Liftning vazifasi ko‘p qavatli uylarda aholining og‘irini yengil qilishdan iboratligi barchaga ma’lum. Undan foydalanish juda oddiy va bir pasda kerakli qavatda bo‘lasiz.
Ammo afsuski, ayrim hamshaharlarimizning liftdan foydalanishdagi munosabati achinarli. Buni shaxsi sir saqlanishini istagan hokimlik tizimidagi korxonalardan birida ishlovchi shaxs tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan videolardan ham ko‘rsa bo‘ladi.
Kadrlar Chilonzor tumani “Ts” mavze 14-uy, shu tumanning Guliston ko‘chasi 50-uy, Sergeli tumanining Qo‘yliq dahasidagi uylarda o‘rnatilgan liftlarning videokameralariga yozib olingani aytilmoqda.
Ularda yosh bolalar “aqlli” liftlarning qavatlari tugmalarini betartib bosib tashlashlari, eshiklariga osilib o‘ynashi, bolakayning lift ichida hojatini chiqargani, o‘smir yigitning temir jism bilan lift tugmalari o‘rnatilgan qismini ko‘chirishga urinayotgani, yoshi katta odamning shunchaki ermak uchun tugmalarni bosayotgani ko‘rinadi.
Hamshaharlarimizni jamoaviy mulk bo‘lmish liftlardan to‘g‘ri foydalanishga, lift buzilishi yuqori qavatda yashovchi, ayniqsa keksa va harakatlanishi cheklangan insonlar uchun katta qiyinchilik tug‘dirishini yodda tutishga chorlab qolamiz.
Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz muxbiri