Turkiyadagi yuqori inflatsiya O‘zbekistonda ham narxlar oshishiga olib kelishi mumkinmi?

Iqtisodiyot 18:22 / 15.07.2022 14264

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Turkiyadagi inflatsiyaning O‘zbekistondagi narxlarga ta’siri bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Tashkilot matbuot xizmati tadqiqot natijalarini Kun.uz’ga taqdim qildi.

Turkiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanib, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 7 foizga yaqini ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilishicha, 2018 yildan boshlab Turkiyada inflatsiya tez sur’atlar bilan o‘sa boshlagan. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 19,6 foizga yetgan (2017 yilda 11,4 foiz). Joriy yilda esa inflatsiyaning 60,5 foizga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu holat O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi mumkin?

PMTI ekspertlari O‘zbekistonning asosiy hamkorlari bo‘lgan 5 ta mamlakat: Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiyadan import inflatsiyasini hisoblab chiqdi. Bunda har bir hamkor davlatdan qilinayotgan importning ulushidan foydalanildi. Hisob-kitoblar 11 foizga teng umumiy inflatsiyaning 2,73 foiz punkti Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiyadan qilinayotgan import hajmiga bog‘liq ekanini ko‘rsatdi. Turkiyadan import qilingan inflatsiya taxminan 0,28 foiz punktga teng. Demak, Turkiyada inflatsiya kuchayishi O‘zbekistondagi iste’mol narxlariga sezilarli ta’sir qilmaydi.  

Agar so‘mning devalvatsiya darajasi me’yordan yuqori bo‘lsa, bu raqamlar oshishi mumkin. Bu esa valuta kursi barqarorligini ta’minlash vositalarini takomillashtirishni talab qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: