Kun.uz Haj ibodati, uning hikmatlari, hojilarga beriladigan savoblar, Haj qilishdagi niyat hamda ushbu ulug‘ ziyoratga doir xalqimizni qiziqtirgan masalalar yuzasidan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan suhbat uyushtirdi.
Mabrur (qabul qilingan, xolis degan ma’nolarda) Hajning qanday savoblari bor?
- Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlarki, kim Haj qilsa-yu, unda fisqu fujur narsalarga aralashmasa va birov bilan tortishmasa, u Hajdan onasidan tug‘ilgan kundagidek gunohsiz qaytadi. Insonning gunohlari kechirilishining juda katta foydasi bor. Insonga keladigan balolar, mashaqqatlar juda ko‘p xato va kamchiliklar gunohlar uning zimmasida turganidan bo‘ladi. Qalbda gunohning dog‘i turgandan u yana gunoh qiladi. Gunohlari kechirilmagani uchun juda ko‘p xayrli ishlardan mahrum bo‘ladi. Qur’oni Karimda Nuh alayhissalom tillaridan gap ketadi: «Sizlar Allohga istig‘for aytib, gunohga tavba qilinglar, Alloh rizqinglarni keng qiladi, yomg‘irlar bilan serob qiladi, farzandlar beradi, boyliklar beradi». Mana shu oyati karimda ishora borki, inson gunohlarini o‘zidan aritsa, rizqi, umri, zurriyotiga baraka kiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Oysha roziyallohu anho so‘radilar: «Ey Allohning rasuli, Allohning yo‘lida biz ayollar jihodga chiqmaymizmi?» deganlarida Rasululloh alayhissalom aytganlarki, “Haj qilib, Hajing qabul bo‘lsa, u hamma amaldan afzal”. Shuning uchun Hajni mabrur qilishga harakat qilish kerak.
Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom «Mabrur Hajning mukofoti faqat jannatdir», deganlar.
To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.
Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.