Mustaqillikning hokimni “kutayotgan” simyog‘ochlari
Urgutdagi Mustaqillik mahallasi ahli hokimning: “Simyog‘ochlarni o‘zlaring pul yig‘ib sotib olsalaring, transformatorni hokimiyat qo‘yib beradi” degan va’dasiga ishonib, 53 mln so‘m pul yig‘ishdi va 50 ta simyog‘och sotib olishdi. “Stolba”lar yetib kelganiga 6 oy bo‘ldiki, hokimdan darak bo‘lmayapti.

Foto: KUN.UZ
Urgut tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi fuqarolar elektr energiyasidagi uzilishlar, avariya holatiga kelib qolgan transformatorlarning “injiqligidan” charchagan.
Bir yil avval mahallaga tuman hokimi Botir Jabborov kelgan va aholi bilan muloqot o‘tkazgan. Uchrashuvda odamlar elektr ta’minotidagi uzilishlar va ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoni ko‘tarishgan. Jabborov mahalla ahli pul yig‘ib, simyog‘och sotib olgan taqdirda uchta transformator hokimiyat tashabbusi bilan o‘rnatib berilishini va’da qilgan.
“Shundan keyin tuman elektr tarmoqlari korxonasi vakillari bilan uchrashib, qancha “stolba” kerakligini bilib oldik. Mahalla faollari aholiga vaziyatni to‘g‘ri tushuntirdik. Agar o‘zimiz ham ozroq hissa qo‘shsak, qolganiga hokimiyat yordam qilishini bildirdik. Odamlar qarab turishmadi, 53 million so‘m mablag‘ yig‘ildi.
Pulni Urgut tumani elektr korxonasi vakili Jumanazar akaga berdik. Bizga ellikta temir-beton ustunlari yetkazib berilganiga ham qariyb 6 oy bo‘ldi. Bu vaqt ichida bir necha marta tuman hokimiga, tegishli idoralarga murojaat qildik, biroq transformatordan darak yo‘q.
Mahallamizda eskirib ketgan transformatorlar sabab tez-tez elektr energiyasida uzilishlar davom etyapti. Bunday holatlarda o‘z hisobimizdan ta’mirlab turamiz. Odamlar charchadi. Axir hokimning va’dasiga ishonib pul yig‘dik, nega qolganiga davlat yordam bermaydi?
Biz yashab turgan joylarda aholidan o‘sha 53 million so‘m yig‘ilishi ham katta gap aslida. Odamlar majburlikdan, qiynalib ketganidan rozi bo‘lib pul bergandi. Endi hammaning hafsalasi pir bo‘ldi, aholi faollarga ishonmay qoldi, pulni qaytarib berishni so‘rayapti”, – dedi Sindor Inoyatullayev.
Kun.uz muxbiri Urgut tuman hokimining sohaga mas’ul o‘rinbosari Shoxruh Aliqulov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Aliqulov bu voqealardan xabardorligini aytdi. Mahalla ahli va’da qilingan transformatorlarni o‘rnatib berishni so‘rab, hokimlikka murojaat qilganini ham tasdiqladi.
May oyi oxirida kechgan suhbatimizda Aliqulov transformatorlarni yetkazib berish joriy yilning ikkinchi choragi yakuni bilan rejalashtirilganini aytgandi. Ikkinchi chorak ham o‘tib bo‘ldi – mahalla aholisi Kun.uz'ga qayta-qayta murojaat qilishdan charchamayapti. Rasmiylar ularni eshitmayotganidan norozi. Shundoq ham moliyaviy qiyin ahvolda bo‘lgan odamlar yonidan chiqarib bergan puli joyiga yetib bormagan, degan fikrda.
Darvoqe, odamlar yig‘ib bergan 53 million so‘mni Urgut tumani elektr korxonasi mas’ul xodimi Jumanazar Aripov olgan. Aripov va Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Anvar Hamidov biz bilan suhbatda yig‘ib berilgan mablag‘ga temir-beton ustunlari xarid qilganini bildirishdi. Ustunlar tadbirkordan sotib olingan ekan. Biroq kimdan qanchaga xarid qilingani, qay tartibda kirim-chiqim bo‘lganini tasdiqlovchi hech qanday hujjat taqdim qila olishmadi.
Xulosa o‘rnida. Odatda aholi transformatorga ehtiyoj sezsa, mas’ullar temir-beton ustunlari yetarlicha ishlab chiqarilmayotganini vaj qilishadi. Ammo negadir Urgutda pul yig‘ib berilgani uchun simyog‘och ham topila qolibdi. Hududiy elektr korxonasi xodimlari qayerdan bo‘lsa ham temir-beton ustunlari topib berishganiga qoyil! Aholidan yig‘ilgan 53 million so‘m haqiqiy joyiga yetib borgan, deb umid qilamiz. Bu mas’ullar e’tibor qilishi kerak bo‘lgan alohida mavzu, albatta.
Hozircha murojaatchilar amallab “stolba”larni sotib olishdi. Endi va’dasidan so‘ng bir yil davomida sukut saqlayotgan Urgut tumani hokimi vaziyatni o‘zgartiradimi yoki odamlar transformator uchun ham pul yig‘ishi kerakmi?
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tavsiya etamiz
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker qamoqqa olindi
Jamiyat | 09:52 / 10.04.2025
Xitoy o‘z fuqarolarini AQShga bormaslikka chaqirdi
Jahon | 22:59 / 09.04.2025
Savdo urushlari: Trampning maqsadi nima?
Jahon | 19:21 / 09.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Bo‘stonliqda qum-shag‘alni noqonuniy qazish oqibatida 4,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi
O‘zbekiston | 12:26
-
“Qiz bola uchun xavfsiz bo‘lgani sabab Abu Dabida o‘qishni tanladim” – NYUAD talabasi Muxlisa Mamatova
Jamiyat | 12:16
-
Trampning ortga tisarilishi. U nega bojlarni 90 kunga muzlatib qo‘ydi?
Iqtisodiyot | 12:13
-
Turizm sohasida yangi vazifalar belgilandi. Avvalgi topshiriqlar ijrosi qoniqarlimi?
O‘zbekiston | 12:07
Mavzuga oid

12:31 / 08.04.2025
Urgutda giyohvand modda sotgan maktab direktori 10 yilga qamaldi

10:56 / 02.03.2025
Urgutga temiryo‘l liniyasi tortiladi

19:30 / 10.02.2025
Buxoroda magistral gaz quvurida kelib chiqqan yong‘in to‘liq o‘chirildi

13:48 / 10.02.2025