Huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy. Konstitutsiyaning 1-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish nimani anglatadi?

O‘zbekiston 10:41 / 27.06.2022 14574

Mamlakat asosiy qonuninning 1992 yildan buyon o‘zgarmay kelayotgan 1-moddasi tahririda ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Loyihaning taklif etilayotgan matniga ko‘ra, O‘zbekiston — suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat ekani belgilanmoqda. Xo‘sh, bu o‘zgarishlar amaldagisidan nimasi bilan farq qiladi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tabrigida «Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz», deb huquqiy davlatning muhim talablari haqida ta’kidlab o‘tdi.

Mazkur tabrikda «...hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat», degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi»..., «Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi.

Shu bilan birga, ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir.

Shular qatorida yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan ta’minlanish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi», deb bayon etilgan.

Ushbu qo‘shimcha bilan O‘zbekiston davlatining siyosiy-huquqiy maqomiga yangi uchta, ya’ni «huquqiy davlat», «ijtimoiy davlat» va «dunyoviy davlat» tushunchalari qo‘shimcha qilinmoqda.

Huquqiy davlat – bu demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlat. Qolaversa, qonunlarning butun davlat hududidagi ustuvorligi, xokimiyatlar vakolatining bo‘linishi, shaxs va davlatning o‘zaro ma’sulligi, inson huquqlari va erkinliklarining himoyalanishidir.

Ijtimoiy davlat – bu har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modelidir.

Dunyoviy davlat – davlat hokimiyati va boshqaruvdan din ajratilgan, boshqaruv diniy qoidalar bilan emas, balki fuqarolik qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qliishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlatdir. Shuningdek, hech qanday din va mafkura davlatning majburlov kuchi bilan o‘rnatilmasligini, ularning davlatdan ayri ekanligini tavsiflaydi.

Shuni alohida ta’kidlash zarurki, dunyoviy davlatda din davlatdan va siyosatdan ajratilsa-da, jamiyatdan ajratilmaydi.

Ijtimoiy davlat funksiyalari – bu ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash; ishsizlikka qarshi kurashish; tadbirkorlarga yordam; aholining bandligini va daromadlarini doimiy o‘sishini ta’minlash; ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va ma’naviy-madaniy rivojlanishning qulayligini ta’minlash; jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, imtiyozlarni qayta taqsimlash orqali munosib turmush sharoitini yaratish.

Ijtimoiy davlat belgilari: – bu sifatli ta’lim, malakali va maqbul tibbiy xizmat; ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyot; fuqarolik jamiyatini rivojlanganligi; ijtimoiy davlat dasturlarini ishlab chiqishi va amalga oshirish; davlatning har kimga munosib turmush sharoiti, ijtimoiy ta’minot va shaxsning o‘zini o‘zi anglashi uchun teng boshlang‘ich sharoitlarini ta’minlash maqsadlarini tasdiqlash; fuqarolar oldidagi ijtimoiy mas’uliyat; ijtimoiy sohaga to‘lovlarning yuqori miqdori; ijtimoiy hayotni yaxshi rivojlangan tartibga solish tizimi; budjetdan ijtimoiy to‘lovlarining mavjudligi; ijtimoiy himoya, ijtimoiy ta’minot va bandlik davlat tizimlarining mavjudligi; jamiyatning barcha muhtoj a’zolarini istisnosiz ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning mavjudligi; fuqarolarning farovonlik darajasi uchun davlat tomonidan javobgarlikni qabul qilish.

“Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” IV bobida “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, strategiyaning 43 ta maqsadi bevosita har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasini ko‘tarishga qaratilgan.

“Ijtimoiy davlat” tushunchasi birinchi marta XIX asr o‘rtalarida Lorens fon Shteyn tomonidan ilgari surilgan. U davlat g‘oyasi tenglik va erkinlikni tiklash, kam ta’minlangan sinflarni boy va kuchlilar darajasiga ko‘tarish, davlat “barcha a’zolarining iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini amalga oshirishi, chunki birining rivojlanishi boshqasining rivojlanishining sharti va natijasidir”. Ijtimoiy davlat – umumiy tamoyillari (aralash iqtisodiyot, ijtimoiy muammolarni hal qilishda ishtirok etish va boshqalar) dunyoning iqtisodiy rivojlangan aksariyat mamlakatlarida amalga oshirilgan model.

Ijtimoiy davlat modeli Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvetsiya, Italiya, Belgiya, Daniya, Findlend, Germaniya, Portugaliya, Ispaniya, Avstriya, Gretsiya, Yaponiya, Niderlandy, Shveytsariya, AQSh kabi davlatlarda qo‘llanilmoqda. Huquqiy va dunyoviy davlat tushunchasi Germaniya, Ispaniya, Italiya, SShA, Fransiya kabi davlatlar Konstitutsiyalarda ifodalangan.

Ko‘proq yangiliklar: