Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumanidagi ko‘chada harakatlanib ketayotgan Nexia-3ni 3-4 ta mashina to‘sib to‘xtatgani, ammo haydovchi o‘zini to‘sgan mashinalarga shikast yetkazib qochib ketgani tasvirlangan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shahrisabz shahar IIB JQB xodimi ariza bilan murojaat qilgan fuqaroning shikoyatini qonuniy tartibda o‘rganmasdan, jabrlanuvchining boshqa bir fuqaroga yer maydoni sotib olish uchun bergan 27 ming va u yerda amalga oshirgan qurilish ishlari uchun sarflagan 13 ming, jami 40 ming dollar pullarini undirib berish evaziga dastlab 4,5 ming dollar olgan. So‘ng yana 6 ming dollar so‘ragan.
Shundan so‘ng fuqaro viloyat huquqni himoya qilish organlariga ariza bilan murojaat qilib, IIB JQB xodimiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Fuqaroning murojaatiga binoan huquqni himoya qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ariza muallifidan 6 ming dollar olgan Shahrisabz shahar IIB JQB xodimi qochib ketishga va daliliy ashyo bo‘lgan pullarni yashirishga uringan.
Ammo u uzoqqa qocha olmagan va tez orada qo‘lga olingan. Uning qochish uchun qilgan xatti-harakatlari jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi.
Qayd etilishicha, hozirda xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.