Tadbirda XMTga a’zo 177 davlatdan hukumatlar, ish beruvchilar va ishchilar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro mehnat konferensiyasi doirasida mehnat va bandlik sohasidagi jahon tendensiyalari, aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha strategik maqsadlar muhokama qilindi, ijtimoiy himoyani yaxshilash va mehnatni munosib rag‘batlantirish bo‘yicha tavsiyalar ko‘rib chiqildi.
Xalqaro mehnat konferensiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston vakillari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashib, aholi bandligini oshirish, munosib ish o‘rinlari yaratish va ishchilar ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasi bilan tanishtirdi.
Xususan, vazir Nozim Husanov o‘z nutqida davlatimiz rahbari siyosiy irodasi va qo‘llab-quvvatlashi hamda islohotlarning samarali amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berilganini alohida ta’kidladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan ham faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u O‘zbekiston mehnat bozorini rivojlantirish va munosib mehnat tamoyillarini joriy etish sohasida ushbu islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekistonga ko‘mak ko‘rsatgan.
Shuningdek, vazir N.Husanov butun jahon hamjamiyatiga xalqaro mehnat standartlarini joriy etish, ishsizlarni kasbga o‘qitishni tashkil etish, xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini taqdim etdi. Shu jumladan, inklyuziv mehnat bozorini shakllantirish, munosib mehnatni ta’minlash, mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy muloqotni takomillashtirish, bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy himoya qilish kabi sohalarda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusi rejalar e’lon qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Xalqaro mehnat tashkilotining amaldagi Bosh direktori Gay Rayder va yangi saylangan Bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Gay Rayder bilan uchrashuvda O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga barham berish sohasida erishilgan yutuqlar natijalari muhokama qilindi. Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori mamlakatimiz rahbari boshchiligida mehnat huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samaradorligini yuqori baholadi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti munosib bandlik va ijtimoiy himoya tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha hukumat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturini amalga oshirish, mehnat sohasi ekspertlari malakasini oshirish, shuningdek, “Mehnatni muhofaza qilish va mehnat gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risida”gi 155 sonli va “Mehnatni muhofaza qilish xizmatlari to‘g‘risida”gi 161 sonli konvensiyalarini ratifikatsiya qilishda XMTning texnik ko‘magini jalb qilish bo‘yicha kelshuvlarga erishildi.
O‘z navbatida, navbatdagi uchrashuvlarda Xalqaro mehnat tashkilotining yangi saylangan Bosh direktori J.Ungbo O‘zbekistonni erishilgan misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat bilan tabrikladi va dunyoning har bir davlati uchun O‘zbekistonni namunali davlat sifatidagi mavqeyini mustahkamlash yo‘lida hamkorlikni davom ettirishga umid bildirdi.