To‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar, ulardagi bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi raisi Nuriddin Xoliqnazarov bayonot berdi.
Muftiy ziyolilar va keksalarni aholiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytirishga, bu kabi «illatlarga birgalikda barham berishga» chaqirdi.
Shu bilan birga, ulamolar va imom-domlalarni «Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi» shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashishi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, Nuriddin Xoliqnazarov har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblarini hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatishga targ‘ib qildi.
Bundan tashqari, «Vaqf» xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda kam ta’minlangan oila farzandi bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatishi va ish bilan band qilishini, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga ko‘maklashishini, «Mehribonlik», «Saxovat», «Muruvvat» uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, muftiy imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin «har xil xo‘jako‘rsin marosimlari» uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirishga chaqirdi.