Yangi Zelandiya parlamenti majlisida Te P Maori partiyasi a’zolari an’anaviy maori haka raqsini ijro etib, norozilik bildirdi. Shu tariqa ular munozarali qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berishni buzmoqchi bo‘ldi, deb xabar bermoqda CNN.
Yig‘ilishni qisqa muddatga to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. Chunki balkondagi odamlar raqsga qo‘shilib, ularning qichqiriqlari boshqa deputatlar ovozini bosib ketgan.
Maori deputatlari mustamlakachi Britaniya hukumati va 500 nafardan ortiq tub aholi yetakchilari o‘rtasidagi 184 yillik shartnoma — “Vaytang shartnomasi”ni qayta ko‘rib chiqadigan qonun loyihasiga qarshi. Ushbu hujjat yer, madaniy huquqlar va maorilarning hukumat bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi, shartnoma shu vaqtgacha mamlakatda qonunchilik va siyosatni belgilashda muhim rol o‘ynab kelgan.
Shartnoma talqinlari asosida Yangi Zelandiya qonunchiligida bir nechta tamoyillar paydo bo‘lgan.
- Hamkorlik: maorilar va qirollik halol va vijdonan hamkorlik qilishi shart.
- Ishtirok: maorilar barcha darajadagi qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatiga ega.
- Himoya: hukumat maorilarning huquqlari, manfaatlari va madaniy qadriyatlarini faol ravishda himoya qilishi lozim.
Ammo koalitsion hukumat tarkibiy qismi bo‘lgan ACT libertar partiyasi bu tamoyillarni kamsituvchi va odamlarni irqiy ajratuvchi deb hisoblamoqda.
Libertarianlarning fikricha, ushbu tamoyillar maori va maori bo‘lmagan aholi uchun ikki xil tizimni vujudga keltiradi. ACT tomonidan taklif etilgan qonun loyihasida maori huquqlariga taalluqli ayrim prinsiplar “hukumat va parlament barcha fuqarolar manfaati uchun harakat qiladi”, “qonun oldida hamma teng va kamsitishlarsiz bir xil huquqlarga ega” degan umumiy formulalar bilan almashtirilgan.
Ko‘pchilik maorilar va ularning tarafdorlari qonun loyihasi mamlakatdagi mahalliy xalqlar huquqlariga putur yetkazadi, degan fikrda. Yangi Zelandiya shimolidan yuzlab namoyishchilar mamlakat poytaxti Vellingtonga yo‘l oldi. U yerda o‘n minglab odamlarni mitingga to‘plash rejalashtirilmoqda.
Te P Maori deputatlarining e’tirozlariga qaramay, ACT taklif qilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishdan o‘tdi. Biroq libertarlar partiyasining koalitsion hamkorlari uni qonun sifatida qo‘llab-quvvatlamasliklarini allaqachon ma’lum qilgan. Shu sababli, keyingi o‘qishda qonun loyihasi katta ehtimol bilan rad etiladi.