azo sektoridan chiqib ketishi kerak. Qolaversa, Isroil qamoqlarida juda ham ko‘plab umrbod qamalgan falastinliklar bor. Har bir isroillik ayol o‘rniga ellikta falastinlik ayol qo‘yib yuborilishi kerak, garovda bo‘lgan va halok bo‘lgan shaxslarning jasadlari Isroilga qaytariladi

Demak, mana shu shartlarga Isroil tarafidan juda ham katta salohiyatli o‘ng kuchlar rozi bo‘lmayapti. Ya’ni Isroil jamiyati bo‘lingan. Ba’zi bir siyosatchilar va ba’zi bir kuchlar tezroq kelishuvga erishaylik deyapti. Lekin Isroil, biz bilamizki, bu parlament boshqaruvidagi hukumat, ya’ni parlament saylovlari natijasida qaysi bir partiyalar ko‘proq o‘rin oladi. Mutlaq ko‘p olmagandan keyin, u yerda qo‘shma hukumat tuziladi, ya’ni koalitsiya tuziladi.

Netanyahu bu koalitsiya orqali hokimiyatda o‘tirgan siyosatchi, bosh vazir, uning aksariyat ittifoqchilari birgalikda hukumat tuzgan odamlar, ultrao‘nglar, o‘ta millatchilar, ya’ni ashaddiy sionistlar. Ular kuch ishlatish tarafdori va “Biz kelishuvga erishishimiz kerak emas”, deyishyapti.

Sionistlar fikricha: Amerika hokimiyatiga Tramp keldi. Tramp nisbatan o‘ng, nisbatan sionistlarga moyil, xristian sionist. Uning kabineti, atrofidagi aksar siyosatchilar shunday.

Qolaversa, mintaqada Eron zaiflashdi, “Hizbulloh” zaiflashdi, Suriyada Bashar Asad hokimiyati yiqildi. Mana shunday paytda, bu kelishuvga erishishimiz kerak emas. O‘ttiz to‘rtta odamdan voz kechib bo‘lsa-da, biz G‘azoni tekislashda, hammasi bilan kurashishda va o‘sha G‘azo sektorini o‘zlashtirishda davom etishimiz kerak degan pozitsiyada turibdi.

— Kelishuvning amalga oshishi Jo Baydenning yutug‘imi yoki Trampning?

Kamoliddin Rabbimov: G‘azodagi sulh masalasi ko‘proq Trampning bosimlari natijasi deb o‘ylayman. Chunki Trampning Yaqin Sharqda bir qancha manfaatlari bor, bunga yaqqol misol birinchi prezidentlik davrining ilk tashrifini Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan edi.

Tramp garovga olingan isroilliklar borasida HAMASga bosim qildi, lekin vaqti-vaqti bilan Isroilni ham tanqid qilib turdi.

— Isroilning bu urushda to‘liq g‘alaba qozondi deyish mumkinmi?

Farhod Karimov: Yaqin Sharqdagi musulmon davlatlar ma’lum darajada Isroil bilan aloqa qiladi, lekin ular Tel-Avivga do‘st emas. Ular sionistlarning ortida AQSh borligi uchun Isroil masalasida faol emas. Isroil taktik jihatdan G‘azoda Hamasni yengdi, lekin strategik jihatdan yutqazdi. Bu qirg‘inlar uchun javobgarlik masalasi arab-musulmon dunyosi tomonidan kun tartibiga olib chiqilishi – faqat vaqt masalasi xolos.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: