Muftiy «imomlik maqomiga munosib bo‘lmagan» 4 ta tuman bosh imomi-xatibini ishdan oldi

Jamiyat 10:10 / 22.09.2022 55252

21 sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov raisligida respublikadagi tuman-shahar bosh imom-xatiblari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Idora matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, keskin va tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilingan.

«Natijada, o‘z vazifasiga vijdonan yondashmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirishda jiddiy sa’y-harakat qilmagan va imomlik maqomiga munosib bo‘lmagan 4 nafar tuman bosh imomi ishdan olindi va 1 nafariga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi», – deyiladi xabarda.

Jumladan:

  • Surxondaryo viloyati Termiz tumani bosh imomi Ochilov Yahyo;
  • Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani bosh imomi Mamatqulov Mamayusuf;
  • Andijon viloyati Shahrixon tumani bosh imomi Turg‘unov Izzatulloh;
  • Toshkent shahar Sergeli tumani bosh imomi Axbutayev Eshmurod egallab turgan ushbu lavozimidan ozod etildi.
  • Farg‘ona viloyati So‘x tumani bosh imomi Kamolov Vohidjonga intizomiy chora ko‘rildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, joriy yilning 8 oyi davomida ish faoliyatidagi xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli 15 nafar imom-xatib, 6 nafar imom-noib va 2 nafar viloyat muhtasibi vazifasidan ozod etilgani, 19 nafar imom-xatib va imom noibiga «hayfsan» intizomiy chorasi berilgani ta’kidlangan.

Foto: muslim.uz

Musulmonlar idorasining ma’lum qilishicha, tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishida muftiy Nuriddin Xoliqnazarov barcha diniy soha xodimlarini jiddiy ogohlantirgan:

«Majlisda ayrim imom-domlalar bosar-tusarini bilmay qolgani, amaldagi qonun talablarini mensimayotgani va mo‘min-musulmonlar bo‘linishiga sababchi bo‘layotgani diniy sohaga katta dog‘ ekani afsus bilan qayd etildi.

Muftiy hazrat yurtimiz mo‘min-musulmonlari huquqiy davlat va qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda istiqomat qilishi, barcha qonun oldida teng ekanini, shu bois, nima kasb qilish va qanday lavozim egasi bo‘lishidan qat’i nazar barcha qonunga amal qilishi zarur ekanini alohida ta’kidladi.

Agarda, huquqiy normalarini mensimay, odamlarni tafriqaga chaqirsa, muayyan shaxs, hudud yo kasb egalariga nisbatan tahqirlashlarga yo‘l qo‘ysa, mavjud holatni qonun doirasidan chetda hal qilishga urinsa, har qanday diniy soha xodimi salohiyati yoki qancha yil mehnat qilganiga qaramay vazifasidan ozod qilinishini Muftiy hazrat qat’iy bildirdi. Qonunga itoat – rahbarga itoat, bu esa dinimiz talabi hisoblanishi eslatildi. Asosiy mezon halollik, taqvo, sadoqat va itoatda ekani bayon etildi», – deyiladi idora xabarida.

Bundan tashqari, muftiy tashabbuskor va g‘ayratli imom-xatiblarni rag‘batlantirish rejalari va imtiyozlar berish haqida ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: