O‘zbekistonda Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 9-12 iyul sanalarida ketma-ket dam olish kunlari belgilandi.
«Ana shu davrda xalqimizning xotirjamligi hamda salomatligini ta’minlash — o‘ta muhim masala.
Shundan kelib chiqqan holda bayram va qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarda mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida shtab tashkil etildi», deyiladi SSV xabarida.
Bayram va qo‘shimcha dam olish kunlarida quyidagi davolash-profilaktika muassasalarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi:
- 1010 ta oilaviy poliklinika,
- 923 ta oilaviy shifokor punkti,
- tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar,
- ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari,
- tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari.
Shuningdek:
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 182 ta aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.
Mamlakat bo‘ylab 2724 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.
Bundan tashqari, 227 ta tug‘uruq, 245 ta bolalar davolash muassasalari ham uzluksiz ish olib boradi.
Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollarga malakali mutaxassislardan tun-u kun javob olish mumkin.
Koronavirusga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari, xususan, yuqumli kasalliklar shifoxonalari hamda PZR-test topshirishga mo‘ljallangan punktlar faoliyat ko‘rsatadi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo‘limlarida ham 24 soat davomida 200 nafardan ziyod navbatchi shifokor, qariyb 200 nafarga yaqin vrach-laborant va yordamchi xodimlar o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bayram va dam olish kunlarida uzluksiz mehnat qiladigan barcha tibbiyot xodimlariga o‘z minnatdorligini bildiradi.