AQShda aksilisroil namoyishlar, Ukrainaga $6 mlrdlik qo‘shimcha yordam, Mileyga qarshi argentinaliklar - kun dayjesti

Jahon 13:04 / 26.04.2024 7165

Dunyoda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning kundalik sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda Isroil agressiyasi qurbonlari soni oshishda davom etmoqda.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushning 202-kuniga kelib, qamal qilingan eksklavda o‘ldirilganlar soni 34 ming 305 kishiga, yaradorlar soni esa 77 ming 293 kishiga yetgan.

So‘nggi sutka ichida isroillik harbiylar 5 ta ommaviy qirg‘in uyushtirishgan va unda 43 kishi halok bo‘lgan, 64 kishi yaralangan.

7 oktyabrdan buyon G‘azoda halok bo‘lgan jurnalistlar soni 141 kishiga yetgan.

So‘nggi halok bo‘lgan jurnalist Falastinning «Al-Ann» axborot agentligi xodimi Muhammad Bisam al-Jamol bo‘ldi. U o‘zining Rafahdagi uyiga berilgan Isroil armiyasining aviazarbasi tufayli halok bo‘lgan.

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamandagi isyonchi husiychilarning qurolli kuchlari Adan qo‘ltig‘ida Isroilga tegishli ikkita, Amerikaga tegishli bitta kemaga hujum qilishgani aytilmoqda.

Yamanning husuychilar boshqaruvi ostidagi qismi qurolli kuchlarining vakili, brigada generali Yahyo Sariyaning bayonotiga ko‘ra, to‘rtta operatsiya o‘tkazilgan. Ular Isroilga tegishli MSC Darwin va MSC GINA kemalariga zarba bergan. MSC GINA ikkinchi bor Adan qo‘ltig‘ida husiychilardan zarba yegan.

Shuningdek, Amerikaga tegishli MAERSK YORKTOWN kemasi ham nishonga olingan. Undan tashqari Amerikaning bir harbiy kemasi ham raketa nishoniga aylangani ta’kidlanmoqda.

Kemalarga dengiz raketalari va uchuvchisiz boshqariladigan parvoz qurilmalari bilan zarba berilgan.

Toki G‘azoda o‘t ochish to‘xtatilib, blokada yechilmaguncha husiychilar Qizil va Arabiston dengizlarida, shuningdek, Hind okeanida Isroil kemalarini qamalga olish bo‘yicha o‘z harbiy operatsiyalarini davom ettiraverishi ma’lum qilingan.

Amerikadagi aksilisroil namoyishlar

Amerikaning bir qator shaharlarida talabalar Falastinni qo‘llab, Isroilga qarshi namoyishlar o‘tkazishgan. Talabalar kampuslardagi o‘tloqlarga chodir tikib, o‘tirib olib o‘z noroziliklarini bildirishgan.

Namoyishlar to‘lqini eng mashhur Harvard universitetiga ham yetib borgan. U yerda ham talabalar o‘tirib norozilik bildirishga harakat qilishgan.

Politsiya ushbu namoyishlarni tarqatish uchun kuch ishlatishga majbur bo‘lgani, Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi yuzlab faol talabalar, professor-o‘qituvchilar, hattoki jurnalistlar hibsga olingani ma’lum qilinmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netayahu g‘arb davlatlaridagi universitetlarda Falastinni qo‘llab-quvvatlash darajasi oshib borayotganidan tashvishda ekanini bildirgan.

«Antisemit talabalar to‘dalari yetakchi universitetlarni egallab olishdi. Ular Isroilning yo‘q qilinishini istashadi. Ular yahudiy talabalarga hujum qilishmoqda. Bularning barchasi 1930-yillarda nemis universitetlarida sodir bo‘lgan voqealarni eslatmoqda», — deya bo‘g‘riqqan Netanyahu.

Albatta, u bu noroziliklarga asosiy sabab G‘azodagi tinch aholining qirg‘in qilinayotgani ekani haqida lom-mim demagan.

Ukrainaga yordam

Amerika ertaga Ukraina uchun 6 mlrd dollarlik ulkan yordam paketini e’lon qiladi, deb yozmoqda Politico nashri.

U Havo hujumidan va raketa hujumini qaytaruvchi Patriot tizimlari, artilleriya o‘q-dorilari, uchuvchisiz boshqariladigan parvoz qurilmalari, dronlarga qarshi vositalar, qiruvchi samolyotlarga o‘rnatiladigan «havo-havo» tipidagi raketalardan iborat bo‘ladi.

Bu kuni kecha prezident Bayden tomonidan imzolangan 61 mlrd dollarlik yordam paketidan tashqaridagi alohida yordam bo‘ladi. Qurol-yarog‘lar ishlab chiqaruvchilardan bosqichma-bosqich xarid qilinib yetkaziladi.

Ukrainadagi urush

AQSh Ukrainadagi frontda yaqin haftalar ichida taktik muvaffaqiyatga erishishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu haqda Oq uy vakili Jyeyk Sallivan brifing chog‘ida aytib o‘tgan.

Uning bayonotiga ko‘ra, Ukraina Amerikadan yordam kechikishi oqibatlarini o‘z tanasida his qilib ko‘rgan va bir qator hududlaridan ajralgan.

AQSh Ukrainaga ATACMS taktik raketalarini yetkazib berishda davom etadi, degan Sallivan o‘z bayonotida. Kiyev ushbu raketalardan Ukrainaning o‘zining 1991 yildagi chegaralari doirasida foydalanishga Vashingtonni ishontirgan.

Shuningdek, Pentagon Ukrainaga Qrimdagi nishonlarga zarba berish uchun ATACMS raketalaridan foydalanishga izn berdi, deb yozmoqda The New York Times nashri.

AQSh Mudofaa vazirligi vakili Pentagonda bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida uzoq masofadagi nishonlarga zarba berish qobiliyatiga ega yangi tizimlarning maqsadi ayni paytda Rossiyaning harbiy-havo va quruqlikdagi kuchlari joylashtirilgan va o‘zini birmuncha xavfsiz his qilib turgan Qrimga bosim uyushtirishdan iborat.

Avvalroq AQSh so‘nggi haftalarda Ukrainaga 300 kilometr radiusda harakatlanuvchi ATACMS raketalarini yashirincha yetkazib bergani va o‘tgan haftada Ukraina ularni ilk bor Qrimda qo‘llagani xabar qilingan edi.

Putin Yevropa uchun nolegitim

Yevroparlament Vladimir Putinni Rossiyaning noqonuniy prezidenti deb tan olgan rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiyaga ko‘ra, saylovlar qo‘rquv va qatag‘on muhitida, Ukrainadagi agressiv urush fonida o‘tkazilgan.

Rezolyutsiyada, shuningdek, «Rossiya fuqarolik jamiyati va demokratik muxolifatni faol qo‘llab-quvvatlashi kerakligi» qayd etilgan. Ayblovga Ukrainaning bosib olingan hududlarida ham «saylov» o‘tkazilgani sabab bo‘lgan.

«Parlament Rossiyada va Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida o‘tkazilgan noqonuniy prezidentlik saylovini qoralaydi. 2024 yil 15–17 mart kunlari Rossiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan so‘ng, Yevroparlament a’zolari Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va xalqaro hamjamiyatni ularning natijalarini qonuniy deb tan olmaslikka chaqirmoqda, chunki ular noqonuniy bosib olingan hududlarda o‘tkazilgan. Saylov Ukrainada ham, Rossiyada ham na erkin, na adolatli bo‘ldi», deyiladi bayonotda.

Yevroparlament deputatlariga ko‘ra, bu «bema’ni tomosha»dan ko‘zlangan yagona maqsad Vladimir Putin uchun saylovning qonuniyligi, uning ichki qatag‘on siyosati va eng muhimi, Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi uchun ko‘rinish yaratish edi.

Yevroparlament Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi pozitsiyasidan chekinib, Vladimir Putinni qayta saylangani bilan tabriklaganidan «afsusda» ekanini ham bildirgan.

Rezolyutsiyani 493 nafar deputat yoqlagan, 11 deputat qarshi bo‘lgan, 18 nafari betaraf qolgan.

Argentinada islohotlarga qarshi namoyishlar

Butun Argentina bo‘ylab libertarian prezident Xaviyer Miley tomonidan «falaj qilib davolash» deb atalgan, budjetni qisqartirish bo‘yicha keng siyosat doirasida ta’lim sohasida davlat xarajatlarini keskin qisqartirish qaroriga qarshi eng yirik ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Universitetlar hukumat 2023 yildan farq qilmaydigan 2024 yilgi budjetni tasdiqlagach, favqulodda moliyaviy holat haqida e’lon qila boshlashdi. Mamlakatda bu vaqtda yillik inflatsiya darajasi 240 foizga yaqinlashgan, elektr energiyasiga oylik xarajatlarning oshishi 500 foizga yetgan. Xabar qilinishicha, so‘nggi 4 oyda o‘qituvchilarning daromadlari 35 foizga qisqargan, ayrim xodimlarning maoshi 150 dollargacha tushib qolgan.

Argentinaning yangi yetakchisi o‘z lavozimida faoliyat ko‘rsatishining dastlabki oylarida nafaqat Argentina ichida talabalar va o‘qituvchilarning, shuningdek qo‘shni Janubiy Amerika davlatlarini ham o‘ziga qarshi qilib qo‘ygan. Avvalroq Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro Mileyning mafkurasini «natsistik» deb atagan, Mileyning o‘zini esa qamal qilingan G‘azo sektorida ommaviy qirg‘inlarni amalga oshirayotgan Isroilni qo‘llab-quvvatlagani uchun «laganbardor» deb atagan.

Braziliya ijtimoiy kommunikatsiyalar vaziri Paulu Pimenta esa Argentina prezidenti Braziliya prezidentini haqorat qilgani uchun kechirim so‘rashi kerakligini aytgan. Kolumbiya prezidenti esa Mileyning g‘alabasini «juda taassufli» deb atagan.

Ko‘proq yangiliklar: