Qashqadaryoda YPX xodimi haydovchini avtomobildan tushirish uchun unga kuch ishlatdi

Jamiyat 20:41 / 08.07.2022 21712

Telegram-kanallarda tarqalgan videodagi holat Qashqadaryo viloyatida ro‘y bergani aytilmoqda. Hodisa guvohlari tomonidan olingan kadrlarda Nexia-2 rusumli avtomashinaning old o‘rindig‘ida inspektor haydovchini kuch bilan bo‘g‘ayotgani, mashinadan chiqish asnosida uning yuziga tirsagi bilan zarba berganini ko‘rish mumkin.

Voqea joyida to‘plangan odamlar YPX xodimini tartibga chaqirishganidan so‘ng u mashinadan tushadi. Shundagina inspektor haydovchining ustiga chiqib olgani ma’lum bo‘ladi.

Videoda haydovchi mashinani o‘t oldirmoqchi bo‘lganida YPX xodimi yana unga tashlangani, biroq olomon uni mashinadan tortib tushirgani ham aks etgan. Shundan so‘ng haydovchi voqea joyini tark etgan.

Viloyat IIB axborot xizmati ushbu hodisa 7 iyul kuni Ko‘kdala tuman hududidan o‘tuvchi “Yakkabog‘-Sho‘rbozor” avtomobil yo‘lining 69– kilometrida ro‘y berganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, YPX inspektori “Nexia-2” rusumli transport vositasini to‘xtatganda haydovchi mashina hujjatlarsiz boshqarib kelayotganini aniqlagan. Rasmiy xabarda huquqbuzarlik holati tegishli tartibda rasmiylashtirilgach, mashinani jarima maydoniga olib borish zarurati tug‘ilganda, haydovchi YPX inspektori talablariga bo‘ysunmagani ta’kidlanadi.

Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, uning boshqaruvida bo‘lgan avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan.

Viloyat IIB xabarida YPX inspektorining harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, transport vositasini jarima maydoniga olib borish, joylashtirish va saqlash hokimliklar tomonidan tanlab olinadigan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, nizomga asosan, transport vositasini ushlagan davlat organining vakolatli xodimi o‘z vakolatlari doirasida haydovchini transport vositasini boshqarishdan chetlatish yuzasidan zarur xatti-harakatlarni amalga oshirishi belgilangan. Mazkur choralar nimalardan iborat bo‘lishi nizomda aniq belgilanmagan.

Transport vositasini jarima maydoniga olib kelish va saqlash xarajatlarini transport vositasi haydovchisi, egasi yoki egasining vakili to‘laydi. Xarajatlar uchun haq miqdori xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxs tomonidan belgilanadi.

Avvalroq Namanganda jarima maydoniga mashinasini o‘zi haydab ketmoqchi bo‘lgan haydovchiga nisbatan YPX inspektori O.Turg‘unov elektroshoker qo‘llagandi. Kun.uz'ning IIVdagi manbasi xizmatga oid tegishli buyruqda YPX xodimi ushbu holatda elektroshoker qo‘llashga haqli bo‘lmagani, u faqat faol qarshilik paytida qo‘llanishi mumkinligi belgilanganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, qonunbuzar inspektor O.Turg‘unovga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagandi. 

Ko‘proq yangiliklar: