“Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
🔹professional konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati;
🔹xalqaro fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) yoki ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ro‘yxati;
🔹davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ustav kapitalidagi aksiya paketlarini (ulushlarini) xususiylashtirish oldi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan ishchi guruhlar (ishchi guruhlar) tarkibi.
Savdo jarayonlarini tashkil etish uchun professional konsultantlar jalb etilishi va davlat ishtirokidagi yirik korxonalar tomonidan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining barqaror ko‘rsatkichlariga erishilishini muvofiqlashtirib borish ishchi guruhlarning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi aksiyador bo‘lgan davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, ishonchli boshqaruvchilarni jalb etish va mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun xalqaro konsultantlar va yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar “UzAssets investitsiya kompaniyasi” AJ tomonidan jalb qilinadi.
2024 yil 1 iyuldan davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda:
🔸korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun kuzatuv kengashiga bo‘ysunadigan korporativ kotibiyat tashkil etiladi;
🔸korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksi joriy etiladi;
🔸kuzatuv kengashining bayonnomalarini masofadan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron ovoz berish byulletenlari orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.