«Yil imomi»ga Haj yo‘llanmasi topshirildi

Jamiyat 13:04 / 14.11.2024 14759

13 noyabr kuni O‘zbekistondagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar ishtirokida «Yil imomi – 2024» ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Musulmonlar idorasining xabar berishicha, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar imom domla o‘zaro bellashdi.

Musobaqa ishtirokchilari Qur’oni karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob bergan. Shuningdek, mehnat faoliyati davomida amalga oshirgan salmoqli ishlari va OAVda e’lon qilingan ijodlarini namoyish etgan.

Tanlov natijalariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarga munosib deb topildi:

  • 1-o‘rin – Namangan viloyati «Homiddin qori» jome masjidi imom-xatibi Muhammad Bobir domla Nasriddinovga I darajali diplom va Haj safari yo‘llanmasi;
  • 2-o‘rin – Toshkent shahridagi «Firdavs» jome masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorovga II darajali diplom va 16 mln so‘m pul mukofoti;
  • 3-o‘rin – Toshkent viloyati «Chanoq» jome masjidi imom-xatibi Yoqub domla Buxarbayevga III darajali diplom va 13 mln so‘m pul mukofoti topshirildi.

Shuningdek, tanlovning «Yilning eng fidoyi imomi» Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Mulla Is’hoq» jome masjidi imom-xatibi Altinbek domla Zinullayev va Xorazm viloyati «Mirhoshim bobo» jome masjidi imom-xatibi Ollabergan domla G‘oyipovga nasib etdi.

Musobaqa yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari «Yil imomi – 2024» sohibiga Haj yo‘llanmasini topshirdi hamda xayrli duolar qildi. Tanlovning barcha ishtirokchilariga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Ko‘proq yangiliklar: